Beshta yo‘nalish va yuzta asosiy maqsadni birlashtirgan “O‘zbekiston – 2030" strategiyasi Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish jarayonida orttirilgan boy tajriba hamda keng jamoatchilik muhokamasi asosida ishlab chiqilgani bilan ahamiyatlidir. Shu ma’noda, ushbu dasturulamalni xalqchil, xalqona hujjat desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Soha vakili sifatida ikkinchi asosiy yo‘nalish – “Barqaror iqtisodiy o‘sish orqali aholi farovonligini ta’minlash” bo‘yicha kelgusi yetti yilga mo‘ljallangan vazifalarga to‘xtaladigan bo‘lsam, bunda iqtisodiyot hajmini 2 barobar oshirish orqali “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kirishdek ulkan marra olingani e’tiborga molik. Ya’ni, hujjatda yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga va aholi jon boshiga daromadlarni 4 ming dollarga yetkazish belgilandi.
Albatta, bunga erishish oson bo‘lmaydi. Davlatimiz rahbari inauguratsiya marosimida ta’kidlaganlaridek, bu yo‘lda aniq hisob-kitoblarimiz, real imkoniyatlarimiz bor. Tabiiy boyliklarimiz, mehnat resurslarimiz, intellektual va ma’naviy salohiyatimiz, ish tajribamiz yetarli.
Mamlakatimizning investitsiyaviy jozibadorligini yanada oshirish, qimmatli qog‘ozlar bozorini jadal rivojlantirish, shuningdek, bank tizimidagi islohotlarni jadallashtirish, bank xizmatlari bozori hajmini oshirish va sohada raqobatni rivojlantirish bo‘yicha bir qator ustuvor vazifalar belgilangan bo‘lib, bunda asosan erkin bozor tamoyillariga asoslangandir.
Jumladan, 2030 yilgacha mamlakatimizda 250 milliard dollarlik investitsiya o‘zlashtiriladi. Erkin muomaladagi qimmatli qog‘ozlar savdolari hajmi 8 milliard dollarga, bank va moliya tizimida yillik kreditlash hajmi 40 milliard dollarga yetkaziladi. Bank omonatlari hajmini esa 4 barobarga oshirish belgilandi. Barcha banklar xususiylashtiriladi va davlat ixtiyorida 3-4 ta bank saqlab qolinadi. Moliya bozoriga esa kamida 4 ta yirik nufuzli chet el banklari jalb qilinadi.
Ma’lumki, yurtimizda so‘nggi yillarda dunyo moliyaviy bozorini katta suratlar bilan zabt etayotgan Islomiy moliya tizimiga bo‘lgan qiziqish tobora kuchaymoqda. Chunki mamlakatimiz aholisining qariyb 95 foizini Islom diniga e’tiqod qiluvchilar tashkil qiladi va 15-20 foizga yaqin aholi an’anaviy kreditlash tizimidan foydalanishni xohlamaydilar. Shu bois, yurtimizda ham musulmon bo‘lmagan davlatlarda faol rivojlanayotgan muqobil kreditlash tizimi xizmatidan foydalanishga bo‘lgan ehtiyoj borgan sari muhim ahamiyat kasb etmoqda. Qolaversa, mutaxassislarning qayd etishlaricha, agar O‘zbekistonda ham ushbu tizim to‘la joriy etiladigan bo‘lsa, bu mamlakatga qo‘shimcha yiliga 10 milliard dollargacha investitsiya jalb qilinishini ta’minlaydi.
“O‘zbekiston – 2030" strategiyasida aynan ushbu masala ham e’tiborga olingani ushbu hujjat haqiqatan ham odamlarning xohish-istaklari asosida ishlab chiqilganining yana bir isbotidir. Xususan, kamida 3 ta tijorat banklarida islom moliyasi mezon va tartiblari joriy etiladi va shu asosida islom moliyasining qonuniy asoslari shakllantiriladi.
Shu o‘rinda bugun mamlakatimiz uchun eng og‘riqli masala – “Yashil iqtisodiyot”ga o‘tish, uning asosi bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish ko‘rsatkichlarini keskin oshirish bo‘yicha ham ustuvor vazifalar belgilanganiga alohida to‘xtalish lozim.
Sanoatda “yashil sertifikat”lar bozorini rivojlantirish orqali qayta tiklanuvchi energiya iste’moldagi ulushni 40 foizga yetkazish, shaharlardagi jamoat transportini ekologik toza yoqilg‘iga o‘tkazish, iqtisodiyot tarmoqlarining energiya samaradorligini 2 barobarga oshirish, barcha turdagi energiya resurslari hisobini yuritishni to‘liq raqamlashtirish shular jumlasidandir.
Ta’kidlash lozim, Yangi O‘zbekistonni barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini qurishda asosiy hujjat hisoblanayotgan “O‘zbekiston – 2030" strategiyasining ayrim bandlari ijrosini ta’minlash ishlari allaqachon boshlangan. Davlatimiz rahbarining ushbu hujjatga muvofiq qabul qilingan “O‘zbekiston – 2030" strategiyasini 2023 yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori esa bu boradagi ishlarni yanada faollashtirishga xizmat qilishi shubhasiz.
Jamshid QOSIMOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati
O‘zA
- Qo'shildi: 15.09.2023
- Ko'rishlar: 268
- Chop etish