«Reyxsbyurgerlar» deb gumon qilinganlar terrorchilik uyushmasi tuzish va davlatga xiyonat qilish aktlarini tayyorlash, shuningdek, jiddiy zo‘ravonlik harakatlariga tayyorgarlik ko‘rishda ayblanmoqda.
Germaniya federal prokurorlari hokimiyatni zo‘ravonlik yo‘li bilan egallab olish va Germaniya sog‘liqni saqlash vaziri Karl Lauterbaxni o‘g‘irlab ketishni rejalashtirganlikda gumon qilinayotgan besh nafar «reyxsbyurger»ga ayblov e’lon qildi. Idoraning 23 yanvar, dushanba kuni ma’lum qilishicha, to‘rt erkak va bir ayol terrorchilik uyushmasi tuzish yoki unga a’zo bo‘lish, shuningdek, davlatga xiyonat va Germaniyaga qarshi qaratilgan harakatlarni tayyorlashda ayblanmoqda.
Bundan tashqari, sudlanuvchilarning bir qismi boshqa jinoiy harakatlar, jumladan, og‘ir zo‘ravonlik harakatlariga tayyorgarlik ko‘rish va terrorizmni moliyalashtirishda ayblanmoqda. Ish Koblensdagi Oliy sudga yuborilgan.
2022 yil aprelida to‘rt nafar erkak, oktabr oyida tergov guruh rahbari deb hisoblagan ayol qo‘lga olingan. Ularning barchasi hibsda. Federal prokuratura ma’lumotlariga ko‘ra, guruh «Germaniya imperiyasi namunasidagi avtoritar boshqaruv tizimini» joriy etish maqsadida Germaniyadagi demokratik tuzumni yo‘q qilib, davlat hokimiyatini qo‘lga olishni rejalashtirgan.
Shu maqsadda ular butun Germaniya bo‘ylab elektr tizimlariga ommaviy va barqaror hujumdan boshlab, «fuqarolar urushiga o‘xshash shart-sharoitlarni» yaratmoqchi bo‘lgan. Bundan tashqari, ular Germaniya sog‘liqni saqlash vaziri Karl Lauterbaxni qurol qo‘llagan holda o‘g‘irlab ketishni va shu sharoitdan foydalanib, Berlinda «ta’sis majlisi»ni tashkil etib, hukumatni ag‘darishni rejalashtirgan, deya xabar qilinadi xabarda.
Dekabr oyi boshida zo‘ravonlikka tayyor bo‘lgan va GFR mavjudligini tan olmagan o‘ng qanot radikal harakat a’zolari – «reyxsbyurgerlar»ga qarshi keng ko‘lamli operatsiya o‘tkazilayotgani ma’lum bo‘ldi. Uning davomida kamida 25 kishi o‘ng ekstremistik muhitga mansublikda gumonlanib qo‘lga olingan. Prokuraturaning ta’kidlashicha, «reyxsbyurgerlar» mamlakat konstitutsiyaviy hokimiyatini ag‘darishni rejalashtirgan. Qo‘lga olinganlar orasida Rossiya fuqarosi ham bor.
«Reyxsbyurgerlar» GFRni tan olmaydi va o‘zlarini «Germaniya reyxi» fuqarolari deb biladi. Ular mavjud bo‘lmagan imperiya uchun muqobil «shaxsni tasdiqlovchi kartalar» va «haydovchilik guvohnomalari» yaratadi. Harakat 1980-yillarda paydo bo‘lgan. 2017 yilda Germaniyada uning tarafdorlari soni 16 mingdan oshdi.
Kun.uz
- Qo'shildi: 24.01.2023
- Ko'rishlar: 1584
- Chop etish