Mahkumlar huquqlari

O‘zbekiston Respublikasida mahkumlarning huquqlari yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va Jinoyat-ijroiya kodeksida ko‘rsatib o‘tilgan.

Konstitutsiyaning 29-moddasida “Jinoyat uchun hukm qilingan har kim qonunda belgilangan tartibda hukmning yuqori turuvchi sud tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi huquqiga, shuningdek afv etish yoki jazoni yengillashtirish to‘g‘risida iltimos qilish huquqiga ega” ekanligi kafolatlangan.

Konstitutsiyaning 33-moddasiga ko‘ra, har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega.

34-moddada esa, “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har kim xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi” deb belgilab qo‘yilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksining 9-moddasida mahkumlarning asosiy huquqlari ko‘rsatilgan bo‘lib, unga ko‘ra, mahkumlar quyidagi huquqlarga ega:

jazoni o‘tash tartibi va shartlari to‘g‘risida, o‘z huquqlari va majburiyatlari haqida axborot olish (bu huquqlar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasining «Axborot olish kafolatlari va erkinligi to‘g‘risida»gi va «Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida»gi qonunlarida alohida ko‘rsatib o‘tilgan);

jazoni ijro etuvchi muassasa yoki organ ma’muriyatiga, boshqa davlat organlari va jamoat birlashmalariga o‘z ona tilida yoki boshqa tilda taklif, ariza va shikoyatlar bilan murojaat etish ( O‘zbekiston Respublikasi «Davlat tili haqida»gi Qonunining 14-moddasi, O‘zbekiston Respublikasi «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi (yangi tahriri) Qonunining 15 va 16-moddalari);

o‘z taklif, ariza va shikoyatlariga murojaat etilgan tilda javob olish. Murojaat etilgan tilda javob berishning iloji bo‘lmagan taqdirda javob O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida beriladi. Javobni intizomiy qismga jo‘natish va ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxs murojaat etgan tilga tarjima qilib berish jazoni ijro etuvchi muassasa yoki organ tomonidan ta’minlanadi;

tushuntirish berish hamda yozishmalar olib borish, zarur hollarda tarjimonning shu jumladan surdotarjimonning xizmatidan foydalanish;

o‘quv, badiiy va boshqa xil axborot materiallaridan foydalanish;

sog‘lig‘ini saqlash, shu jumladan tibbiy xulosaga ko‘ra ambulatoriya-poliklinika va statsionar sharoitda tibbiy yordam olish («O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslarning tibbiy-sanitariya ta’minoti bo‘yicha qoidalar» (№3159, 20.05.2019 y.)da batafsil ko‘rsatilgan).

ob-havo sharoiti yo‘l qo‘ysa, ishdan bo‘sh vaqtida toza havoda jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish;

jazoni ijro etish muassasasining psixologik xizmat ko‘rsatish xodimlari tomonidan ko‘rsatiladigan psixologik yordamni olish. Ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning psixologik yordam ko‘rsatish bilan bog‘liq tadbirlarda ishtirok etishi faqat ularning roziligi bilan amalga oshiriladi;

mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq xavfsiz mehnat sharoitiga ega bo‘lish, dam olish, ta’tilga chiqish, shuningdek mehnatiga haq to‘lanishi;

ijtimoiy ta’minot, shu jumladan qonunchilikka muvofiq pensiya olish (O‘zbekiston Respublikasi «Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida»gi Qonunining 62-moddasi).

Mahkum ajnabiy fuqarolar shuningdek o‘z davlatlarining diplomatiya vakolatxonalari va konsullik muassasalari bilan, O‘zbekiston Respublikasida diplomatiya va konsullik muassasalari bo‘lmagan mamlakatlarning fuqarolari esa, ularning manfaatlarini himoya qilishni o‘z zimmasiga olgan davlatning diplomatiya vakolatxonalari bilan aloqa qilib turish huquqiga ega.

Ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan va uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar sodir etganligi uchun ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan mahkumlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatlari saylovlarida hamda referendumda ishtirok etish huquqiga ega.

Mahkumlarning huquqlarini ro‘yobga chiqarish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-ijroiya kodeksi va boshqa qonunchilik bilan belgilanadi.

Kodeksning 10-moddasida hamda O‘zbekiston Respublikasining “Advokatura to‘g‘risida”gi qonunida mahkumlarning advokatlardan malakali yuridik yordam olish huquqiga ega ekanligi ko‘rsatilgan.

Jazoni va jinoyat-huquqiy ta’sir ko‘rsatishning boshqa choralarini ijro etuvchi muassasalar hamda organlarning vakolatli mansabdor shaxsi sudning hukmlari, ajrimlari va qarorlarini qayta ko‘rib chiqishda, shuningdek ularni ijro etish bilan bog‘liq masalalarni hal qilishda davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokatning «Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq ishtirok etishini davlat hisobidan yuridik yordam olish huquqiga ega bo‘lgan mahkumning iltimosiga ko‘ra ta’minlash choralarini ko‘rishi shart. Boshqa hollarda mahkum davlat hisobidan yuridik yordam olish uchun «Davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida  ko‘rsatilgan maxsus vakolatli davlat organiga murojaat qilishi mumkin.

Yuridik yordam olish uchun advokatlar bilan xoli uchrashuvlar mahkumlarga ularning arizasiga yoki advokatning iltimosnomasiga ko‘ra beriladi.

Advokat bilan uchrashuvni mahkumning o‘zi rad etganligi sababli advokatning mahkum yuridik yordam olishi uchun u bilan uchrashuv berilishi to‘g‘risidagi iltimosnomasini qanoatlantirish rad etilganligi advokat mahkum bilan xoli suhbatlashganidan keyin tasdiqlanishi kerak, bu haqda bayonnoma tuzilib, u mahkum, advokat va jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyatining vakili tomonidan imzolanadi.

Mahkumlarning advokatlar bilan uchrashuvlari JIKda belgilangan uchrashuvlar soni hisobiga kirmaydi, bunday uchrashuvlar soni va muddati cheklanmaydi.

Yuridik yordam ko‘rsatilayotganda advokat quyidagi huquqlarga ega:

jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyatining, prokurorning, sudning harakatlari va qarorlari ustidan shikoyat berish;

jazoni ijro etish muassasasi ma’muriyatidan ma’lumotnomalar, tavsifnomalar va boshqa hujjatlarni so‘rab olish.

Mahkumlarning advokatlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.

Shuningdek, Kodeksning 11-moddasida ko‘rsatilishicha, mahkum shaxsiy xavfsizlik huquqiga ega.

Intizomiy qismga jo‘natishga yoki ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxsning shaxsiy xavfsizligiga tahdid yuzaga kelgan taqdirda, u o‘z shaxsiy xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risidagi ariza (xabar) bilan jazoni ijro etish muassasasining yoki organining har qanday xodimiga og‘zaki yoki yozma ravishda murojaat qilishga haqli. Mahkumning arizasini (xabarini) qabul qilgan xodim zudlik bilan uni jazoni ijro etish muassasasining yoki organining boshlig‘iga taqdim etadi.

Mahkumning shaxsiy xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risidagi arizasi (xabari) mahkumlarning shaxsiy xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risidagi arizalarini (xabarlarini) qayd etish kitobida jazoni ijro etish muassasasining yoki organining mas’ul shaxsi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Jazoni ijro etish muassasasi yoki organi boshlig‘i shaxsiy xavfsizlikni ta’minlash to‘g‘risidagi arizani (xabarni) olgandan so‘ng mahkumni xavfsiz joyga vaqtinchalik joylashtirishi shart.

Jazoni ijro etish muassasasi yoki organi boshlig‘i shaxsiy xavfsizlikni ta’minlash to‘g‘risidagi arizani (xabarni) ko‘rib chiqadi va mahkumga nisbatan xavfsizlik choralarini qo‘llash to‘g‘risida yoxud ularni qo‘llashni rad etish haqida uch sutka ichida qaror qabul qiladi. Kechiktirib bo‘lmaydigan hollarda mahkumga nisbatan xavfsizlik choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi qaror darhol qabul qilinadi.

Mahkum qabul qilingan qaror bilan imzo qo‘ydirib tanishtiriladi.

Xavfsizlik choralarini qo‘llash to‘g‘risidagi yoki ularni qo‘llashni rad etish haqidagi qaror ustidan yuqori turuvchi organga, prokurorga yoki sudga shikoyat qilinishi mumkin. Shikoyat berilgan paytdan e’tiboran yigirma to‘rt soat ichida ko‘rib chiqilishi lozim.

Jazoni ijro etish muassasasi yoki organi boshlig‘i mahkumning xavfsizligini ta’minlash maqsadida «Jabrlanuvchilarni, guvohlarni va jinoyat protsessining boshqa ishtirokchilarini himoya qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining Qonunida belgilangan xavfsizlik choralarini qo‘llaydi.

Xavfsiz joyga o‘tkazilgan mahkum jazoni bu yerga o‘tkazilguniga qadar belgilangan saqlash sharoitlarida o‘taydi.

Asosiy Qonunda belgilab qo‘yilgan inson shaxsiy huquq va erkinliklaridan kelib chiqib, Kodeksning 12-moddasi mahkumlarning vijdon erkinligini ta’minlashga qaratilgan.

Unga ko‘ra, mahkumlarga vijdon erkinligi kafolatlanadi. Ular har qanday dinga e’tiqod qilishga yoki hech qanday dinga e’tiqod qilmaslikka haqli.

Ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni o‘tayotgan shaxslar huzuriga, ularning iltimosiga ko‘ra, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tgan diniy birlashmalarning ruhoniylari taklif etiladi. Mahkumlarga diniy rasm-rusumlarni ado etishga, ibodat uchun kerakli narsalardan va diniy adabiyotlardan foydalanishga ruxsat etiladi.

Diniy rasm-rusumlarni ado etish ixtiyoriy bo‘lib, bu narsa jazoni ijro etuvchi muassasaning ichki tartib qoidalarini buzmasligi, shuningdek boshqa shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini kamsitmasligi lozim.

Powered by GSpeech