Yangi tartib ijro hokimiyati faoliyati samaradorligini oshiradi

Yangi tartib ijro hokimiyati faoliyati samaradorligini oshiradi

Ma’lumki, Konstitutsiyaviy qonun loyihasini takomillashtirish ishlari davom ettirilmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ko‘pchilik deputatlarning fikr va takliflari bilan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamalari davom ettirilib, takomillashtiriladigan bo‘ldi.

Loyihada nazarda tutilayotgan ayrim o‘zgarishlar xususida parlament quyi palatasi deputati Mohira Xo‘jayeva quyidagilarni so‘zlab berdi:

— “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasining 21-bob 99-moddasida hokimlarning xalq deputatlari mahalliy Kengashlarga raislik qilmasligiga oid norma o‘z aksini topmoqda.

Amaldagi tartibga ko‘ra, hokimlar bir vaqtning o‘zida ijro hokimiyatiga ham, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarga ham rahbarlik qilar edi. Endilikda hokim faqat ijro hokimiyatiga rahbarlik qilishi belgilanmoqda. Mahalliy Kengashga esa saylangan deputatlar orasidan raislik qilishi mumkinligi mustahkamlanmoqda.

Bu juda to‘g‘ri fikr, o‘rinli talqin qilingan masala. Bo‘linish prinsipi o‘z-o‘zini tiyib turish tamoyilini amalga oshiradi. Ushbu tartibning joriy etilishi ijro hokimiyati faoliyati samaradorligini oshirishga yordam beradi. Bundan tashqari, mahalliy Kengashlar faoliyatiga ham o‘z ijobiy ta’sirini ko‘rsatadi.

Yana bir e’tibor qaratiladigan jihati shundaki, parlament va hukumat, mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlarining o‘zaro munosabatlari qanday bo‘ladi? Bu kabi munosabatlarga ham aniqlik kiritib olish kerak bo‘ladi.

Ijro hokimiyati va Kengashlarning bo‘linishi masalasi Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ham o‘z aksini topgan. Albatta, ushbu masala Bosh qomusimizda mustahkamlab qo‘yilishi Konstitutsiyaviy islohotlarning Taraqqiyot strategiyasiga ham hamohang ekanligini namoyon etadi.

Umuman, Konstitutsiyaviy qonun loyihasida bu kabi normalarni mustahkamlash, loyihani yanada takomillashtirish ishlarining davom ettirilishi puxta va mukammal qomus yaratilishida muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zA muxbiri Muhtarama Komilova yozib oldi

Powered by GSpeech