TARAQQIYOT STRATEGIYASI VA JAMOATCHILIK NAZORATI

Harakatlar strategiyasi natijalarining tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, O‘zbekiston ko‘plab sohalarda, shu jumladan, inson huquqlari sohasida ham o‘z taraqqiyotining "yangi davri"ga kirib bormoqda.

O‘zbekistonning BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga saylanishi, O‘zbekiston tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar asosida BMT Bosh Assambleyasi va BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi tegishli rezolyusiyalarining qabul qilinishi – bularning barchasi O‘zbekistonning xalqaro hamjamiyat oldida turgan muammolarni hal etishga bo‘lgan yondashuvi xalqaro hamjamiyat va ko‘plab davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganidan dalolat beradi.

Haqiqatan ham, mamlakatimizda Harakatlar strategiyasi doirasida keyingi besh yilda inson huquqlarini ta’minlash, davlat organlarining hisobdorligi va ochiqligini kuchaytirish hamda fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalarining roli, aholi va jamoat birlashmalarining siyosiy faolligini oshirish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirildi.

Ayniqsa, Yangi O‘zbekistonda inson huquqlarini ta’minlash va himoya qilish masalasi eng ustuvor yo‘nalishga aylandi. Buni qabul qilinayotgan qonunlar, sud mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha islohotlar samaralarida ham yaqqol ko‘rish mumkin.

Eng asosiysi, bolalar mehnati va majburiy mehnat bartaraf etildi. Xalqaro va milliy hamkorlar bilan paxta yig‘im-terimi mavsumida bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanmaslik yuzasidan Milliy monitoring tizimi yaratildi. Buni jahon hamjamiyati tan olmoqda.

O‘z navbatida, keng jamoatchilik muhokamasi natijasida "Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari" tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan va yaqinda davlatimiz rahbari tasdiqlagan “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida ushbu sohalardagi ustuvor maqsad va vazifalar belgilab berildi.

Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining muhim jihati shundan iboratki, unda belgilangan islohotlar o‘zining mazmun-mohiyati bilan inson huquq va manfaatlarini himoya qilish mexanizmini taraqqiyotning yangi bosqichi talablaridan kelib chiqib takomillashtirishga qaratilgan. Unda ayollar, bolalar, yoshlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, migrantlar, kam ta’minlanganlar va aholining boshqa ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari manfaatlari himoyasiga salmoqli o‘rin ajratilgan.

Bu o‘rinda, avvalambor, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining 1-maqsadi Mahalla instituti faoliyatining samaradorligini oshirish, uni jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo‘g‘iniga aylantirish”, deb nomlanganiga e’tibor qaratish zarur.

Ushbu maqsadga erishish uchun, jumladan, hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni joyida hal etish maqsadida mahallalar vakolatlarini kengaytirish, ularning moliyaviy mustaqilligini kuchaytirish; fuqarolarning o‘z mahallasi hayotidagi ishtirokini hamda davlat organlari va mahallalar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqani ta’minlash, mahallalarda aholi bilan ishlashga qaratilgan jarayonlarni raqamlashtirish; mahalladan turib barcha davlat idoralariga murojaat qilish tizimini yaratish, davlat va ijtimoiy xizmatlarni bevosita mahallada ko‘rsatish kabi vazifalar nazarda tutilmoqda.

Taraqqiyot strategiyasining 4-maqsadi Davlat boshqaruvi organlari faoliyatini “fuqarolarga xizmat qilishga yo‘naltirish” tamoyili asosida transformatsiya qilish deb nomlangan. Unda, xususan, davlat boshqaruvi organlari faoliyati ustidan davlat nazoratini amalga oshirishda manfaatlar to‘qnashuvi vujudga kelishini bartaraf etish, mazkur jarayonga keng jamoatchilikni jalb qilish; vazirlik va idoralar faoliyatining barcha yo‘nalishlarini “Davlat – xalq xizmatchisi” tamoyili asosida fuqarolarga xizmat qilishga yo‘naltirish vazifalari belgilangan.

Eng asosiysi, Taraqqiyot strategiyasining “Ta’sirchan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy asoslarini takomillashtirish” deb nomlangan 12-maqsadida bu boradagi bevosita muhim bir qator vazifalar nazarda tutilgan.

Birinchidan, jamoatchilik nazoratini amalga oshirishning zamonaviy shakllarini rivojlantirish haqida so‘z bormoqda. Buning uchun, xususan, Taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilanganidek, hududiy, tarmoq va davlat dasturlari loyihalarini ochiq e’lon qilib, keng jamoatchilik fikri asosida ishlab chiqish amaliyotini yo‘lga qo‘yish kerak bo‘ladi.

Ikkinchidan, ayrim davlat funksiyalarini amalga oshirish jarayoniga jamoatchilik nazorati sub’ektlarini keng jalb qilish, davlat organlari faoliyatini o‘rganishda ijtimoiy so‘rovlar o‘tkazish hamda aniqlangan kamchiliklarni ochiq muhokama qilish amaliyotini yo‘lga qo‘yish belgilangan. Bu esa, dastaaval, jamoaviy murojaatlar asosida yangi    qurilgan    va    ta’mirlangan infratuzilma ob’ektlari sifatini tekshirish amaliyotini joriy qilishni talab etadi.

Shuningdek, kambag‘allikni qisqartirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, ehtiyojmand aholini kasbga o‘rgatish kabi ijtimoiy foydali loyihalarni amalga oshirishni nodavlat notijorat tashkilotlarga ochiq tanlov asosida taqdim etish ham bunda muhim o‘rin tutadi.

Uchinchidan, jamoatchilik nazoratining qonuniy  asoslarini  yanada mustahkamlash zarur. Bu, albatta, jamoatchilik nazoratining samarali va ta’sirchan shakllarini, ularni amalga oshirish mexanizmlarini joriy etish maqsadida “Jamoatchilik   nazorati to‘g‘risida"gi qonunni qayta ko‘rib chiqishni taqozo etadi.

To‘rtinchidan, ommaviy axborot vositalarining roli va jurnalistlarning kasbiy faoliyati himoyasini yanada kuchaytirish lozim. Bu muhim maqsadga erish uchun, birinchi navbatda, fuqarolarni qiynayotgan muammolar hamda islohotlarning samaradorligini o‘rganishda ommaviy axborot vositalari bilan  hamkorlik  qilish  tartibini joriy qilish darkor.

Shu bilan birga, ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga noqonuniy aralashganlik va to‘sqinlik qilganlik, jumladan, mansabdor shaxslar tomonidan senzura o‘rnatish, tahririyat xodimlariga bosim va tazyiq o‘tkazish, materiallar va texnik vositalarni ulardan   g‘ayriqonuniy ravishda olib qo‘yish harakatlari sodir etilgani uchun  javobgarlikni yanada kuchaytirish nihoyatda muhim.

Ushbu maqsad-vazifalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri faoliyatimiz doirasiga bog‘liq masalalar bo‘yicha istiqboldagi vazifalarni o‘zida qamrab olgan. Shuning uchun bu haqda muxtasar fikr yuritamiz.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida, jumladan, ommaviy axborot vositalarining roli va jurnalistlarning kasbiy faoliyati himoyasini yanada kuchaytirish, odamlarni qiynayotgan muammolar hamda islohotlarning ijrosi ahvolini o‘rganishda ijod ahli mehnatidan samarali foydalanish ko‘zda tutilmoqda. Bularning barchasi, o‘z navbatida, yurtimizda ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishga xizmat qiladi.

Bu haqda so‘z yuritishdan avval, Prezidentimizning 2017 yil 7 fevraldagi farmoni bilan tasdiqlangan «2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi» mamlakat hayotining boshqa sohalari qatori jamiyatda so‘z, fikr, axborot erkinligini yanada ta’minlash yo‘nalishini rivojlantirishning mutlaqo yangi bosqichini boshlab berganini alohida ta’kidlash lozim.

Harakatlar strategiyasi doirasida yurtimizda ommaviy axborot vositalarining jamoatchilik nazoratini amalga oshirish borasidagi o‘rni va ahamiyati qonunchilik negizida tubdan kuchaytirilgandi. Taraqqiyot strategiyasida ana shu tashkiliy-huquqiy asoslarni takomillashtirish ko‘zda tutilgani yangi davr talabidir.

Xususan, ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda xolis axborotlarni o‘z vaqtida berib borish orqali yolg‘on ma’lumotlar tarqalishining oldini olishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

Shu nuqtai nazardan, Taraqqiyot strategiyasining 89-maqsadi “Fuqarolarning axborot olish va tarqatish erkinligi borasidagi huquqlarini yanada mustahkamlash” deb atalgani hamda unda bir qator muhim vazifalar ko‘zda tutilgani ham katta ahamiyatga ega.

Avvalambor, bu o‘rinda axborot sohasini tartibga soluvchi yagona tizimlashtirilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish haqida so‘z bormoqda. Binobarin, O‘zbekiston Prezidenti bunga qadar axborot sohasini tartibga solishga qaratilgan mavjud qonunlarni Axborot kodeksi shaklida unifikatsiya qilish tashabbusini ilgari surgandi.

Shuningdek, fuqarolarning axborot-kommunikatsiya vositalaridan foydalanish madaniyati oshiriladi. Turli yosh toifasi uchun mo‘ljallangan o‘quv kurslari hamda onlayn dasturlar ommalashtiriladi. Xalq ta’limi va professional ta’lim tizimining tegishli darsliklariga media savodxonlik bo‘yicha mavzular joriy qilinadi.

Shaxsiy va sir saqlanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlarni internet tarmog‘ida oshkor qilish bilan bog‘liq daxlsizlik huquqlari buzilishining oldini olish ham ko‘zda tutilgan. Bunda Jinoyat kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning daxlsizlik huquqlari bilan bog‘liq moddalariga tegishli qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi tayyorlanadi.

Xulosa qilib aytganda, axborot va matbuot erkinligi, fuqarolarning o‘z xohish-irodasini erkin bildirishi, davlat idoralari faoliyatining ochiqligi va oshkoraligi Yangi O‘zbekistonning sifat ko‘rsatkichlaridan biriga aylanib bormoqda. Bularning barchasi, shubhasiz, ommaviy axborot vositalaridan ijtimoiy mas’uliyatni teran anglashni taqozo etadi.

Ijtimoiy mas’uliyat – juda muhim mezon. Bu ommaviy axborot vositlarining, har bir jurnalistning ommaga taqdim etayotgan axborotga nisbatan javobgarligi, axborotning xolis, haqqoniy va ishonchli bo‘lishiga mas’ulligidir.

 

G‘ulom Mirzo

Powered by GSpeech