Inson huquqlari sohasida ta'lim

Inson huquqlari sohasida ta'lim

Inson huquqlari sohasida ta'lim – bu inson huquqlari bo'yicha bilim, ko'nikma va dunyo qarashni shakllantirish orqali inson huquqlari umumiy madaniyatni yaratishga yo'naltirilgan tizim va maqsadli xarakatlar.

Inson huquqlarini faqat inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha bilim va ko'nikmalarni tarqatish orqali amalga oshirish mumkin. Inson huquqlari bo'yicha ta'lim barcha insonlarni o'z huquqlari va boshqalarning ham huquqlarini himoya qilishga undaydigan qadriyatlar, e'tiqod va munosabatlarni ilgari suradi. U har bir shaxsning har qanday jamiyatda inson huquqlarini hayotda amalda bo'lishidagi umumiy mas'uliyatini haqidagi tushunchani rivojlantiradi.

Inson huquqlari bo'yicha Oliy komissar Boshqarmasi “Inson huquqlari sohasidagi ta'lim bo'yicha milliy xarakatlar rejalari”ni ishlab chiqdi. Ushbu rahbariy tamoyillar davlatlarga Inson huquqlari sohasidagi ta'lim bo'yicha Milliy xarakatlar rejalarini ishlab chiqishda yordam berishga mo'ljallangan.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 17 yanvardagi PF-5635-sonli Qarori bilan tasdiqlangan 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Xarakatlar strategiyasiga muvofiq “Faol investitsiya va ijtimoiy rivojlanish yili” Davlat dasturida “BMTning Inson huquqlari sohasida o'qitish va tayyorlash to'g'risidagi Deklaratsiyasini amalga oshirish bo'yicha Milliy xarakat dasturini ishlab chiqildi.

Inson huquqlari sohasida o'qitish va tayyorlash to'g'risidagi BMT Deklaratsiyasini amalga oshirish bo'yicha Milliy xarakat dasturi Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan ishlab chiqilgan va O'zbekiston parlamenti tomonidan tasdiqlangan.

Inson huquqlari bo'yicha Milliy markaz huzurida davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari xodimlari uchun Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilish sohasida kadrlar malakasini oshirish bo'yicha o'quv kurslari tashkil qilindi. Sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbar xodimlarining inson huquqlari sohasidagi malakasini oshirish bo'yicha “Inson qadr-qimmati – eng oliy qadriyat” maxsus o'quv moduli ishlab chiqildi. Mazkur modul asosida 2020 yil noyabr` – 2021 yil yanvar` oylarida 40 ta vebinar tashkil etilib, jami 400 nafardan ortiq rahbar xodimlar o'qitildi.

Mazkur vebinarlarga 9 nafar xalqaro toifadagi mutaxassis jalb qilindi. Shuningdek, Markaz tomonidan turli yo'nalish va bosqichlardagi ta'lim muassasalari uchun “Inson huquqlari” fani bo'yicha o'quv dasturlari tayyorlangan. 2020 yilda ilk bor tashkil etilgan “Raqamli iqtisodiyot, inson huquqlari sohasida ta'lim va tadqiqotlar” mavzusidagi tanlovda 12 nominatsiya bo'yicha qatnashgan 80 ta ishtirokchi orasidan g'oliblar taqdirlandi. Adliya vazirligi tomonidan “bolahuquqi.uz – Bola huquqlari portali” huquqiy, mantiqiy, interaktiv va ko'ngilochar portal ishlab chiqildi. Bosh prokuratura Akademiyasida “Inson huquqlari bo'yicha xalqaro huquq” magistratura yo'nalishi ochildi.

Shu munosabat bilan, inson huquqlari bo'yicha ta'lim sohasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida 2021 yil 7 iyun` kuni O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “O'zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi Jahon ta'lim dasturining to'rtinchi bosqichini amalga oshirish bo'yicha Milliy komissiyani tashkil etish to'g'risida”gi F-5664 sonli farmoyishi qabul qilindi. Mazkur farmoyishga muvofiq Milliy komissiya zimmasiga xalqaro shartnomalar normalari va standartlari, BMTning huquqni himoya qiluvchi tuzilmalari tavsiyalari hamda o'zbek jamiyatining tarixiy, milliy va madaniy qadriyatlarini inobatga olgan holda, inson huquqlari sohasidagi Milliy ta'lim dasturini ishlab chiqish yuklatildi.

Shu negizda, xalqaro hujjatlar doirasida mamlakatimiz zimmasiga olgan majburiyatlarni, shuningdek pandemiya va uning oqibatlari natijasida yuzaga kelgan tahdidlar va muammolarni inobatga olib, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasida belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirish maqsadida yangi yondashuvlarni, yangi metodologiyalarni va amaliyotni aks ettirgan inson huquqlari bo'yicha ta'limni tashkil etish masalasi kun tartibiga qo'yilmoqda.

Hozirda Markaz tomonidan O'zbekiston Respublikasida Jahon ta'lim dasturining to'rtinchi bosqichini amalga oshirish bo'yicha Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta'lim dasturi loyihasi ishlab chiqilgan bo'lib, ushbu hujjat davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari hamda xalqaro hamkorlar bilan birgalikda takomillashtirilmoqda.

Quyidagi havola orqali inson huquqlari bo'yicha interaktiv kurslar joylashtirilgan veb-sahifaga o'tishingiz mumkin: ecourse.nhrc.uz

Powered by GSpeech