Navro‘z – qadim qadriyatlar tarovati

Xalqimizning qadimiy tarixi, boy madaniyati va ezgu qadriyatlarini o‘zida yaqqol mujassam etgan, ona tabiat va odamlar ruhiyatida yuz beradigan yasharish, yangilanish va yuksalishlarni asrlar davomida to‘la namoyon qilib kelayotgan Navro‘z eng ardoqli milliy bayramlarimizdan biri hisoblanadi.

Ushbu qadimiy bayramning ruhi va falsafasida mujassam bo‘lgan borliqni asrab-avaylab, doimo u bilan uyg‘un bo‘lib yashash, mehr-oqibat, xayru saxovat, bunyodkorlik, bag‘rikenglik, do‘stlik va hamjihatlik singari yuksak g‘oyalar bugungi kunda yanada teran mazmun kasb etib borayotganini alohida ta’kidlash lozim. Yurtimizda erkin va farovon hayot barpo etish, inson qadrini ulug‘lashdek buyuk maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli demokratik islohotlar jarayonida barcha milliy qadriyatlarimiz qatori Navro‘z umumxalq bayrami ham o‘ziga xos yuksak ma’naviy tayanchdir.

Ulug‘ alloma ajdodimiz Abu Rayhon Beruniy “Qadimiy xalqlardan qolgan yodgorliklar” kitobida Quyosh yili hisobida yilning dastlabki oyi to‘g‘risida so‘zlab: "Bu oyning birinchi kuni Navro‘zdir, — deydi.

Navro‘z azaldan xolis niyatli kishilarning sevimli ayyomi bo‘lib kelgan. O‘sha kunlarda hatto urush-janjallar ham to‘xtagan, gina-qudratlar kechirib yuborilgan. Shohlar el ichidan eng munosib kishilarni taqdirlagan, ayrim mahbuslarning gunohidan o‘tgan.

Navro‘zning qachon va qanday vujudga kelganligini aniq ko‘rsatish qiyin bo‘lsa-da, shuni aytish mumkinki, bu bayram dono kishilar tomonidan kashf qilingan. Chunki Navro‘zning dunyoga kelishi chuqur ilmiy asoslangan koinot va tabiat qonuniyatlari, ya’ni Quyoshning hamal burjiga kirishi, tun va kunning tenglashuvi, kunduzning uzaya boshlashi, tabiatda jonlanishning boshlanishi bilan bog‘liq.

Bu esa har qanday jamiyatda yil boshi qachon kelishidan qat’i nazar, Navro‘zni uyg‘onish bayrami sifatida nishonlash uchun asos bo‘lib kelgan. Navro‘zning chuqur ildizlari eng qadimiy davrlarda — ibtidoiy odamlarning dehkonchilikka o‘tganidan so‘ng dalalarda yangi ish mavsumi boshlanishidan oldin o‘tkazilgan bahor bayramiga borib taqaladi.

Har yili Navro‘z ayyomi barcha shahar-u qishloqlarda, korxonalarda, ilm-fan dargohlarida o‘ziga xos tarzda ko‘tarinki kayfiyat va tashabbus ila o‘tkaziladi. Bayram kuni turli xil musobaqalar tashkil etiladi, yolg‘iz qariyalar holidan xabarlar olinadi. Bahor ko‘katlaridan tayyorlangan nozu ne’matlar tortiq etiladi

Elimizning murodu maqsadini kuylagan, yurtimizning oromu osoyishini o‘ylagan, butun borliq muruvvat aylagan, bag‘riga benihoya ezgu muhabbat joylagan, yomonliklar yo‘lin boylagan, yaxshilikdan doston so‘ylagan, barchani birday siylagan bayramdir bu.

Hozir 21 martdan – to 3 maygacha barcha kunlarni Navro‘z oyi deb bayram qilinadi. Bu kunlarda turli urf-odatlarni eslab, atrof-muhit tozalanadi, ko‘kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari avj oladi, har xil mevali va mevasiz ixota ko‘chatlari o‘tkaziladi, gullar ekiladi, turli ko‘katlarni terib, vitaminli taomlar, bug‘doy undirib, sumalaklar pishiriladi.

Qarindosh-urug‘larni yod olib, ular holidan xabar olishga boriladi. Ota-bobolar, o‘tgan avlodlar xotirlanadi.

 

Sevara Ishmuratova,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi Umumiy bo‘lim boshlig‘i

Powered by GSpeech