Ayol borki, olam munavvar!

Xalqaro xotin-qizlar bayramining kelib chiqish tarixi haqida so‘z yuritganda, avvalambor, 1908 yil 8 mart kuni Nyu-Yorkda 15 ming nafar ayol kunlik ish vaqtini qisqartirish, ish haqini oshirish va ovoz berish huquqini talab qilib, namoyish o‘tkazganini esga olish lozim bo‘ladi. AQShning aksariyat shtatlarida ayollar bunday huquqlarga 1920 yilda, ya’ni AQSh Konstitutsiyasiga 19-tuzatish qabul qilinganidan so‘ng erishgan.

            O‘shanda amerikalik ayollar namoyishi butun dunyoga ovoza bo‘lgan. Keyingi yili AQSh Sotsialistik partiyasi fevral oyining oxirgi yakshanbasini “Mehnatkash ayollar kuni” deb belgilashni taklif qilgan.

         1910 yil 27 avgust kuni Kopengagenda bo‘lib o‘tgan Ikkinchi xalqaro ayollar konferensiyasida Germaniya sotsial-demokratik partiyasining taniqli arbobi Klara Setkin nutq so‘zlab, Yevropada Shimoliy Amerikadagi kabi ayollar huquqlari uchun norozilik namoyishlarini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan. Butun dunyo ayollari o‘zlarining siyosiy va ijtimoiy muammolarini hal etish maqsadida bir vaqtning o‘zida miting va namoyishlar o‘tkazishlari uchun Xalqaro xotin-qizlar kunini nishonlash ham taklif etilgan.

Bu g‘oyani 17 davlatdan kelgan yuzga yaqin ishtirokchi bir ovozdan qo‘llab-quvvatlagan. Shu tariqa 1911 yilda Xalqaro xotin-qizlar bayrami ilk bor Germaniya, Avstriya-Vengriya, Daniya va Shveysariyada nishonlangan. Ammo, Xotin-qizlar bayrami uchun dastlab turli mamlakatlarda turlicha sanalar, xususan, 2, 9, 12 va 19 mart, shuningdek, 2 va 12 may kunlari tanlangan.

            Shuni alohida ta’kidlash kerakki, 1975 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi 8 martni hayotning barcha sohalarida ayollar erishgan yutuqlarni nishonlash va tengsizlik asoratlariga qarshi norozilik bildirish kuni deb e’lon qildi. Xalqaro xotin-qizlar kunini maqsadli nishonlash uchun 2020 yilda “Men tenglik avlodiman: ayollar huquqlarini amalga oshirish”, 2021 yilda esa “Rahbarlik lavozimidagi ayollar: COVID-19 davrida adolatli kelajakka erishish” mavzulari belgilab olindi.             Xalqaro xotin-qizlar kunining ramziy rangi sifatida ko‘pincha qadr-qimmat va adolatni anglatuvchi binafsha rang e’tirof etiladi. Shuningdek, 1908 yilda Britaniya ayollari ijtimoiy va siyosiy ittifoqi tomonidan tenglik uchun kurash ramzi sifatida umid timsoli bo‘lmish yashil, poklik timsoli bo‘lmish oq ranglar ham taklif qilingan.            8 mart bayrami dunyoning turfa mamlakatlarida turlicha nishonlanadi. Mazkur kun Rossiyada davlat bayramidir. Xitoyda ushbu sanada ayollar uchun ish kuni sakkiz soat o‘rniga to‘rt soatni tashkil qiladi, biroq Xitoy Xalq Respublikasi Davlat kengashining bu tavsiyasi qonun emas va ba’zi ish beruvchilar unga amal qilmaydi.             Italiyada esa ayollarga 8 mart kuni mimoza gullari beriladi. Bu odat Ikkinchi jahon urushidan ko‘p o‘tmay Rimda paydo bo‘lgan. Qo‘shma Shtatlarda mart oyi – Ayollar tarixi oyidir. Har yili shu sanada Prezident amerikalik ayollarning yutuqlari va hissalarini e’tirof etuvchi bayonot bilan chiqadi.

         Yurtimizda ushbu bayramni turli tadbir va konsertlar, ayollarni qo‘llab-quvvatlashga oid loyihalar, ijodiy tanlovlar o‘tkazish orqali keng nishonlash an’anaga aylangan. Jumladan, har yili Xalqaro xotin- qizlar kuni arafasida Zulfiya nomidagi davlat mukofotini topshirish marosimi bo‘lib o‘tadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning 2021 yilgi qarori bilan mazkur davlat mukofoti komissiyasi Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi qoshidagi jamoatchilik asosida faoliyat olib boradi. Zulfiya nomidagi davlat mukofoti maktab, litsey, kollej va oliy o‘quv yurtlarida a’lo xulqi, zukkoligi, donoligi, tashabbuskorligi, o‘qishdagi muvaffaqiyatlari bilan alohida iste’dodini namoyon qilib ta’lim olayotgan, Vatan ravnaqi uchun o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelayotgan, 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan iqtidorli qizlarga adabiyot, madaniyat, san’at, fan, ta’lim sohalaridagi alohida yutuqlari uchun topshirib kelinmoqda.

O‘zbekistonda ayollarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor tufayli 2020 yilda mamlakatimiz parlamenti xotin-qizlar soni bo‘yicha dunyodagi 190 ta parlament orasida 37-o‘ringa ko‘tarildi. Ayollar soni Qonunchilik palatasida deputatlar umumiy sonining 32 foizini, Senatda esa 25 foizini tashkil etib, bu orqali O‘zbekiston tarixida ilk marotaba milliy parlamentda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetishiga erishildi.

         Prezidentimiz tomonidan ayollarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash uchun davomiy ravishda keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda. Xususan, “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalqimizning farovonligini yanada oshirish maqsadida qabul qilingan, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida bu borada ham ustuvor vazifalar belgilab olindi.

2026 yilga qadar malakali tibbiy va ta’lim xizmatlari, munosib yashash sharoitlari bilan ta’minlashni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish, ehtiyojmand aholini ijtimoiy nafaqa va moddiy yordam bilan to‘liq qamrab olish, kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy yordam va xizmatlarni ijtimoiy shartnoma asosida taqdim etish, “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimida yordamga muhtoj ayollar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar bo‘yicha alohida ma’lumotlar bazasini yaratish, “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ni “Ijtimoiy himoya yagona reestri” bilan integratsiya qilish shular jumlasidandir.

         Joriy yil Xalqaro xotin-qizlar kuni arafasida – 1 martda Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga ko‘tarish va ayollarning jamiyatdagi o‘rnini yanada yuksaltirish va mustahkamlash, shuningdek, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, oilaviy zo‘ravonlikning oldini olish, gender tenglikni qaror toptirishga qaratilgan muhim chora-tadbirlar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

         Davlatimiz rahbari raisligidagi yig‘ilish boshida ko‘p ming yillik davlatchiligimiz tarixida buyuk namoyandalar, mohir sarkarda va siyosatchi ota-bobolarimiz yonida hamisha oqila, jasur va fidoyi momolarimiz ham yuksak aql-zakovati bilan mamlakat ravnaqiga munosib hissalarini qo‘shib kelganlari ta’kidlandi.

         «Donishmand xalqimiz hamisha ayollarni e’zozlab yashagan, xotin-qizlarga yuksak ehtirom ko‘rsatib yashash el-yurtimizga xos azaliy qadriyatga aylangan. Buni muqaddas Qur’oni karimning eng katta suralaridan biri — «Niso», ya’ni «Ayollar» deb atalishi ham tasdiqlaydi. Alloh taolo ushbu surada insonlarni ayollarga adolatli munosabatda bo‘lishga da’vat etadi», — dedi Sh.Mirziyoev.

         Prezidentimiz bugungi farovon hayotimiz ham, yorug‘ kelajagimiz ham albatta oila va jamiyatning ustuni, hayotimizning fayzi va ko‘rki bo‘lgan ayollarga bog‘liq ekanligini e’tirof etar ekan, ayollarning salomatligini tiklash va ularga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ham qator tadbirlar amalga oshirilishini ma’lum qildi. Jumladan, 2022 yilda:

         - 2021 yilga nisbatan 5 baravar ko‘p, ya’ni qo‘shimcha 6 ming nafar ayollarga yuqori texnologik tibbiy yordam ko‘rsatiladi va bunga 100 milliard so‘m yo‘naltiriladi;

         - respublika bo‘yicha 10 mingdan ziyod nogironligi bo‘lgan xotin-qizlar reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlanadi;

          - 3 million nafar xotin-qiz onkologik skriningdan o‘tkaziladi, buning uchun byudjetdan 40 milliard so‘m mablag‘ ajratiladi;

         - 2022-2025 yillarda 227 ta tug‘ruq kompleksi hamda 46 ta tumanlararo perinatal markazlari to‘liq ta’mirlanadi va jihozlanadi;

         - 9-12 yoshdagi o‘smir qizlarni odam papillomasi virusiga qarshi emlash va boshqa 12 turdagi vaksinalar uchun 200 milliard so‘m ajratiladi;

         - tug‘ish yoshidagi, homilador va bola parvarishidagi ayollarni dori va vitaminlar bilan bepul ta’minlash ko‘lami kengaytirilib, mablag‘lar hajmi 30 milliard so‘mdan 100 milliard so‘mgacha oshiriladi.

         Ta’lim tizimida ham xotin-qizlarga yanada keng imkoniyatlar yaratiladigan bo‘ldi:

         - yangi o‘quv yilidan boshlab magistraturada o‘qiyotgan qizlarning kontrakt pullari to‘liq byudjetdan qoplab beriladi (23 ming nafar qizlarga 200 milliard so‘m);

         - har yili 50 nafar qizlar nufuzli xorijiy oliygohlarga bakalavr va 10 nafari magistraturaga yuboriladi;

         - har bir viloyatda ehtiyojmand oila vakillari, ota yoki onasini yo‘qotgan 150 nafar qizlarning (jami 2,1 ming nafar) ta’lim kontrakti mahalliy byudjetdan to‘lab beriladi;

         - yosh farzandi bor talaba-qizlarga masofaviy o‘qishga sharoit yaratiladi;

          - doktorantura yo‘nalishida xotin-qizlar uchun har yili kamida 300 tadan maqsadli kvota ajratiladi.

         Davlatimiz rahbari sohadagi muammoli masalalarga ham to‘xtalib, “Bu borada hali ko‘p ishlar qilishimiz zarur”, deya ta’kidladi. “Ayollar daftari”da 630 mingdan ziyod xotin-qiz ro‘yxatda turgani, ulardan 200 ming nafari ishsiz hisoblanishiga alohida e’tibor qaratildi.

         “Afsuski, bu muammolarni hal etishda mahalla faollari, jamoatchiligimiz va nuroniylarimizning o‘rni va ta’siri ham sezilmayapti. Bir narsani aniq tushunishimiz kerak. Ham, oila, ham bola tarbiyasi bilan shug‘ullanish bilan birga, o‘qish, ish yoki tadbirkorlikni olib borish katta matonat talab qiladi”, dedi Sh.Mirziyoev.

         Mamlakatimiz ayollarining bu va boshqa muammolarini hal etish maqsadida Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasini tashkil etish bo‘yicha Prezident farmoni imzolandiQo‘mita rahbari lavozimiga To‘raqo‘rg‘on tumani hokimi Zulayho Mahkamova tayinlandi. Z.Mahkamova ayni paytda Bosh vazir o‘rinbosari va Senat a’zosi sifatida faoliyat yuritadi. Respublikadagi ayni paytdagi 9 ming 309 ta mahalla raisining xotin-qizlar va oila bo‘yicha o‘rinbosarlari lavozimlari ham qo‘mita tizimiga o‘tkaziladi va har bir mahallada xotin-qizlar faoli lavozimi yangidan joriy qilinadi.

         Davlatimiz rahbari yig‘ilishni yakunlar ekan, shunday dedi: “Yurtimizda “Ayol baxtli bo‘lsa, jamiyat baxtli bo‘ladi”, degan ezgu qarash hayotimiz qoidasiga aylanishi uchun barchamiz birgalikda harakat qilishimiz kerak. Biz mamlakatimizda istiqomat qilayotgan barcha opa-singillarimiz, qizlarimiz, mo‘tabar onalarimizga munosib sharoit yaratib berish uchun bundan buyon ham barcha imkoniyatlarni ishga solamiz. Bir narsani alohida ta’kidlab aytmoqchiman: xotin-qizlar va oila masalasi – bu kundalik ishlar orasida shunchaki nomiga shug‘ullanadigan masala emas. Bu nafaqat bugungi kunimiz, balki ertangi kelajagimizni ham belgilab beradigan vazifa, kerak bo‘lsa, masalalarning masalasidir. Agar biz mehr-oqibat va sadoqat timsoli bo‘lgan mehribon va mo‘tabar ayollarga bitta yaxshilik qilsak, ishoninglar, bu o‘zimizga o‘nta yaxshilik bo‘lib qaytadi. Aziz opa-singillarimiz, onalarimiz bu yaxshilikning albatta qadriga yetadi, hayotdan rozi bo‘lib, shukronalik bilan yashaydi”.

         Darhaqiqat, Yurtboshimiz boshchiligida ayollarga munosib go‘zal hayot yaratish uchun barcha sharoitlar yaratilmoqda. Biz ayollar ham bildirilayotgan yuksak ishonchni oqlab, bu sharoitlardan unumli foydalangan holda, Vatanimiz ravnaqiga munosib hissamizni qo‘shmog‘imiz lozim. 

         Fursatdan foydalanib, barcha xotin-qizlarni 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami bilan muborakbod etamiz!

Nafosat va go‘zallik sizni hech qachon tark etmasin!

O‘z haq-huquqlaringizni anglab yashagan holda, doimo yurtimizning aziz va mukarrama ayollari bo‘lib yurishingizga tilakdoshmiz.

 

 

Go‘zal FAXRIDDINOVA,

«Demokratlashtirish va inson huquqlari» 

jurnali bosh mutaxassisi

Powered by GSpeech