Qarorga koʻra, Ichki ishlar vazirligi Oʻzbekistonda kiberjinoyatlarga qarshi kurashish yoʻnalishida vakolatli organ etib belgilandi.
Oʻz kundalik faoliyatini tashkil etishda mijozlarining manfaati va moliyaviy xavfsizligini taʼminlash banklar, toʻlov tizimi operatorlari va toʻlov tashkilotlarining ustuvor vazifasi sifatida koʻrsatildi.
Shuningdek, kiberjinoyatni sodir etishda oʻz nomidagi bank kartasi, bank hisobraqami, SIM kartasi hamda elektron hamyonidan foydalanishga yoʻl qoʻygan shaxslar uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik belgilanadi.
Banklar, toʻlov tizimi operatorlari hamda toʻlov tashkilotlarining axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganligi natijasida sodir etilgan kiberjinoyat oqibatida kelib chiqqan moddiy zararni ular hisobidan undirish tartibi joriy etiladi.
Jinoyat qonunchiligi bilan axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar hamda pul mablagʻlari va boshqa mol-mulkni jalb etishga doir noqonuniy faoliyat uchun belgilangan jazo choralari kuchaytiriladi.
Jinoyat sodir etishda axborot texnologiyalaridan foydalanish javobgarlik hamda jazoni ogʻirlashtiruvchi holat sifatida belgilanadi.
“Yangi Oʻzbekiston” va “Pravda Vostoka” gazetalari tahririyati»