NOGIRONLAR HUQUQLARINI TA’MINLASH: milliy va xalqaro yondashuvlardagi o‘zaro mushtaraklik

Joriy yil 17 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni matbuotda e’lon qilindi. Ushbu hujjat 2022 yil 28 yanvarda tasdiqlangan “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi” ijrosi doirasida ishlab chiqilgan.

Bunga qadar, Harakatlar strategiyasi doirasida, jumladan,  Prezidentimiz tomonidan 2021 yil 25 martdagi “Keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, “Saxovat” va “Muruvvat” internat uylari tizimini yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi farmon, 2021 yil 27 noyabrda “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati faoliyati hamda bolalarga nogironlikni belgilash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilingan va ijroga yo‘naltirilgan.

 Nogironlik muammolari bo‘yicha Global sammit

 2022 yil 16-17 fevral kunlari Nogironlik muammolari bo‘yicha Global sammit bo‘lib o‘tdi. Ushbu xalqaro anjuman Norvegiya va Gana hukumatlari hamda Nogironlik muammolari bo‘yicha xalqaro alyans tomonidan onlayn shaklda tashkil etildi.

Nogironlik muammolari bo‘yicha Global sammitda imkoniyati cheklangan insonlar hayotida aniq va amaliy o‘zgarishlar yuz berishiga xizmat qiladigan inklyuziv taraqqiyot talablarini tatbiq etish istiqbollari muhokama qilindi. Bunda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlaridan kelib chiqildi.

Barqaror rivojlanishning 17-maqsadiga erishish uchun sakkiz yildan ozroq vaqt qolmoqda. Shuning uchun, bu borada qo‘lga kiritilgan natijalarga tayangan holda, ushbu maqsad doirasida belgilangan inklyuziv taraqqiyotni kengaytirish bo‘yicha majburiyatlarni bajarish lozim.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish nogironligi bo‘lgan shaxslarni himoya qilishning bir qator ustuvor yo‘nalishlarini ilgari surdi. Xususan, Bosh kotibning fikricha, nogironligi bo‘lgan shaxslar hamma joyda har qanday imkoniyatlardan teng foydalana olishiga sharoit yaratish uchun investitsiyalar zarur. Bu esa katta miqdordagi moliyalashtirishni taqozo etadi.

Sammitni Norvegiya Bosh vaziri Yonas Gar Styore ochar ekan, mazkur xalqaro anjuman butun dunyodagi imkoniyati cheklangan insonlar hayotini yaxshilash bo‘yicha sa’y-harakatlarimizni faollashtirishga yo‘l ochishini ta’kidladi. Zero, bugungi kunda dunyo aholisining qariyb 15 foizini nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkil etmoqda. Koronavirus pandemiyasi ana shu insonlar huquqlarini ta’minlash borasidagi notenglikni kuchaytirmoqda.

Gana Respublikasi Prezidenti Nana Akufo-Addo bunday notenglik pandemiya tufayli mamlakatlar ichkarisida ayniqsa kuchayganiga e’tiborni qaratdi. Bu vaziyat, xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarga koronavirus bilan bog‘liq holatlarda tibbiy, ijtimoiy va moliyaviy xizmatlar yetarlicha ko‘rsatilmayotgani misolida ko‘zga tashlanmoqda.

Global sammitda 20 nafar oliy darajadagi spiker – Prezidentlar, Bosh vazirlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi va so‘zga chiqdi. Xalqaro anjumanda ta’kidlanganidek, BMT Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi ijrosini ta’minlash va uning bajarilishini muntazam monitoring qilib borish juda muhim. Shundagina imkoniyati cheklangan insonlarning huquqlarini to‘liq ta’minlash masalasi insoniyatning barqaror va farovon jamiyat barpo etish borasidagi global faoliyatining diqqat markazida turishiga erishamiz.

Global sammitda BMT va uning mintaqalardagi muassasalari, nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, davlat boshliqlari va hukumat rahbarlari, aloqador vazirlik va tashkilotlar mutasaddilari, xususiy sektor vakillari va fuqarolik jamiyati faollari – jami 7 mingdan ziyod vakil ishtirok etdi. 

Xalqaro anjumanga O‘zbekiston ham taklif etildi. Muhimi, mamlakatimiz vakiliga O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari va manfaatlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari haqida axborot taqdim etish imkoniyati yaratildi.

Shu ma’noda, birinchidan, xalqaro hamjamiyatning bunday ijobiy munosabati, bir tomondan, O‘zbekiston milliy taraqqiyot yo‘lidan og‘ishmay, dadil odimlayotganini tasdiqlaydi.

Ikkinchidan, bu jahoniy  e’tibor mamlakatimizning xalqaro maydonda o‘rni va nufuzi tobora mustahkamlanib borayotganiga yana bir yorqin dalil hisoblanadi.

Uchinchidan, bularning barchasi – nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari va manfaatlarini ta’minlash borasida O‘zbekiston Prezidenti olib borayotgan siyosat bilan xalqaro hamjamiyatning global sa’y-harakatlari o‘zaro uyg‘un hamda mushtarak ekanini amalda namoyon etmoqda.

 O‘zbekiston va Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya: tashabbus va natijadorlik

 Nogironligi bo‘lgan shaxslarni himoya qilish sohasidagi O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri – nogironligi bo‘lgan shaxslarning Konstitutsiyamizda ko‘zda tutilgan shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy huquq va erkinliklarini xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari va normalari hamda O‘zbekiston qo‘shilgan xalqaro shartnomalarga muvofiq holda, boshqa fuqarolar bilan teng ravishda ta’minlash hisoblanadi.

BMT Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasining 2021 yil 7 iyunda O‘zbekiston Respublikasi tomonidan ratifikatsiya qilingani ushbu sohada samarali islohotlarni davom ettirishning yorqin namunasi bo‘ldi.

Bu haqda fikr yuritganda, albatta, keyingi yillarda ayni sohada shiddatli tus olgan amaliy ishlar diqqatga loyiq samaralar berganini qayd etish lozim. Xususan, O‘zbekiston Respublikasining Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga qo‘shilishiga oid masala davlat boshlig‘ining quyidagi dasturiy hujjatlarida:

  1. “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida (2017 yil 1 dekabrda qabul qilingan);
  2. Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganining 70 yilligiga bag‘ishlangan Tadbirlar dasturida (2018 yil 5 maydagi Farmon bilan tasdiqlangan);
  3. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasida (2020 yil 22 iyundagi Farmon bilan tasdiqlangan);
  4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 2021 yil 22 fevralda bo‘lib o‘tgan 46-sessiyasidagi nutqida nazarda tutilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoev BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 46-sessiyasi minbardan turib, imkoniyati cheklangan shaxslarning o‘z qobiliyatini to‘la ro‘yobga chiqarish masalalari bo‘yicha Mintaqaviy kengash tuzish taklifini xalqaro hamjamiyat e’tiboriga havola etar ekan, O‘zbekistonda alohida ehtiyojga ega bo‘lgan shaxslarning huquqlarini ta’minlashga jiddiy e’tibor qaratilayotganini ta’kidlagani bejiz emas.

2020 yilda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Mazkur Qonun nogironligi bo‘lgan shaxslarning barcha ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini tartibga solishi bilan juda ahamiyatlidir. Qonun, shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish modeli va sohaga doir boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni amalga oshirishga qaratilgandir.

Shunday qilib, O‘zbekistonda ijtimoiy adolat prinsipiga amal qilish, yordam va qo‘llab-quvvatlashga muhtoj, birinchi navbatda, jismoniy imkoniyati cheklangan odamlarga to‘laqonli hayot kechirish uchun sharoit yaratish masalasi davlat rahbarining doimiy diqqat markazida turibdi.

 BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi – dunyodagi nogironligi bo‘lgan shaxslar Konstitutsiyasi

 Ushbu Konvensiya XXI asrda qabul qilingan inson huquqlari to‘g‘risidagi birinchi shartnoma bo‘lib, u BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2006 yil 13 dekabrda qabul qilingan va 2008 yil 3 mayda kuchga kirgan. BMTning 192 a’zo-davlatidan, 2021 yil may holatiga ko‘ra, 183 tasi ushbu Konvensiyani ratifikatsiya qilgan.

Konvensiyada nogironlarning huquqlari va asosiy erkinliklari, xususan, ularning yashash, fuqarolik, huquqiy himoyalanish, ta’lim olish, salomatliklarini saqlash, boshqalar bilan teng ravishda mehnat qilish, siyosiy, ijtimoiy, madaniy hayotda, bo‘sh vaqtni o‘tkazish, dam olish va sport bilan shug‘ullanishda ishtirok etish, o‘zlari va oilasi uchun yetarlicha turmush sharoitiga ega bo‘lish va ijtimoiy yordam huquqlari e’tirof etilgan. Ushbu huquqlarni amalga oshirishning kafolatlari belgilangan.

Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiya 50 ta moddadan iborat bo‘lib, dunyodagi nogironligi bo‘lgan shaxslar holatini tahlil qilish asosida qabul qilingan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti hisob-kitoblariga ko‘ra, dunyo aholisining 15 foizini nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkil qiladi, bugungi kunda ularning soni 1 milliardga yetgan.

Konvensiyaning asosiy g‘oyasi shundan iboratki, nogironligi bo‘lgan shaxslar barcha inson huquqlari va erkinliklaridan kamsitishlarsiz foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi kerak.

Konvensiyaning maqsadi 1-moddada bayon etilgan hamda nogironligi bo‘lgan shaxslarning  tenglik asosida barcha inson huquqlarini to‘liq amalga oshirishlarini rag‘batlantirish, himoya qilish va ta’minlashdan iboratdir. U foydalanish imkoniyati, shaxsiy harakatlanish, sog‘liqni saqlash, ta’lim, bandlik, abilitatsiya va reabilitatsiya, siyosiy hayotda ishtirok etish, shuningdek tenglik va kamsitmaslik kabi bir qator muhim masalalarni qamrab oladi.

Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaning 4-moddasida nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlash, rag‘batlantirish va himoya qilish bo‘yicha umumiy majburiyatlar belgilangan. Xususan, Konvensiyada ishtirok etuvchi davlatlar quyidagi majburiyatlarni oladi:

  • nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini amalga oshirish uchun barcha zarur qonuniy, ma’muriy-tashkiliy va boshqa choralarni ko‘rish;
  • nogironlarga nisbatan kamsitish xususiyatiga ega mavjud qonunlar, qarorlar, urf-odatlarni o‘zgartirish yoki bekor qilish;
  • barcha strategiyalar va dasturlarda nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirishni hisobga olish, Konvensiyaga to‘g‘ri kelmaydigan har qanday harakatlar yoki usullardan tiyilish;
  • har qanday shaxs, tashkilot yoki xususiy korxona tomonidan nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitishni bartaraf etish uchun zarur choralarni ko‘rish;
  • nogironligi bo‘lgan shasxlarning aniq ehtiyojlari uchun moslashtirish, tovarlar, xizmatlar, jihozlar va universal dizayn ob’ektlarining ilmiy-tadqiqot va konstruktorlik ishlanmalarini olib borish yoki rag‘batlantirish;
  • Konvensiyada kafolatlangan yordam va xizmatlarni taqdim etishni takomillashtirish uchun mutaxassislar va nogironligi bo‘lgan shaxslar bilan ish olib boradigan personalni ushbu e’tirof etilgan huquqlarga o‘qitishni rag‘batlantirish.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilishda ustuvor sub’ektlar sifatida nogironligi bo‘lgan ayollar (6-modda) va nogironligi bo‘lgan bolalar (7-modda) ajratib ko‘rsatilgan.

Konvensiya qoidalari bajarilishini monitoring qiluvchi, ishtirok etuvchi davlatlarning ma’ruzalarini ko‘rib chiqishga vakolatli hamda ushbu ma’ruzalar bo‘yicha takliflar va umumiy tavsiyalar beruvchi organ – BMTning Nogironlar huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi (18 kishidan iborat) tashkil etilgan.

A’zo davlatlar dastlabki milliy ma’ruzani Konvensiya ratifikatsiya qilinganidan so‘ng 2 yil ichida, keyinchalik har 4 yilda bir marta taqdim etishlari belgilangan.

O‘zbekiston ratifikatsiya qilgan BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasi nogironligi bo‘lgan shaxslarning tengligi, huquqlari, ayniqsa, ayollar va bolalarning ta’lim olishi, salomatligini saqlashi, mehnat qilishi, o‘zi va oilasi uchun yetarlicha turmush sharoitiga ega bo‘lishining huquqiy kafolatlarini belgilovchi xalqaro-huquqiy hujjatdir.

Konvensiyani ratifikatsiya qilishda 3 ta manba: milliy qonunchilik, xorijiy yuridik amaliyot va ushbu Konvensiyaning o‘ziga tayanildi. AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Shveysariya, Rossiya, Belarus, Ukraina, Ozarbayjon kabi davlatlar tajribasi chuqur o‘rganildi.

Xususan, AQSh, Buyuk, Britaniya, Germaniya, Shveysariya kabi yetakchi xorijiy davlatlar Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qilgan holda, tegishli milliy qonunlarini ham qabul qilgan. Bu qonunlarning barchasi mazmunan o‘xshash bo‘lib, Konvensiya talablari negizida ishlab chiqilgan.

E’tiborli tomoni shundaki, GFRda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilishga qaratilgan bir qancha qonunlar mavjud. Jumladan, “Jamiyatda, ishda va kasbiy sohada nogironlarning huquqlarini ta’minlash to‘g‘risida”gi qonun shular sirasiga kiradi.

O‘zbekistonning bu boradagi huquqiy amaliyotiga kelsak, qonun ijodkorligida ilk bor noyob tajriba qo‘llanildi. Ya’ni, xalqaro-huquqiy hujjat dastlab milliy qonunchilikka implementatsiya qilinib, shundan keyin ratifikatsiya qilindi.

Eng asosiysi, Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi natijasida:

birinchidan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish tizimi xalqaro norma va standartlarga muvofiqlashdi;

ikkinchidan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirish bo‘yicha xalqaro tashkilotlarning maqsadli resurslarini jalb qilish imkoni kengaydi;

uchinchidan, aholini ijtimoiy himoya qilishdagi mamlakatimizning ijobiy xalqaro imiji yanada yaxshilanmoqda.

 Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini himoya qilish: O‘zbekiston tajribasi

 Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlash hamda himoya qilish masalalari bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasining 200 dan ortiq normativ-huquqiy hujjati bilan tartibga solinmoqda. Bu o‘rinda Konstitutsiya, 40 dan ziyod qonun va 160 dan ortiq qonunosti hujjati ko‘zda tutilgan.

Jumladan, O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”, “Ta’lim to‘g‘risida”, “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”, “Aholi bandligi to‘g‘risida”, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”, “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”, “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi qonunlar va O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksi bilan tartibga solinadi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlariga oid milliy qonunchilik: nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi barcha huquqlarini tartibga soluvchi “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi konun,  shuningdek nogironligi bo‘lgan shaxslarning ta’lim olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirishga qaratilgan qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar; sog‘liqni saqlash va tibbiy xizmat ko‘rsatish; bandlik masalalari; jismoniy tarbiya, sport va dam olish; ijtimoiy ob’ektlar va xizmatlar, transport, aloqa va axborot vositalaridan foydalanish; odil sudlov; davlat va jamoat ishlarida ishtirok etish; nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini buzganlik uchun javobgarlik kabi normalardan tashkil topgan.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini jamiyat hayotining siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sohalarida himoya qilish asosida qanday vaziyat bo‘lishidan qat’i nazar insonni, shu jumladan nogironligi borligi tufayli kamsitmaslik prinsipi yotadi. Bu borada nafaqat davlat tuzilmalari, balki fuqarolik jamiyati institutlari ham faollik ko‘rsatayotgani juda muhim.

Nogironlik muammolari bo‘yicha Global sammitda alohida ta’kidlanganidek, koronavirus pandemiyasidan keyingi davrda nogironlik muammolarini hal etishda oldingi maqbul natijalarni tiklash va yanada ko‘proq samaralarni qo‘lga kiritish zarur. Bunda davlatlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari, turli doiralardagi sheriklar bilan yaqin hamkorlikni kuchaytirish katta ahamiyat kasb etadi. 

Bugungi kunda mamlakatimizda nogironlik sohasida 600 ga yaqin nodavlat notijorat tashkiloti faoliyat yuritmoqda. Ular orasida: O‘zbekiston nogironlar jamiyati; O‘zbekiston nogironlar jamoat fondi; O‘zbekiston Nogiron ishbilarmon ayollar milliy assotsiatsiyasi; Imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi; O‘zbekistondagi falaj nogiron bolalar va o‘smirlarga yordam berish “Umr” jamoatchilik markazi; “Inklyuziv hayot” nogironlar jamoat birlashmasi; O‘zbekiston Ko‘zi ojizlar jamiyati; O‘zbekiston karlar jamiyati kabi NNTlar bor.

Ushbu nodavlat notijorat tashkilotlarining vakillari Konvensiyani ratifikatsiya qilishda faol ishtirok etdi.  

 Taraqqiyot strategiyasi va nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari

 O‘zbekistonda 760 ming 727 nafar nogironligi bo‘lgan shaxs istiqomat qiladi. Shularning 100 mingdan ortig‘i 16 yoshgacha bo‘lgan nogiron bolalardir. Ular ijtimoiy himoya va qo‘llab-quvvatlash, tibbiy-ijtimoiy reabilitatsiya choralari bilan qamrab olingan.

 “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi”da bu borada muhim maqsad-vazifalar belgilangan. Bu o‘rinda, birinchi navbatda, O‘zbekiston Prezidentining mazkur Taraqqiyot strategiyasini imzolashga oid Farmonida ko‘zda tutilgan ustuvor masalalarga to‘xtalish maqsadga muvofiqdir.

Farmonga ko‘ra, Aholini ijtimoiy himoya qilish milliy strategiyasi ishlab chiqilmoqda. Loyihada, jumladan, “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimida yordamga muhtoj ayollar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar bo‘yicha alohida ma’lumotlar bazasini yaratish ko‘zda tutilmoqda.

Kelgusida ushbu ma’lumotlar bazasini o‘zida jamlagan “Ijtimoiy himoya yagona reestri” hozir amalda bo‘lgan “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” bilan integratsiya qilinadi.

Prezident Farmonida bu borada belgilangan yana bir muhim vazifa – “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonuniga o‘zgartirishlar kiritish bilan bevosita bog‘liq. Chunki bunda davlatimiz rahbarining bolalikdan nogironligi bo‘lgan bolalarga 18 yoshgacha qaralgan davrni pensiya tayinlashda ish stajiga qo‘shib hisoblash zarurligi haqidagi topshirig‘i o‘z ijobatini topadi.

Shu yildan e’tiboran, Farmonning 14-bandiga binoan, keksa va nogironligi bo‘lgan shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimi soddalashtiriladi hamda ularga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish orqali qo‘shimcha qulayliklar yaratiladi. Shuningdek, mazkur hujjatning 15-bandiga ko‘ra, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqarolarga jinoyat ishlari bilan bir qatorda fuqarolik va ma’muriy ishlar bo‘yicha ham davlat hisobidan bepul yuridik yordam ko‘rsatish tartibi joriy etiladi.

Yangi O‘zbekistoning taraqqiyot strategiyasi inson qadrini ta’minlashga qaratilgan 100 ta maqsadni qamragan. Shu maqsadlarning aksariyatida nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlari va manfaatlariga daxldor ko‘plab vazifalar belgilangan.

Xususan, Taraqqiyot strategiyasining 9-maqsadida keksa  va  nogironligi  bo‘lgan  shaxslarga  davlat  xizmatlari ko‘rsatishni soddalashtirish, ularga qulayliklar yaratish haqida so‘z boradi. Dasturilamal hujjatning 53-maqsadida aholining muhtoj  qismini  zamonaviy  protez-ortopediya buyumlari va  reabilitatsiya  vositalari  bilan  ta’minlash  darajasini  60  foizga yetkazish ko‘zda tutilmoqda.

 Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish istiqbollari

 Taraqqiyot strategiyasining 66-maqsadi: “Nogironligi  bo‘lgan  shaxslarni  qo‘llab-quvvatlashning samarali tizimini shakllantirish, ularning hayot sifati va darajasini oshirish” deb nomlangan. Ushbu maqsad doirasida:

birinchidan, nogironlik belgisi bo‘yicha kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ro‘yobga  chiqarishda  teng  sharoitlarni  va  ularni  buzganlik  uchun javobgarlikning muqarrarligini ta’minlash;

ikkinchidan, nogironligi  bo‘lgan  shaxslar  huquqlarini  ta’minlash  sohasidagi umume’tirof  etilgan  xalqaro  norma  va  standartlarni  milliy qonunchilikka implementatsiya qilish;

uchinchidan, tibbiy-mehnat ekspertizasi va nogironlikni belgilashning shaffof, zamonaviy  uslub  va  mezonlarini  joriy  etish,  nogironligi  bo‘lgan shaxslarga  tibbiy-ijtimoiy  yordam  ko‘rsatish  darajasi  va  sifatini oshirish;

to‘rtinchidan, nogironligi  bo‘lgan  shaxslarning  oilasi,  jamiyat  va  davlat  bilan  o‘zaro  aloqasini  kuchaytirish,  ularning  qulay  muhitda  bo‘lishi,  shahar yo‘lovchi  transporti,  ijtimoiy  va  boshqa  infratuzilma  ob’ektlaridan erkin foydalanishi uchun zarur sharoitlar yaratish;

beshinchidan, nogironligi  bo‘lgan  shaxslarning  jamiyat  ijtimoiy-iqtisodiy hayotiga  jalb  qilinishi  va  faol  ishtirokini  ta’minlovchi  inklyuziv ta’lim va ishga joylashtirish tizimini takomillashtirish;

oltinchidan, nogironlikni  belgilashning  ijtimoiy  modeliga  bosqichma-bosqich o‘tish kabi g‘oyat muhim vazifalar kun tartibiga qo‘yilgan. Ayni vaqtda ushbu chora-tadbirlar izchil amalga oshirilmoqda.

Bu haqda so‘z borganda, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yaqinda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarni hamda aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonini imzolaganini yana bir bor ta’kidlash lozim.

Ushbu Farmon nogironligi bo‘lgan shaxslar, ayniqsa, doimiy parvarishga muhtoj bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan oilalarni davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish, ijtimoiy yordamning zamonaviy mexanizmlarini amalga oshirishda yangi yondashuvlarni joriy etishga qaratilgani bilan nihoyatda muhimdir.

Bundan tashqari, Taraqqiyot strategiyasi doirasida Vazirlar Mahkamasi 2022 yil 8 fevralda “Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza xizmati tashkiliy tuzilmasini va faoliyatini tashkil etishga oid normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi. Hukumat qaroriga asosan nogironlikni olish tartibi o‘zgartirildi. Ya’ni, endilikda fuqarolarni ko‘rikdan o‘tkazish ularni tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarga ko‘rikka yuborish orqali amalga oshiriladi.

Ko‘rikka, shuningdek, statsionardan berilgan kasallik tarixini, ambulator kartadan ko‘chirmalarni va bemorni ko‘rikka yuborish uchun asos bo‘lgan boshqa hujjatlarni o‘rganish ham kiradi. Tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari majlisida ko‘rik to‘liq tarkibda va hujjatlar qabul qilib olingan kundan boshlab 10 kun ichida o‘tkaziladi. Nogironlik belgilangan taqdirda, hujjatlar TIEK tomonidan qabul qilib olingan sana nogironlikning boshlanishi hisoblanadi.

O‘zbekiston Respublikasi BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining a’zosi hisoblanadi. Shu ma’noda, mamlakatimiz Konvensiyani milliy qonunchilikka implementatsiya qilish va huquqni qo‘llash amaliyotiga tatbiq etish bo‘yicha Milliy harakatlar rejasini tasdiqlashni zimmasiga  oladi. Keyingi, ya’ni 2023 yilda O‘zbekiston BMT Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasining bajarilishi bo‘yicha dastlabki hisobotini tegishli tartibda taqdim etadi.

 

Akmal Saidov,

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori

Powered by GSpeech