Xalqaro mehnat tashkilotining (XMT) asosiy faoliyati xavfsiz va sog'lom mehnat kontseptsiyasiga asoslangan va mehnatni muhofaza qilish ushbu tashkilotni tashkil qilishning asosiy sabablaridan biri edi. Vaqt o'tishi bilan, XMT mazkur muammoni hal qilishga boshqacha yondasha boshladi. Bugungi kunga kelib, mehnat muhofazasiga tegishli hujjatlarnin qabul qilish orqali mehnat muhofazasini tashkil etish XMT faoliyatida asosiy o'rinni egallamoqda. Hozirgi vaqtda XMT da muhim deklaratsiyalar bilan birga 40 dan ortiq mehnat muhofazasi sohasidagi maxsus hujjatlar mavjud.

XMTning tashabbusi bilan 2003 yildan buyon 28 aprel – Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni sifatida keng nishonlab kelinyapti. XMT tomonidan ushbu kunning ta'sis qilinishiga sabab butun dunyoda ish joylarida baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklarining oldini olishga ko'maklashishdir. Dunyoning barcha davlatlarida mehnat muhofazasi bilan shug'ullanuvchi tashkilot va muassasalar mazkur kunga bag'ishlab turli tadbirlarni tashkil qiladilar.

Munosib mehnat muhofazasini tashkil qilishning asosini mehnat munosabatlari sohasidagi davlat siyosati tashkil etadi. Bunda ularni tartibga solishga qaratilgan milliy qonunchilik yetakchi o'rinni egallaydi.

Mehnatni muhofaza qilish bo'yicha belgilangan barcha tadbirlar O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O'zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi, O'zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to'g'risidagi qonun”i (yangi tahriri) hamda boshqa qonunosti hujjatlari bilan tartibga solinadi.

Bugungi kunda mamlakatimizda munosib mehnat muhofazasini ta'minlashga qaratilgan yetarlicha mehanizm shakllantirilgan. Ish beruvchi va xodimlarning mehnatni muhofaza qilish talablarini bajarish bo'yicha mas'uliyatini oshirish, shu jumladan, ishlab chiqarishda sodir bo'lgan baxtsiz hodisa holatlari bo'yicha o'z vaqtida tekshirish o'tkazish, mehnatni muhofaza qilish talablari ijrosini nazorat qiluvchi davlat organining ko'rsatmalarini belgilangan muddatlarda bajarishni ta'minlash, mehnatni muhofaza qilish bo'yicha tadbirlarni yetarlicha moliyaviy ta'minlash,  mehnat sharoitlari va muhofazasi bo'yicha tegishli nazoratni ta'minlash va boshqalar davlat siyosatining asosiy yo'nalishlaridan hisoblanadi.

Mehnat kodeksining 211-moddasiga ko'ra, barcha korxonalarda xavfsizlik va gigiena talablariga javob beradigan mehnat sharoitlari yaratilgan bo'lishi kerak. Bunday sharoitlarni yaratib berish ish beruvchining majburiyatiga kiradi. Mehnat kodeksining 30 dan ortiq moddasi mehnat muhofazasi masalalariga bag'ishlangan.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 2 martdagi

“2017 — 2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini «Ilm, ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to'g'risida”gi PF-5953-sonli farmoni bilan tasdiqlangan Davlat dasturining 193-bandida mehnat munosabatlari va mehnatni muhofaza qilishga oid qonunchilikni takomillashtirish hamda mehnat bozori infratuzilmasini rivojlantirish bo'yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish belgilangan. Unda normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish va quyidagilarni nazarda tutish belgilangan:

xavfsiz mehnat sharoitlarida ishlash huquqini ta'minlash;

mehnatni muhofaza qilish sohasidagi xizmatlar bozori professional ishtirokchilarining soddalashtirilgan akkreditatsiya tizimini tashkillashtirish;

professional ishtirokchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;

barcha mehnat organlari xodimlari, korxona va tashkilotlarning kadrlar bo'limi mutaxassislariga Yagona milliy mehnat tizimi»da ishlashni o'rgatish bo'yicha seminar-trening o'tkazish;

«Yagona milliy mehnat tizimi» mamlakat hududida barqaror ishlashi uchun Samarqand shahrida zaxira server uskunasini joylashtirish;

Xalqaro Mehnat Tashkiloti tavsiyalari asosida davlat mehnat inspektsiyasi faoliyatini takomillashtirish;

norasmiy mehnat munosabatlarini rasmiylashtirish, mehnat sohasidagi shikoyat va nizolarni hal qilish, mehnat muhofazasini ta'minlash va majburiy mehnat bilan kurashish bo'yicha olib borilayotgan ishlarni kuchaytirish;

Birlashgan Arab Amirliklari Inson resurslari vazirligi bilan hamkorlikda ishchilarning mehnat munosabatlari sohasidagi ariza va shikoyatlarini ko'rib chiquvchi ixtisoslashtirilgan turg'un va mobil «Mehnat M» markazlarini tashkil qilish.

Har yili Butunjahon mehnatni muhofaza qilish kuni turli shiorlar bilan o'tkaziladi. Shiorlar har yili o'zgarib turadi, ularning barchasi ish joylarida xavfsizlikni ta'minlash va odamlarning hayotini saqlab qolish bilan bog'liq (xavfsiz ish joylarini yaratish, shikastlanishlar sonini kamaytirish, zararli moddalar bilan ishlashda xavfsizlikni yaxshilash va boshqalar). Masalan, o'tgan 2019 yilda Butunjahon mehnatni himoya qilish kunining shiori: “Mehnatni muhofaza qilish va mehnatni muhofaza qilish sohasining kelajagi” edi. 2020 yil uchun Butunjahon mehnatni himoya qilish kunining shiori – “Mehnat sohasida zo'ravonlik va haqorat”. Ushbu shior ishchilar sog'lig'i va xavfsizligi, shuningdek, tashkilotning samaradorligi va obro'siga jiddiy va doimiy tahdid soladigan ish joyidagi zo'ravonlik va tazyiq muammosiga bag'ishlangan. 2019 yil iyun oyida XMTning 100 yilligi arafasida Xalqaro mehnat tashkiloti tomonidan qabul qilingan Zo'ravonlik va tazyiq to'g'risidagi konventsiya (190-sonli) va unga ilova qilingan Tavsiyalar (№ 206) ishda zo'ravonlik va zo'ravonlikni taqiqlash va oldini olishga chaqiradi.

Ushbu hujjatlarga muvofiq, ish joyidagi zo'ravonlik zararli va xavfli ishlab chiqarish omillari sifatida tasniflanadi. Zo'ravonlik, xodim yoki ish beruvchining jismoniy kuch yoki boshqa vositalardan foydalanib, boshqa shaxsga zarar etkazish, jarohat olish yoki o'limga qaratilgan qasddan qilingan harakatlaridir.

Hozirda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashda hukumatlar, ish beruvchilar, ishchilar jamiyatning tobora ortib borayotgan muammolarini e'tirof etgan holda, Butunjahon mehnat muhofazasi kuni ish joylarida yuqumli kasalliklarning, xususan, COVID-19 pandemiyasining tarqalishiga qarshi kurashga bag'ishlanishi ayni muddao.

Dunyo bo'yicha ba'zi mamlakatlarda COVID-19 tarqalishi va boshqa mamlakatlarda infektsiyani oldini olish bo'yicha profilaktika ishlari kuchayib bormoqda. Hukumat, davlat organlari va ish beruvchilar pandemiya yetkazishi mumkin bo'lgan zararning oldini olish yoki kamaytirish uchun harakat qilmoqdalar.

Yuzaga kelgan tanglikdan pandemiyaning ish joylarida avj olishining oldini olish va nazorat qilish alohida ahamiyatga ega ekanligini bilib oldik. Ish joyida mehnatni muhofaza qilish bo'yicha tegishli choralarni qo'llash kasallik tarqalishining oldini olishda hal qiluvchi rol o'ynashi mumkin, shu bilan birga ishchilarni va umuman jamiyatni himoya qiladi. Hukumat, ish beruvchilar va ishchilar uyushmalari COVID-19 bilan bog'liq inqirozni bartaraf etishda muhim rol o'ynaydi va bunda ularning hamkorligi asosiy omil hisoblanadi.

O'zbekiston Respublikasida aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi va xavfsizligini ta'minlash, koronavirus infektsiyasi tarqalishining oldini olishda mutasaddi davlat va xo'jalik boshqaruvi organlari hamda tashkilotlarning muvofiqlashtirilgan faoliyatini tashkil etish, fuqarolarning hayoti va sog'lig'ini muhofaza qilish maqsadida bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 19-martdagi “Koronavirus pandemiyasi va global inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta'sirini yumshatish bo'yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to'g'risida”gi PF-5969-sonli farmoni shular jumlasidandir. Mazkur farmonda koronavirus pandemiyasi tufayli xodimlarga yetishi mumkin bo'lgan zararning oldini olish yoki kamaytirish maqsadida bir qator choralar belgilangan. Jumladan:

koronavirus infektsiyasi bilan zararlanishi yoki zararlangan deb gumon qilinishi munosabati bilan karantinga joylashtirilgan ota-onalar (ular o'rnini bosuvchi shaxslar, vasiylar, homiylar), shuningdek, ularning 14 yoshgacha bo'lgan bolasini parvarish qilayotgan shaxslarga o'rtacha oylik ish haqining 100 foizi miqdorida vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik nafaqasi to'lanadi;

koronavirus infektsiyasi bilan zararlangan yoki karantinga joylashtirilgan, shuningdek, 14 yoshga to'lmagan bolaning ota-onasi (uning o'rnini bosuvchi shaxslar, vasiylar, homiylar) bo'lgan xodimlar bilan mehnat shartnomalarini ish beruvchining tashabbusi bilan bekor qilish taqiqlanadi;

14 yoshgacha bolalari bo'lgan oilalarga nafaqa, bola ikki yoshga to'lgunga qadar bola parvarishi bo'yicha nafaqa va moddiy yordam oluvchilar sonini 2020 yil 1 apreldan boshlab 10 foizga oshiriladi;

tibbiyot, sanitariya-epidemiologik va boshqa xodimlar koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish tadbirlariga jalb qilinadigan davrda ularning oylik lavozim maoshiga 6 foiz miqdorida har kunlik qo'shimcha to'lovlar joriy qilindi;

Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan va o'z faoliyatini to'xtatgan maktabgacha, umumiy o'rta, o'rta maxsus va oliy ta'lim muassasalari, sport va madaniyat muassasalari xodimlarining ish haqlarini o'z vaqtida to'lab berilishini ta'minlanishi;

aholiga vaqtincha mehnatga qobiliyatsizlik to'g'risidagi hujjatlarni taqdim etishning soddalashtirilgan tizimini tashkil etish hamda jismoniy shaxslarning mol-mulk solig'i va yer solig'ini to'lash muddatini uzaytirish choralarini ko'rish va boshqalar.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23-martdagi “Koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi 176-sonli qarorida pandemiya sharoitida ishchilarning sog'ligi va hayotini asrash bo'yicha quyidagi choralar nazarda tutildi:

Birinchirdan, O'zbekiston Respublikasi hududida barcha ko'ngilochar ob'ektlar, shu jumladan tungi klublar, diskoteka, restoran, kafe, oshxona, choyxona, spa va massaj salonlar, karaoke, bil`yard zallari, chilim (kal`yan) markazlari va komp`yuter o'yinlari xizmatini ko'rsatuvchi tadbirkorlik faoliyati to'xtatildi;

Ikkinchidan, davlat oliy ta'lim muassasalarida, umumiy o'rta, o'rta maxsus, maktabdan tashqari va maktabgacha ta'lim muassasalarida hamda barcha nodavlat ta'lim tashkilotlarida ta'lim jarayonlari to'xtatildi;

Uchinchidan, davlat idoralari va tashkilotlarida fuqarolar va tadbirkorlik sub'ektlari vakillarini qabul qilish hamda ularga davlat va boshqa xizmatlarni ko'rsatish imkon qadar «onlayn» rejimga o'tkazildi;

To'rtinchidan, idoraviy bo'ysunuvi va tashkiliy-huquqiy shaklidan qat'i nazar barcha tashkilotlarning asosiy ish faoliyatiga ta'sir etmagan holda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda xodimlarni mehnat ta'tiliga chiqarish, qolgan qismining mehnat faoliyatini maksimal darajada masofadan turib («onlayn» rejimda yoki masofaviy tarzda) tashkil etish choralari ko'rildi;

Beshinchidan, barcha turdagi korxona yoki muassasalarga tashrif buyuruvchi shaxslarni faqat tibbiy niqob va tibbiy vositalarni qo'llagan holda kiritish tartibini majburiy joriy etildi;

Oltinchidan, ish joylarida xodimlarning tana haroratini o'lchash va tana harorati yuqori bo'lgan xodimlarni ish joyida bo'lishiga yo'l qo'ymaslik hamda ushbu xodimlar to'g'risida sog'liqni saqlash organlariga zudlik bilan xabar yetkazish tartibi joriy etildi;

Yettinchidan, davlat sanitariya nazorati organlarining talabnomasiga muvofiq koronavirus infektsiyasini yuqtirgan xodim bilan muloqotda bo'lganlar haqida darhol ma'lumot berish, kasallangan shaxs bo'lgan joylarni dezinfektsiyadan o'tkazish choralarini ko'rish;

Sakkizinchidan, xodimlarga izolyatsiya rejimida bo'lishga oid talablarga rioya etishda rahbarlarning ko'maklashishi lozimligi  nazarda tutilgan.

Ushbu qarorda nazarda tutilgan vazifalar ijrosi yuzasidan barcha tashkilotlarda xodimlar xodimlarni mehnat ta'tiliga chiqarildi yoki masofadan turib ishlash rejimiga o'tkazildi. Mazkur munosabatlar esa O'zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2020 yil 28 martdagi “Karantinga oid choralar amal qilishi davrida xodimlarni masofaviy ish usulida, moslashuvchan ish grafigida yoki uyda ishlashga o'tkazishning vaqtinchalik tartibi to'g'risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 3228-sonli buyrug'i bilan tartibga solinadi.    

Unda masofaviy ish, moslashuvchan ish grafigida yoki uyda ishlash tushunchalariga izoh berilgani holda, bunday ishga o'tkazilganda mehnatiga haq to'lash, ish rejimi, mehnat ta'tillari, ish vaqtining davomiyligi, xodimning mehnat majburiyatlarini amalga oshirish uchun zarur bo'lgan jihozlar va/yoki texnika vositalaridan foydalanish tartibi, elektron hujjat almashish yo'li va boshqa masalalar nazarda tutilgan.

Tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari koronavirus infektsiyasi tarqalishining oldini olish, aholi salomatligi va sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta'minlashda jonbozlik ko'rsatishmoqda. Ularning moddiy ta'minotini kuchaytirish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 26-martdagi “Koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashishga jalb qilingan tibbiyot va sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlarini qo'llab-quvvatlashga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi PQ-4652-sonli qarori chiqdi.

Unda koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish ishlariga jalb etilgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarni qo'shimcha ijtimoiy va moddiy qo'llab-quvvatlash maqsadida Koronavirus infektsiyasidan zararlangan bemorlar bilan muloqotga kirishadigan, zararlangan bemorlar joylashtirilgan ob'ektlarda hamda koronavirus infektsiyasini aniqlash laboratoriyalarida faoliyat olib borayotgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga har 14 kunlik faoliyat davri uchun quyidagi miqdorlarda (soliqlardan tashqari) maxsus qo'shimcha rag'batlantirish to'lovi belgilandi:

vrach xodimlarga, vrach-laborantlarga — 25 million so'm;

o'rta tibbiyot xodimlariga, hamshira-laborantlarga — 15 million so'm;

kichik tibbiyot xodimlariga — 10 million so'm;

boshqa xodimlarga — 5 million so'm;

koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish doirasida bemorlar bilan ishlagan vaqtida koronavirus infektsiyasi yuqtirib olgan tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga to'lanadigan bir martalik to'lov – 100 million so'm;

koronavirus infektsiyasi tarqalishiga qarshi kurashish doirasida bemorlar bilan ishlagan vaqtida koronavirus infektsiyasini yuqtirish natijasida og'ir ahvolga tushgan va sog'lig'i tiklanmagan taqdirda tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati va boshqa xodimlarga yoki ularning oila a'zolariga to'lanadigan bir martalik to'lov – 250 million so'm.

Ayni paytda mamlakatimizda pandemiyaning oldini olish eng ustuvor vazifa bo'lib qolayotganiga qaramasdan, mehnatni muhofaza qilish sohasidagi ishlar to'xtab qolayotgani yo'q. COVID-19 pandemiyasi dunyoning ko'plab davlatlarini, shu jumladan, mamlakatimizni qat'iy choralar ko'rishga majbur qildi, bemorlar yoki bemorlar bilan aloqada bo'lgan odamlarning karantinga olinishi, transport vositalari harakatining cheklanishi yoki ko'plab korxona va muassasalarning yopilishi va boshqalar shular jumlasidand. Ushbu choralar ba'zi ishchilarni ish joylariga yetib borish imkoniyatidan mahrum qiladi. Shu sababli karantin choralariga duch kelgan ishchilarni ish bilan ta'minlash va ijtimoiy himoya qilish uchun qo'shimcha harakatlar talab etildi. Hukumat tomonidan shunday og'ir sharoitda ishchilarning ijtimoiy himoyasi borasida amalga oshirilayotgan  yuqorida sanab o'tilgan va boshqa islohotlar fikrimiz dalilidir.

Rustam Atovulloev
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi xodimi

Powered by GSpeech