11 IYUL` - BUTUNJAHON AHOLISHUNOSLIK KUNI

1987 yil 11 iyulda Yer yuzi aholisi soni 5 milliardga yetdi. Shu kundan boshlab butun dunyoda Butunjahon aholishunoslik kuni keng nishonlanib kelmoqda.

- BMTning Aholishunoslik bo'yicha jamg'armasi (UNFPA) yigirma yildirki O'zbekistonda faoliyat olib bormoqda, -  deydi UNFPAning O'zbekistondagi vakili Mieko Yabuta. - Shu davr mobaynida reproduktiv salomatlik va inson huquqlari, gender tengligi, yoshlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash kabi yo'nalishlarda ish olib borilgan ishlar haqida axborot berildi. O'zbekistondagi dasturimiz Markaziy Osiyodagi eng yirik loyihalardan biri bo'lib, 2005 yildan buyon 21 million AQSH dollaridan ko'proq qiymatdagi tadbirlar amalga oshirildi.

Jumladan, yoshlarga sifatli tibbiy xizmat ko'rsatish, sog'lom turmush tarzi bo'yicha tegishli ta'lim dasturlarini ishlab chiqishga ko'maklashish yuzasidan keng ko'lamli ish olib borildi. Bugungi kunda ham bu borada davlat va jamoat tashkilotlari bilan samarali hamkorlik qilayotganimizdan mamnunmiz, deydi Mieko Yabuta. 

BMTning Rivojlanish jamg'armasi tomonidan boshqariladigan Aholishunoslik faoliyati sohasidagi jamg'armasi 1969 yilda tashkil etilgan. Jamg'arma 1971 yildan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan boshqarila  boshlandi. 1987 yilda esa u hozirgi - Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamg'armasi (UNFPA) nomini oldi.

BMT Aholishunoslik jamg'armasining asosiy maqsadi - har bir inson – erkak, ayol, bolaning sog'lom hayot kechirish va teng imkoniyatlarga ega bo'lish huquqlarini himoya qilishdir.  UNFPA jahon mamlakatlariga kambag'allik bilan kurashish bo'yicha siyosatni o'tkazish va dasturlarni amalga oshirish, yoshlar, xotin-qizlarni himoya qilish va boshqa yo'nalishlarda aholiga doir ma'lumotlardan foydalanishda yaqindan yordam ko'rsatadi.

Jamg'arma aholining turmushini yaxshilash, barqaror rivojlanishni ta'minlash bilan bog'liq maqsadlarga erishishda xalqaro hamjamiyatga yaqindan ko'maklashmoqda. Aholi tarkibining o'zgarishi, sonining oshishi yoki kamayishi, tug'ilish va o'lish miqdori, odamlarning ko'chishi kabi hodisalar inson hayoti, mamlakatning ijtimoiy, iqtisodiy rivojlanishiga katta ta'sir ko'rsatishi mumkin. Bundan tashqari, ayollar sog'ligi, reproduktiv salomatligi, huquqlarining himoyalanishi kabi UNFPA tomonidan aniqlanadigan ko'rsatkichlar ham aholi holatiga o'z ta'sirini ko'rsatadi.

BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish “2030 yilgacha Barqaror rivojlanish sohasidagi kun tartibi  sog'lom kurrai zaminimizda hamma uchun yaxshi kelajak yaratish jahon dasturi hisoblanadi.   Butunjahon aholishunoslik kuni   demografik tendentsiyalar, shu jumladan aholi sonining ortishi, aholining qarishi, migratsiya va urbanizatsiya bilan chambarchas bog'liq” deb ta'kidlagan.

2020 yilning boshiga kelib, Yer yuzidagi aholi soni 7,8 milliard kishiga yetdi.  Kurrai zaminda hozir har soatda 17,8 ming, har kun esa 427,5 ming bola tug'ilmoqda. Jahon aholisi soni 2030 yilga borib 8,6 milliard, 2050 yilda - 9,5 milliard va 2100 yilda 11,2 milliard kishiga yetishi kutilmoqda.

O'zbekistonning doimiy aholisi soni, 2020 yil 1 yanvar` holatiga, 33 miln 905 ming 800 kishini tashkil etib, 2019 yil boshidan 650,3 ming kishiga yoki 2 foizga o'sdi. Xalqaro demografik tasnifga ko'ra, mamlakatimiz yosh davlatlar qatoriga kiradi.

Aholimizning hozirgi yosh tarkibida 30 yoshgacha bo'lgan yoshlar ulushi – 62,1; 16 yoshgacha bo'lgan bolalar ulushi – 33,3; 16-29 yoshdagilar ulushi – 28,8 foizni tashkil etadi. Mamlakat aholisining hozirgi vaqtdagi o'rtacha yoshi – 25,5 yosh, shu jumladan qishloqda – 24,1 yosh, shaharda esa – 27,9 yoshga tengdir.

Bu  demografik ko'rsatkichlar aholishunoslik sohasidagi davlat siyosati eng muhim yo'nalishlardan biri bo'lishi zarurligining amaliy ifodasidir. Shuning uchun O'zbekiston   Birlashgan Millatlar Tashkilotining Aholishunoslik jamg'armasi bilan samarali hamkorlik o'rnatgan.

UNFPA  o'zining O'zbekistondagi vakolatxonasini 1993 yilda ochgan. Hozir BMTning Aholishunoslik jamg'armasi mamlakatimizda o'z faoliyatini to'rtinchi - 2016-2020 yillarga mo'ljallangan  dasturi doirasida amalga oshirmoqda. Ushbu dasturda reproduktiv salomatlik, inson huquqlarini himoyalash, aholishunoslikka doir ma'lumotlardan rivojlanish sohasidagi loyihalarda foydalanish borasida tegishli davlat idoralarining salohiyatini oshirish kabi masalalarga alohida e'tibor qaratilgan.

Chunonchi, Jamg'arma mamlakatimizda sog'liqni saqlash tizimini takomillashtirishga yordam bermoqda. Bunda asosiy e'tiborni reproduktiv salomatlik va ona salomatligini ta'minlash, sog'lom oilani shakllantirish bo'yicha xizmatlarning sifatini oshirishga qaratmoqda.

BMTning Aholishunoslik jamg'armasi onalar va bolalar o'limi darajasini kamaytirish hamda oila farovonligini oshirish bo'yicha O'zbekiston erishgan muvaffaqiyatlarni qayd etmoqda. Shuningdek, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini yuksaltirish, ularning davlat ishlarini boshqarishdagi rolini kuchaytirish, gender tenglikni ta'minlash, yoshlar siyosatini va Barqaror taraqqiyot maqsadlarini amalga oshirish borasida mamlakat erishgan yutuqlar ham ta'kidlandi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev keyingi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini, gender tenglikni ta'minlash, oila, onalik va bolalikni himoya qilish, ayollar o'rtasida tadbirkorlikni rivojlantirish, ular uchun yangi ish o'rinlari yaratish, mehnat va turmush sharoitlarini yaxshilash davlat siyosatining ustuvor yo'nalishiga aylandi, deb ta'kidlagani bejiz emas.

Haqiqatan ham,  O'zbekiston tarixida birinchi marta milliy parlamentda ayollar soni Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetdi.  Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylangan 150 nafar deputatning 48 nafari yoki 32 foizini xotin-qizlar tashkil etdi. Bu ko'rsatkich Senatda va mahalliy Kengashlarda 25 foizdan oshdi. Mamlakatimiz parlamenti ayol deputatlar soni bo'yicha dunyodagi 190 ta milliy parlament o'rtasida 37-o'ringa ko'tarildi. Holbuki, bundan 5 yil avval mamlakatimiz  bu borada 128-o'rinda edi.

Hozirgi vaqtda davlat va jamoat tashkilotlari tizimida 1 ming 380 nafardan ziyod xotin-qizlar rahbarlik lavozimlarida mehnat qilmoqda. Muhtarama ayollarimizdan 16 nafari Vatanimizning eng oliy mukofoti – “O'zbekiston Qahramoni” unvoniga sazovor bo'lgan.

Xotin-qizlarimiz ishlab chiqarish, ta'lim-tarbiya, tibbiyot, ilm-fan, madaniyat va sport sohalarini rivojlantirishga  ham munosib hissalaarini qo'shib kelmoqda. Mamlakatimizda birgina 2019 yilning o'zida ayollarimiz uchun jami 170 mingga yaqin ish o'rni yaratildi. Tijorat banklari va Xotin-qizlarni va oilani qo'llab-quvvatlash jamoat fondi mablag'lari hisobidan 172 mingdan ortiq opa-singillarimizga 4,9 trillion so'm kreditlar ajratildi.

Respublikamizning barcha hududlarida Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari tashkil etilgan. Bugungi kunda ular tomonidan 28 mingga yaqin xotin-qizlarga tadbirkorlik, hunarmandlik, kasbga qayta tayyorlash, bandlikni ta'minlash yuzasidan amaliy yordam ko'rsatilmoqda. Shuningdek, besh muhim tashabbus doirasida 21 ming 500 nafar qizlar qisqa muddatli kasb-hunar kurslarida o'qitildi.

Binobarin, bu yilgi Butunjahon aholi kunini nishonlash tadbirlari  inson huquqlarining eng  muhim masalaridan biri -  Barqaror rivojlanishning dolzarb vazifalarini hal etish, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish, qashshoqlik qamrovini kamaytirish va barqaror rivojlanishni ta'minlashda muhim rol` o'ynashi shubhasiz.

Lazizbek Xoliqulov,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali bosh mutaxassisi

*foto internetdan olindi

Powered by GSpeech