AQShda o‘zbekistonliklar uchun mavsumiy ish vizalari imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda
O‘zbekiston delegatsiyasi AQShga amalga oshirgan tashrifi doirasida mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni kengaytirish, jumladan, o‘zbekistonlik fuqarolarning H-2A mavsumiy ish vizalari dasturida ishtirok etishi imkoniyatlari muhokama qilindi.
“Dunyo” AA xabar berishicha, Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi hamda Migratsiya agentligi vakillaridan iborat delegatsiya mamlakatning Vashingtondagi elchixonasi va Nyu-York shahridagi Bosh konsulxonasi ko‘magida AQShning tegishli vazirlik va idoralarida qator konstruktiv uchrashuvlar o‘tkazdi.
O‘zbekiston TIV ma’lumotiga ko‘ra, AQSh Mehnat vazirligida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ikki tomonlama munosabatlarning izchil rivojlanayotgani va o‘zaro ishonchning yuqori darajasi alohida qayd etildi.
Amerika tomoni O‘zbekistonda majburiy va bolalar mehnatiga qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni, shuningdek migratsiya sohasidagi samarali hamkorlikni, jumladan AQShdan O‘zbekiston fuqarolarini tashkil etilgan tartibda repatriatsiya qilish amaliyotini yuqori baholadi.
Muzokaralar chog‘ida mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni yanada kengaytirish istiqbollari, xususan, O‘zbekistonning H-2A mavsumiy ishchi vizalari dasturida ishtirok etishi masalasi atroflicha ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, delegatsiya AQSh Davlat departamentida ham uchrashuvlar o‘tkazib, ikki tomonlama munosabatlarning barqaror ijobiy dinamikasi va siyosiy muloqotning yuqori darajasini qayd etdi. O‘zbekistonning AQSh uchun strategik ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Tomonlar siyosiy, iqtisodiy va madaniy-gumanitar yo‘nalishlarda qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish, shuningdek konsullik-huquqiy masalalar bo‘yicha axborot almashinuvini davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishdi.
Vashington shahridagi O‘zbekiston elchixonasida AQSh Qishloq xo‘jaligi sohasidagi ish beruvchilar milliy kengashi (NCAE) vakillari bilan uchrashuv ham bo‘lib o‘tdi.
Bundan tashqari, delegatsiya Filadelfiya va Nyu-York shaharlarida o‘tkazilgan ish beruvchilar va vatandoshlar forumida ishtirok etdi. Ushbu tadbirlar doirasida o‘zbekistonlik mehnat resurslarini jalb etish istiqbollari, yoshlar o‘rtasida madaniy-ma’rifiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va milliy qadriyatlarni targ‘ib qilish masalalari muhokama qilindi.
Kun.uz
Ўзбекча
English
Русский