Bola huquqlari bo'yicha qo'mita

Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mita 18 mustaqil ekspertdan iborat organ bo‘lib, ishtirokchi–davlatlar tomonidan Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning bajarilishini nazorat qiladi. Qo‘mita, shuningdek, Bolalarni qurolli mojarolarga jalb qilish va Bolalarni sotish, bolalar fohishaligi va bolalar pornografiyasi to‘g‘risidagi Konvensiyaning uchta Fakultativ Protokollarining bajarilishini nazorat qiladi. Barcha ishtirokchi-davlatlar konvensiya qoidalarini amalga oshirilishi bo‘yicha Qo‘mitaga muntazam ravishda hisobot berib boradilar. Ishtirokchi-davlatlar Konvensiyaga qo‘shilganidan keyin ikki yil o‘tgach, dastlabki hisobotlarni, so‘ngra har besh yilda bir marta davriy hisobotlarni taqdim etishlari shart. Qo‘mita taqdim etilgan har bir hisobotni o‘rganib chiqib, ishtirokchi-davlatga “yakuniy mulohazalar” shaklida o‘z fikr va tavsiyalarini beradi.

Qo‘mita, shuningdek, Konvensiyaning birinchi ikkita Fakultativ Protokoliga qo‘shilgan davlatlar tomonidan taqdim etiladigan, bolalarni qurolli mojarolarga jalb qilish va bolalarni sotish, bolalar fohishaligi va bolalar pornografiyasiga oid dastlabki hisobotlarni ko‘rib chiqadi. Bundan tashqari, Qo‘mita ishtirokchi-davlatlar tomonidan Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya va uning ikkita Fakultativ Protokollari buzilganligi haqidagi shaxsiy shikoyatlarni hamda Konvensiya va uning uchta Fakultativ Protokollarida mustahkamlangan huquqlarning jiddiy va muntazam ravishda buzilishi holatlari bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazishi mumkin. Qo‘mita Jenevada yiliga uch marta majlis o‘tkazadi, bu uch haftalik yalpi majlis va bir haftalik ishchi guruhning dastlabki sessiyasini o‘z ichiga oladi.

2021 yil dekabr holatiga ko‘ra Konvensiyada 196 ta davlat ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi mazkur Konvensiyaga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1992-yil 9-dekabrdagi 757-757-XII-sonli “Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilish haqida”gi qaroriga muvofiq qo‘shilgan. Konvensiya O‘zbekiston Respublikasi uchun 1994 yil 29 iyuldan kuchga kirgan.

O‘zbekiston Respublikasi 2008 yil 11 dekabrda Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga doir bolalar savdosi, bolalar fohishabozligi va bolalar pornografiyasiga taalluqli Fakultativ protokolni, 2008 yil 12-dekabrda Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga doir, bolalarning qurolli mojarolarda ishtirokiga taalluqli Fakultativ protokolni ratifikatsiya qilgan.

“Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya” qoidalarining bajarilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining 1999 yilda dastlabki, 2005 yilda ikkinchi davriy, 2010 yilda uchinchi va to‘rtinchi davriy, 2019 yilda beshinchi davriy hisobotlari BMTning bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasiga topshirilgan.

2022 yil sentyabr oyida “Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya” qoidalarining bajarilishi yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining beshinchi davriy hisoboti Qo‘mitaning 91-sessiyasida ko‘rib chiqildi.

Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitaning 91 sessiyasida O‘zbekiston Respublikasining Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini bajarilishi yuzasidan Beshinchi davriy hisobotini ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan taklif va tavsiyalarini taqdim etdi.

2024 yil 21 fevral kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining “Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekistonning Beshinchi davriy ma’ruzasi yuzasidan BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi tavsiyalarini amaliyotga tatbiq etish to‘g‘risida”gi qo‘shma qarori qabul qilindi.

Powered by GSpeech