Bag‘rikenglik – inson huquqlarini qaror toptirish, plyuralizm, demokratiya va huquq tantanasi

Hozirgi globallashuv jarayonida bag‘rikenglik, hamjihatlik, birdamlik va ahillik masalalari jahon hamjamiyati davlatlari uchun g‘oyat dolzarb hisoblanadi. Shu ma’noda, 1995 yil 16 noyabrda BMTning Fan, ta’lim va madaniyat bo‘yicha ixtisoslashgan tashkiloti – YuNESKO tomonidan Bag‘rikenglik tamoyillari deklaratsiyasi qabul qilingani ulkan ahamiyatga egadir.

Butun dunyoda har yili 16 noyabrni – Xalqaro bag‘rikenglik kuni sifatida nishonlash ezgu an’anaga aylangan. Ushbu muhim sana munosabati bilan turli mamlakatlarda maxsus dasturlar asosida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etiladi.

Sayyoramizning har bir mintaqasida o‘quv muassasalari, hukumatlararo va nohukumat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalarining birgalikdagi sa’y-harakatlari bilan fuqarolar o‘rtasida bag‘rikenglik g‘oyalarini tarqatishga da’vat etiladi.

Bag‘rikenglik tamoyillari deklaratsiyasida qayd etilganidek, bag‘rikenglik alohida odamlar o‘rtasida, oila va jamoadagi o‘zaro munosabatlarda zarurdir. Maktablarda va universitetlarda, norasmiy ta’lim yo‘li bilan uyda va ish joylarida bag‘rikenglik ruhini mustahkamlash va kishilar o‘rtasida bir-biriga ochiqlik, e’tibor va birdamlik munosabatlarini shakllantirish lozim.

Bunda kommunikatsiya vositalari erkin, ochiq muloqot va muhokamaga ko‘maklashishda, bag‘rikenglik qadriyatlarini tarqatishda, ayniqsa, bosh ko‘tarayotgan murosasizlikni targ‘ib qiluvchi guruhlar va mafkuralarga nisbatan befarq munosabatda bo‘lish xavfli ekanini tushuntirishda amaliy ahamiyat kasb etadi.

“Bag‘rikenglik” tushunchasi nimani anglatadi? Bag‘rikenglik tamoyillari deklaratsiyasida ushbu tushunchaga uchta muhim va qamrovdor ta’rif berilgan.

Birinchi ta’rif: Bag‘rikenglik – bizning dunyomizdagi turli boy madaniyatlarni, o‘zini ifodalashning va insonning alohidaligini namoyon qilishning xilma-xil usullarini hurmat qilish, qabul qilish va to‘g‘ri tushunishni anglatadi. Uni bilim, samimiyat, ochiq muloqot hamda hur fikr, vijdon va etiqod vujudga keltiradi. Bag‘rikenglik –turli-tumanlikdagi birlikdir. Bu faqat ma’naviy burchgina emas, balki siyosiy va huquqiy ehtiyoj hamdir. Bag‘rikenglik tinchlikka erishishni musharraf qilguvchi va urush madaniyatsizligidan tinchlik madaniyatiga eltuvchidir.

Ikkinchi ta’rif: Bag‘rikenglik – yon berish, andisha yoki xushomad emas. Bag‘rikenglik – eng avvalo insonning universal huquqlari va asosiy erkinliklarini tan olish asosida shakllangan faol munosabatdir. Hech qanday vaziyatda ham bag‘rikenglik ana shu asosiy qadriyatlarga tajovuzlarning bahonasi bo‘lib xizmat qilmaydi. Bag‘rikenglikni alohida shaxslar, guruhlar va davlatlar namoyon qilishi lozim.

Uchinchi ta’rif: Bag‘rikenglik – inson huquqlarini qaror toptirish, plyuralizm (shu jumladan, madaniy plyuralizm), demokratiya va huquqning tantanasi uchun ko‘maklashish majburyatidir. Bag‘rikenglik – aqidabozlikdan, haqiqatni mutlaqlashtirishdan voz kechishni anglatuvchi va inson huquqlari sohasidagi xalqaro-huquqiy hujjatlarda o‘rnatilgan qoidalarni tasdiqlovchi tushunchadir.

Shuni ham ta’kidlash joizki, bag‘rikenglik o‘zbek xalqi ma’naviyati va madaniyatining ajralmas qismi hisoblanadi. Yurtimizda nafaqat ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy, ma’naviy-ma’rifiy sohalar rivojiga, balki zaminimizda istiqomat qilib kelayotgan turli millat va elatlar o‘rtasida do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlash, diniy bag‘rikenglik tamoyillarini qaror toptirishga ham alohida e’tibor qaratib kelinmoqda.

Mamlakatimizda davlat siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri – bag‘rikenglik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish, millatlararo va fuqaroviy o‘zaro ahillikni mustahkamlash, yosh avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashdir. Bu haqda so‘z yuritganda, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi ushbu yo‘nalishda yaratilgan va yaratilayotgan barcha zarur sharoitlar uchun mustahkam huquqiy asos ekanini ta’kidlash lozim.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasida bag‘rikenglik siyosatiga alohida e’tibor qaratilgan. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “O‘zbekiston – ulkan imkoniyat va boyliklarga ega mamlakat. Lekin bizning eng katta boyligimiz – turli millat va elatlar, diniy konfessiyalar vakillari o‘rtasidagi tinchlik va barqarorlik, o‘zaro hurmat va hamjihatlikdir”.

Haqiqatan ham, bugungi kunda mamlakatimizda 130 dan ziyod millat va elat vakillari yagona va ahil oila bo‘lib yashayotgani, fidokorona mehnati bilan jonajon O‘zbekistonimiz ravnaqiga munosib hissa qo‘shayotgani ayniqsa quvonarlidir. Biz bunday bebaho boylik bilan haqli ravishda faxrlanamiz.

O‘zbekiston Prezidentining davlatimiz va jamiyatimizning bor kuch va imkoniyatlarini mamlakatimizdagi do‘stlik va ahillik muhitini yanada mustahkamlashga yo‘naltirilgan bag‘rikenglik siyosati izchil davom etmoqda. Shu o‘rinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev 2017 yil 19 sentyabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida “Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik” deb nomlangan maxsus rezolyusiyani qabul qilish tashabbusi bilan chiqqani jahon hamjamiyatining diqqatini tortganini esga olish ayni muddaodir.

BMT Bosh Assambleyasining 73-sessiyasida ushbu nufuzli xalqaro tashkilotga a’zo davlatlar tomonidan yakdillik bilan qabul qilingan mazkur Rezolyusiyaga 50 dan ortiq mamlakat hammuallif bo‘lish istagini bildirgani bejiz emas. Binobarin, Rezolyusiyada ma’rifat, tinchlik, inson huquqlari, bag‘rikenglik va do‘stlikni ilgari surish qanchalik muhimligi, shuningdek, dunyoda xavfsizlik va tinchlikni mustahkamlash uchun integratsiya, o‘zaro hurmat, inson huquqlarini himoya qilish, bag‘rikenglik va o‘zaro tushunishning ulkan ahamiyati e’tirof etilgan.

Markaziy Osiyo mintaqasida joylashgan O‘zbekistondagi bag‘rikenglik tamoyillariga asoslangan barqarorlik yuksak e’tibor va ehtiromga munosibdir.

Mamlakatimizda istiqomat qiladigan turli millat va elatlarning o‘zaro totuvligisiz, rasman ro‘yxatdan o‘tgan 16 diniy konfessiya vakillari o‘rtasidagi barqaror bag‘rikenglik munosabatlarisiz davlat va jamiyat taraqqiyotini tasavvur etib bo‘lmaydi. Harakatlar strategiyasi doirasida yurtimizda diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlash borasida yangi va yanada muhim natijalar qo‘lga kiritildi.

Endilikda hayotbaxsh islohotlarimizning uzviyligi va davomiyligini ta’minlash maqsadida “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” degan tamoyil asosiy g‘oya va bosh mezon sifatida kun tartibiga qo‘yildi. Ushbu strategiyada yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari eng oliy qadriyat etib belgilandi.

Shunday ekan, millati, tili va dinidan qat’i nazar, yurtimizda yashayotgan har bir fuqaroning, butun xalqimizning farovonligini ta’minlashga xizmat qiladigan “Yangi O‘zbekiston – xalqchil va insonparvar davlat” g‘oyasini hamjihat bo‘lib amalga oshiramiz. Yangi O‘zbekistonni birgalikda, bag‘rikenglik bilan bunyod etamiz.

 

Oydin Ibrohimova

Powered by GSpeech