O‘zbekiston vakili YeXHT Terrorizmga qarshi kurashish maxsus qo‘mitasi doimiy a’zosiga aylandi

O‘zbekiston vakili YeXHT Terrorizmga qarshi kurashish maxsus qo‘mitasi doimiy a’zosiga aylandi

Oliy Majlis delegatsiyasi Varshava shahrida (Polsha) bo‘lib o‘tgan YeXHT Parlament assambleyasi kuzgi sessiyasida ishtirok etdi.

Sessiya doirasida umumiy yalpi majlis, YeXHT PA migratsiya va terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus qo‘mitalari majlislari bo‘lib o‘tdi. Sessiya doirasida YeXHT hududidagi nizolarni bartaraf etish, «yashil iqtisodiyot»ni yanada rag‘batlantirish, inson huquqlarini himoya qilish, saylovlarni tashkil etish sohasida tajriba almashish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.

 YeXHT PA Terrorizmga qarshi kurashish maxsus qo‘mitasi majlisi doirasida qo‘mita yangi doimiy a’zosi senator Ravshan Alimov tanishtirildi. O‘zbekiston vakili ma’ruza qildi. Ravshan Alimov respublikada terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish, qilmishidan afsuslangan shaxslarga manzilli yordam ko‘rsatish va ularni jamiyatga moslashtirish, terroristik faoliyatdan jabrlangan ayollar va bolalarni qutqarish hamda o‘z vataniga qaytarish bo‘yicha «Mehr» dasturlarini amalga oshirish doirasida ko‘rilgan kompleks chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi.
 
O‘zbekiston delegatsiyasi Varshavada bo‘lishi doirasida YeXHT PA vitse-prezidenti, Terrorizmga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus qo‘mita raisi R.Lopatka va assambleya bosh kotibi R.Montella bilan ikki tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvlarda tomonlar mamlakat YeXHT PA doirasidagi hamkorligi bugungi holati va istiqbollarini, assambleya 2023 yildagi yalpi tadbirlariga oid masalalarni muhokama qildi.
 YeXHT PA vakillari o‘zaro hamkorlik darajasini, O‘zbekistonning assambleya doirasidagi faol pozitsiyasini yuqori baholadi hamda ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirishda, fuqarolik jamiyati institutlarini mamlakat fuqarolari manfaatlaridan kelib chiqib mustahkamlashda bundan buyon ham har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini bildirdi.
Kun.uz
Powered by GSpeech