Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish bo'yicha «YO'L XARITASI»ning ijrosi yuzasidan MA'LUMOT

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 22 iyundagi PF-6012-son Farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasining 5-bo‘limi 2-qismi 1-bandiga muvofiq, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalarning amalga oshirilishi yuzasidan 2024 yil 5 yanvar holatidagi monitoring natijalariga ko‘ra quyidagilar ma’lum qilinadi.

  1. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning jami 78 bandidan 67 bandi (85%) bo‘yicha ijro muddati yakunlangan, shundan 6 band bo‘yicha ijro muddati uzaytirilgan, 63 band (81 %) bo‘yicha ishlar bajarilgan, 1 band (1 %) nazoratdan yechilgan, 14 bandni (18 %) amalga oshirish bo‘yicha doimiy ishlar davom etmoqda. Shuningdek, “Yo‘l xaritasi”ning 11 bandi muddati yakunlanmagan.
  2. 2023 yilda Milliy strategiya doirasida 10 ta qonun, 7 ta Prezident farmon va qarorlari hamda 5 ta Vazirlar Mahkamasining qarorlari qabul qilindi.
  3. “Yo‘l xaritasi”ning 4-bandi ijrosini ta’minlash doirasida 2023 yil davomida davlat organlarining tegishli xodimlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillarining inson huquqlari sohasidagi malakasini oshirish maqsadida “Qiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba”, “Nelson Mandela qoidalarining asosiy tamoyillari va jazoni ijro etish muassasalarida qiynoqlar, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini oldini olish”, “Ozodlikdan mahrum etish joylarida jinsiy va genderga asoslangan zo‘ravonlikning oldini olish va unga qarshi kurashish”, “Ayollar huquqlarini himoya qilishda xalqaro va milliy mexanizmlar“ “Inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosati va mazkur sohada xalqaro majburiyatlarning bajarilishi masalalari”, “Inson huquqlariga rioya etish va uni himoya qilishning xalqaro standartlari: amaliyot va hisobot” mavzularida onlayn va oflayn formatdagi o‘quv kurs va treninglar hamda inson huquqlari bo‘yicha interaktiv kurslar tashkil etilib,  jami 1050 nafar xodimlar malakasi oshirildi.
  4. Yo‘l xaritasi”ning 6-bandi ijrosini ta’minlash doirasida 2023 yil yil davomida Respublikamizning axborot-kutubxonalari markazlari, maktab hamda qator oliy ta’lim muassasalari kutubxonalariga jami 2620 ta inson huquqlariga oid adabiyot va 650 ta huquqiy jurnallar beg‘araz taqdim etildi. Bundan tashqari, 2023 yil davomida Respublikamizning 10 ta viloyatidaQiynoqqa solishga qarshi kurashish: xalqaro amaliyot va milliy tajriba” mavzusida bo‘lib o‘tgan o‘quv mashg‘uloti tinglovchillariga 2 200 ta kitob taqdim etildi.

Shuningdek, Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarga oid to‘plamni davlat tilida chop etilishini ta’minlash maqsadida Milliy markaz tomonidan 2023 yilda 14 ta to‘plamlar chop etildi.

5. “Yo‘l xaritasi”ning 18-bandi ijrosini ta’minlash doirasida 2023 yil 16 iyunda “Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonuni qabul qilindi. Ushbu Qonun bilan davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladigan ishlar ro‘yxatiga fuqarolik, ma’muriy va ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni kiritish orqali fuqarolarning bepul yuridik yordam olish imkoniyatlari kengaytirildi.

Ushbu qonun asosida kam ta’minlangan shaxslar, xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqliligi buzilgan shaxslar hamda psixiatriya yordami ko‘rsatilayotgan shaxslarga ochiq va shaffof bepul yuridik yordam ko‘rsatish imkoniyatlari kengaytirildi.

6. “Yo‘l xaritasi”ning 20-bandi ijrosini ta’minlash doirasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 21 dekabr “Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat tamoyillarini keng joriy etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-210-sonli farmoni imzolandi.

Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya etib qayta tashkil qilindi. Shuningdek, Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy ma’ruzachi instituti ta’sis etildi.

7. “Yo‘l xaritasi”ning 24-bandi ijrosini ta’minlash doirasida 2023 yil davomida inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalarning bajarilishi yuzasidan BMT  inson huquqlari bo‘yicha ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalariga O‘zbekiston Respublikasining 4 ta milliy ma’ruzalar taqdim etildi:

  • Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya qoidalarini amalga oshirish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining dastlabki milliy ma’ruzasi;
  • Inson huquqlari bo‘yicha ma’ruzalarning tarkibiy qismi bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasining umumiy asosiy ma’ruzasining yangi tahriri;
  • Universal davriy hisobot doirasida O‘zbekiston Respublikasining to‘rtinchi milliy ma’ruzasi (2023 yil 8-10 noyabr kunlari ko‘rib chiqildi);
  • Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashga qarshi konvensiya bajarilishi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Oltinchi milliy ma’ruzasi.

2022 yil 31 avgust – 1 sentyabr kunlari BMTning Bola huquqlari bo‘yicha qo‘mitasining 91-sessiyasida O‘zbekistonning Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya bajarilishi yuzasidan Beshinchi milliy ma’ruzasi ko‘rib chiqildi. Qo‘mitaning yakuniy mulohazarida ko‘rsatib o‘tilgan tavsiyalarni amalga oshirish yuzasidan Milliy harakatlar rejasi loyihasini ishlab chiqilib, Inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlar bajarilishini ta’minlash bo‘yicha Parlament komissiyasiga tasdiqlash uchun taqdim etildi.

8. 2023 yil 13-15 mart kunlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Folker Tyurk rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ldi. Ushbu tashrifning bosh maqsadi O‘zbekistonda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganish, bu boradagi islohotlarning qat’iyligiga bevosita ishonch hosil qilish va o‘zaro hamkorlikning hozirgi holati natijadorligini tahlil etgan holda, istiqboldagi ishlarning asosiy yo‘nalishlarini belgilab olishdan iborat bo‘ldi.

Shuningdek BMT Oliy komissari mamlakatimizda barcha jabhalarda amalga oshirilayotgan islohotlarni yanada jadallatirish maqsadida o‘zining bir qator taklif va tavsiyalarini berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2023 yil 10 iyundagi BMT inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining O‘zbekistonga tashrifi yakunlari yuzasidan tavsiyalvrni amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi tasdiqlash to‘g‘risida”gi 32- IV/QQ -521 - IV-sonli qo‘shma qarori qabul qilindi.

2023 yil 17-19 aprel kunlari Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo va inson huquqlari bo‘yicha maxsus vakillari T.Xakala va I.Gilmor boshchiligidagi delegasiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi. Janob I.Gilmor so‘nggi yillardagi o‘zgarishlardan olgan taassurotlari haqida batafsil so‘z yuritdi. Jumladan, Yevropa Ittifoqi Inson huquqlari bo‘yicha maxsus vakili tomonidan O‘zbekistonning bolalar va majburiy mehnatga barham berish borasidagi yutuqlari, yangilanayotgan Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, fuqarolik jamiyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan normalar aks ettirilayotgani yuksak baholandi.

 

2023 yilning 11-15 noyabr kunlari Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (EXHT) Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktori Matteo Mekachchi boshchiligidagi delegasiya a’zolarining O‘zbekistonga tashrifi amalga oshirildi.

M.Mekachchi O‘zbekistonda inson huquqlari sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni ijobiy baholab, O‘zbekistonda saylov qonunchiligi va amaliyotini takomillashtirish bo‘yicha konstruktiv hamkorlikni davom ettirishdan manfaatdor ekanliklarini ta’kidladi.

9. Yo‘l xaritasi”ning 31-bandi ijrosini ta’minlash maqsadida BMTning Inson huquqlari nuqtai nazaridan tadbirkorlik faoliyatining asosiy tamoyillarini amalga oshirish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasi loyihasi ishlab chiqildi. Mazkur loyiha 20 dan ortiq vazirlik va idoralar bilan kelishildi.

Milliy harakatlar rejasi (“Yo‘l xaritasi”) loyihasi Oliy Majlisning Inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari bajarilishini ta’minlash bo‘yicha Parlament komissiyasiga (04-713-sonli xat) ko‘rib chiqish va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashining va Senat Kengashining qo‘shma qarori bilan tasdiklash uchun kiritildi. 2023 yil 11 oktyabr  Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ushbu Milliy harakatlar rejasi loyihasining muhokamasi bo‘lib o‘tdi.

10. “Yo‘l xaritasi”ning 39-bandi ijrosini ta’minlash doirasida amalga oshirilgan ishlar natijasida 2022 yil 10 mart kuni paxtadan tayyor mahsulotlar ishlab chiqaruvchi va ular bilan savdo qiluvchi jahondagi yetakchi kompaniyalarni birlashtiruvchi Cotton Campaign koalitsiyasi O‘zbekistonda majburiy va bolalar mehnati batamom bartaraf etilganligini tan olib, O‘zbekiston paxtasiga qo‘yilgan boykotni bekor qildi.

2023 yil 26 sentyabrdan 31 oktyabrgacha paxta yig‘im-terimi mavsumida terimchilar uchun shart-sharoit yaratilishi, bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanmaslik yuzasidan Milliy monitoring tashkil etildi.

Monitoringlar O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Savdo-sanoat palatasi, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasiga a’zo bo‘lgan fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirokida o‘tkazildi. 

Monitoringni tashkil etish maqsadida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan hududiy monitoring guruhlari tuzildi. Kelib tushgan murojaatlarni tezkorlik bilan ko‘rib chiqish maqsadida 10-92 qisqa raqamli “Ishonch telefoni”, internet saytlar, telegramm ijtimoiy tarmog‘i imkoniyatlaridan keng foydalanildi.

Kasaba uyushmalari tomonidan 200 ta banner tayyorlanib, respublikamizning barcha hududlaridagi tuman, shahar markazlariga o‘rnatilib, korxona, tashkilot, muassasalar hamda odam gavjum bo‘ladigan joylarga esa 10 ming dona poster joylashtirildi va mehnatkashlar hamda aholi vakillariga 200 mingta flaerlar tarqatildi.

Shuningdek xalqaro hamjamiyat, ayniqsa ushbu sohadagi xalqaro tashkilotlar mamlakatimizda sohada olib borilayotgan islohotlarni kuzatish bilan bir qatorda monitorinlar ham olib bormoqda.

Xususan, Paxta barqarorligini ta’minlash bo‘yicha xalqaro dastur — Better Cotton O‘zbekistonda 2023 yilda o‘tkazilgan monitoring natijalarini e’lon qildi. Unda O‘zbekistonda tizimli majburiy mehnat holatlari aniqlanmagani qayd etilgan.  Monitoringda 7 ta viloyatdagi 12 fermer xo‘jaligida 1 000 dan ortiq ishchilar bilan yarim tizimli suhbatlar o‘tkazildi, bu esa joylarda mehnat bilan bog‘liq vaziyatning xilma-xil va chuqur o‘rganish imkoniyatini berdi.

Shu o‘rinda, 2023 yil 26 sentyabr kuni AQSh Mehnat vazirligi bolalar mehnatining eng yomon shakllari bo‘yicha hisobotida (TDA Report)  davlat tomonidan bolalar mehnatining eng yomon shakllarini bartaraf etish qaratilgan sa’y-harakatlar samaradorligi bo‘yicha O‘zbekiston ketma-ket ikkinchi yil «sezilarli taraqqiyot»ning eng yaxshi toifasiga kirganini alohida qayd etish lozim.

Baholashda bolalar mehnatining eng yomon shakllarini taqiqlovchi qonunlar va me’yoriy hujjatlar, murojaatlarni ko‘rib chiqish va bunday huquqbuzarliklarni tekshirishning huquqni muhofaza qilish hamda institutsional mexanizmlari, bolalarning mehnatga jalb etilishining oldini olishga qaratilgan ijtimoiy dasturlarning amalga oshirilishi, shuningdek, bolalar mehnatining eng yomon shakllari va bu boradagi davlat siyosatining samaradorligi hisobga olingan.

11. Yo‘l xaritasi”ning 68-bandi ijrosini ta’minlash hamda mamlakatimizda inson huquqlari sohasidagi ta’limni yanada takomillashtirish, shuningdek, Inson huquqlari sohasidagi Jahon ta’lim dasturining to‘rtinchi bosqichida belgilangan vazifalarni samarali va o‘z vaqtida amalga oshirish maqsadida 2023 yil 7 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida Inson huquqlari sohasidagi Milliy ta’lim dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi PQ-46-son qarori qabul qilindi.

Milliy ta’lim dasturini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” 7 ta yo‘nalish, 30 ta banddan iborat bo‘lib, bugungi kunga qadar 10 ta band (33,3) bajarilgan,  14 ta band (47%) bajarilmoqda, 5 ta bandi (16,6%) to‘liq bajarilmagan, 1 ta bandi (3,3%) bajarilmagan.

2023 yilda Milliy ta’lim dasturini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlar doirasida quyidagi ishlar amalga oshirildi.

- 2023 yil 20-28 fevral kunlari “Inson huquqlari” haftaligi o‘tkazilib, oliy va umumta’lim muassasalarida 50 ga yaqin seminar, davra suhbati, mahorat darslari, videokonferensiya va uchrashuvlar o‘tkazildi.

- Professional va oliy ta’lim uchun “Inson huquqlari”, “Ayollar huquqlari”, “Bola huquqlari” bo‘yicha tegishlicha o‘quv kurslar dasturi ishlab chiqildi, tasdiqlandi hamda 2023/2024 o‘quv yilidan boshlab professional va oliy ta’lim tizimida joriy etildi;

- 2023 yil 29 iyul hamda 5,12 va19 avgust kunlari “Odil sudlovni amalga oshirishda inson huquqlarini ta’minlash” mavzusidagi 4 haftalik yozgi maktabni tashkil qildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlar sudi hamda prokuraturalarining 60 nafar xodimlari ishtirok etdi;

- 2023 yilda Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari bo‘yicha  5ta  seminar-trening va davra-suhbatlari tashkil etildi.

- Milliy markaz, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida 2023  yil 15 avgust kuni “Inson huquqlari - kelajak avlodlar uchun” mavzusida o‘quvchi va talabalar o‘rtasida yozgi maktab tashkil etildi;

- 2023 yil 16 avgust kuni Migrantlar huquqlari bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari xodimlari uchun o‘quv kurslari tashkil qilinib,  100 nafar xodimlar tinglovchi sifatida qatnashdi.

12. “Yo‘l xaritasi”ning 73-bandi ijrosini ta’minlash doirasida “Xalqaro mehnat tashkilotining “Ishlayotgan ayollar va erkaklar uchun teng munosabatlar va teng imkoniyatlar: oilaviy majburiyatlarga ega ishchilar to‘g‘risida”gi 156-son Konvensiyasini (Jeneva, 1981 yil 23 iyun) ratifikatsiya qilish haqidagi” qonuni loyihasi (ID-79011) ishlab chiqilib, tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishildi. Mazkur qonun loyihasi yuzasidan Adliya vazirligida huquqiy ekspertizadan o‘tkazilib, belgilangan tartibda 2023 yil 15 sentyabrda Vazirlar Mahkamasiga kiritildi.

Xalqaro mehnat tashkilotining “Haq to‘lanadigan ta’tillar to‘g‘risida”gi 132-son Konvensiyasini va xorijiy tajribani chuqur tahlil qilgan holda undagi xalqaro standartlar va normalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish masalasi o‘rganilib, natijalari yuzasidan 2023 yil 22 sentyabrda Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritildi.

13. “Yo‘l xaritasi”ning 74-bandini amalga oshirish doirasida 2023 yil 23 oktyabr kuni Toshkent shahrida “Yoshlar huquqlari: imkoniyatlar va himoya qilish mexanizmlari” mavzusidagi  xalqaro forum tashkil etildi.

Xalqaro forumni o‘tkazishdan asosiy maqsad, avvalo, yoshlar huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish uchun xalqaro hamda mintaqaviy vosita va mexanizmlarning qo‘llanilishi sohasini xolis tahlildan o‘tkazishdan iborat bo‘lib, bu borada yoshlar huquqlari va imkoniyatlarini himoya qilish mexanizmlarining samaradorligini oshirish bo‘yicha atroflicha o‘zaro fikr almashildi.

 Forumda milliy va xorijiy ekspertlar, Markaziy Osiyo mamlakatlari yoshlar tashkilotlari yetakchilari, yoshlar parlamentlari, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari, shuningdek, yoshlar huquqlari bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari –onlay va oflayn shaklda jami 850 nafar ishtirokchi qatnashdi. 

Powered by GSpeech