Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi inson huquqlari sohasidagi O'zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarish bo'yicha davlat organlari va boshqa tashkilotlarning o'zaro hamkorligini, milliy ma'ruzalar tayyorlanishini, inson huquqlarini himoya qilish bo'yicha xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni kengaytirishni ta'minlovchi davlat organi hisoblanadi
Markaz O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 1996 yil 31 oktyabrdagi Farmoniga muvofiq tashkil etilgan. Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyati samaradorligini oshirish va inson huquqlari sohasidagi O'zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlarini bajarishning ta'sirchan tizimini yaratish maqsadida 2018 yil 10 dekabrda O'zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori qabul qilindi.
Inson huquqlari sohasida ilmiy-huquqiy bazaning tizimli shakllantirilishini tashkil etish, BMTning Inson huquqlari bo'yicha Kengashida O'zbekiston Respublikasining a'zoligini samarali amalga oshirish doirasida 2022 yil 25 marta O'zbekiston Respublikasi Prezidenti «Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi faoliyatining moddiy-texnika ta'minotini yanada yaxshilash to'g'risida»gi Qarorini imzoladi.
Markaz o'z vakolatlarini barcha davlat organlari va tashkilotlar, ularning mansabdor shaxslaridan mustaqil ravishda amalga oshiradi.