Joriy yilning 26-yanvar kuni Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi a’zolari ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi sudyalar oliy kengashining binosida 2030-yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng targ‘ib qilishga qaratilgan davra suhbati o‘tkazildi.
Tadbirda Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi a’zolari, O‘zbekiston Respublikasi sudyalar oliy kengashi vakillari, sudyalar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Tadbir davomida gender tenglikni ta’minlash, ayollarning ijtimoiy va siyosiy hayotdagi rolini oshirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha ma’lumot berildi.
Xususan, so‘nggi yillarda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan qonunchilik asoslarini takomillashtirish yo‘nalishida 41 ta normativ-huquqiy hujjat (2 ta qonun, Prezidentning 2 ta farmoni va 12 ta qarori hamda hukumatning 25 ta qarori) qabul qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 28-maydagi SQ-297–IV-sonli Qarori bilan tasdiqlangan 2030-yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi doirasida amalga oshirilgan ishlar va shundan kelib chiqib 2023-yilga mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlar dasturi muhokama qilindi.
Mazkur Kompleks chora-tadbirlar dasturi o‘zida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan qonunchilik asoslarini takomillashtirish, davlat xizmati, ta’lim, ilm-fan, sport, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy-iqtisodiy sohalarda teng huquq hamda imkoniyatlar yaratish, tazyiq va zo‘ravonlikning oldini olish, gender jihatlarni hisobga olgan holda budjetlashtirish, gender statistikasi yuritilishini takomillashtirish kabi ustuvor yo‘nalishlarni qamrab olingani ishtirokchilar tomonidan alohida ta’kidlab o‘tildi.
Tadbir so‘ngida Oliy Majlis Senati hamda O‘zbekiston Respublikasi sudyalar oliy kengashining mazkur strategiya ijrosi yuzasidan hamkorligini yanada mustahkamlashga kelishib olindi.
O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senatining
Axborot xizmati
- Qo'shildi: 27.01.2023
- Ko'rishlar: 582
- Chop etish