Fuqarolik va siyosiy huquqlar

Fuqarolik va siyosiy huquqlar

Shaxsiy huquqlar – bu subyektning ajralmas huquqlari bo'lib, inson tug'ilgandan vujudga keladigan va u tomonidan bevosita amalga oshiriladigan, shuningdek ijtimoiy taraqqiyot jarayonida inson tabiatidan kelib chiqadigan oliy ijtimoiy qadriyat yoki ehtiyojlardan biriga bo'lgan talabni qondiradi.

Shaxsiy huquq va erkinliklar insonni uning shaxsiy erkinligi sohasiga har qanday aralashuvni, jumladan davlat tomonidan aralashuvni ham himoya qilishga qaratilgan bo'ladi.

O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida quyidagi shaxsiy huquq va erkinliklar keltirib o'tilgan:

- yashash huquqi (24-modda);

- erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqi (25-modda);

- sha'ni va obro'siga qilingan tajovuzlardan, shaxsiy hayotiga aralashishdan himoyalanish va turar joyi daxlsizligi huquqi (27-modda);

- yozishmalar va telefonda so'zlashuvlar maxfiyligini ta'minlash huquqi (27-modda);

- erkin harakatlanish, yashash joyini tanlash huquqi (28-modda);

- fikr va so'z erkinligi huquqi (29-modda);

- ma'lumotlar olish huquqi (29-modda);

- vijdon va e'tiqod erkinligi huquqi (31-modda).

Siyosiy huquq va erkinliklar insonning mamlakat hayoti va uni boshqarish ishlariga faol jalb etilishiga qaratilgan. Ular inson va jamiyat, fuqaro va jamiyat o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlash
uchun sharoitlar yaratadi.

O'zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida quyidagi siyosiy huquq va erkinliklar mustahkamlab qo'yilgan:

- jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirok etish huquqi (32-modda);

- yig'ilishlar, mitinglar va namoyishlar, yurishlar va piketlar o'tkazish huquqi (33-modda);

- kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish huquqi (34-modda);

- vakolatli davlat organlari, muassasalari yoki xalq vakillariga ariza, taklif va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqi (35-modda).

Powered by GSpeech