Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Brayl yozuvidagi axborot mahsulotlarini mahalliy sharoitda tayyorlash yo‘lga qo‘yildi

Sirdaryo viloyatida inklyuziv ta’lim va to‘siqsiz muhitni rivojlantirish borasida yana bir muhim qadam tashlandi. Guliston tumanidagi ko‘zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan 11-sonli "Nurli maskan" maktab-internatida zamonaviy Nosai UV Flatbed Printer uskunasi ishga tushirilib, Brayl yozuvidagi hamda taktil axborot mahsulotlarini mahalliy sharoitda tayyorlash yo‘lga qo‘yildi.

Mazkur loyiha mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun teng imkoniyatlar yaratish, ularning axborotdan mustaqil foydalanishini ta’minlash va ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarida to‘siqsiz muhitni kengaytirishga qaratilgan islohotlarning amaliy ifodasi bo‘ldi.

Yuqori texnologiyali qurilma shisha, metall, yog‘och, akril, plastmassa, keramika, teri, MDF va boshqa turli materiallar yuzasiga tasvir hamda yozuvlarni yuqori aniqlikda to‘g‘ridan-to‘g‘ri bosib chiqarish imkoniyatiga ega. Bu esa Brayl alifbosidagi axborot belgilarini, taktil yo‘naltiruvchi ko‘rsatkichlarni, eshik va xonalar uchun maxsus lavhalarni, relefli grafika va ko‘rish imkoniyati cheklangan shaxslarga mo‘ljallangan o‘quv-metodik materiallarni tayyorlash imkonini beradi.

image


Eng muhimi, mazkur mahsulotlar endi chetdan buyurtma qilishga ehtiyoj qoldirmay, mahalliy sharoitda tez va sifatli ishlab chiqariladi. Bu esa vaqt va mablag‘ni tejash bilan birga, inklyuziv muhitni yanada kengaytirishga xizmat qiladi.

image


— Maktabimizda zamonaviy Nosai UV Flatbed Printer uskunasining ishga tushirilishi faoliyatimizda yangi bosqichni boshlab berdi. Endi Brayl alifbosidagi axborot belgilarini, taktil yo‘naltiruvchi vositalarni, kabinet va eshiklar uchun maxsus lavhalarni, o‘quv-metodik materiallar hamda relefli grafikalarni o‘zimiz tayyorlash imkoniyatiga ega bo‘ldik.Eng muhimi, bu mahsulotlar nafaqat maktab-internatimiz ehtiyojini ta’minlaydi, balki davlat idoralari, ta’lim va tibbiyot muassasalari, banklar, madaniyat markazlari hamda boshqa tashkilotlarda to‘siqsiz muhitni shakllantirishga ham xizmat qiladi. Bu esa ko‘rish imkoniyati cheklangan insonlarning axborotdan mustaqil foydalanishi va jamoat joylarida erkin harakatlanishi uchun muhim ahamiyatga ega. Kelgusida loyihani yanada kengaytirish, mahsulot turlarini ko‘paytirish hamda ijtimoiy sheriklar bilan hamkorlikni mustahkamlash orqali inklyuziv muhit rivojiga munosib hissa qo‘shishni maqsad qilganmiz, — deydi “Nurli maskan” ixtisoslashtirilgan maktab-internati direktori Nigora Balikova.

image


Yangi uskunaning imkoniyatlari faqat ta’lim muassasasi ehtiyojlari bilan cheklanmaydi. Endi davlat va nodavlat tashkilotlari, ta’lim va tibbiyot muassasalari, banklar, madaniyat maskanlari hamda boshqa ijtimoiy ob’ektlar uchun Brayl yozuvidagi peshlavhalar, axborot stendlari, kabinet va eshik belgilari, taktil navigatsiya vositalari ham mahalliy sharoitda tayyorlanadi.

Bu o‘z navbatida mamlakatimizda inklyuziv jamiyatni shakllantirish, ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarini zamonaviy talablar asosida jihozlash va nogironligi bo‘lgan shaxslarning axborotdan teng foydalanish huquqini ta’minlashga xizmat qiladi.

image


Loyihaning yana bir muhim jihati uning ta’limiy ahamiyatidir. Zamonaviy uskuna o‘quvchilarning amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish, raqamli texnologiyalar bilan ishlash malakalarini oshirish va kelgusida zamonaviy kasblarni egallashi uchun mustahkam poydevor yaratadi.

image


Darhaqiqat, «Nurli maskan»da amalga oshirilgan mazkur tashabbus zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlarini inson manfaati yo‘lida samarali qo‘llashning yana bir yorqin namunasi bo‘ldi. Eng muhimi shundaki, endi Brayl yozuvidagi va taktil axborot mahsulotlari Sirdaryoning o‘zida tayyorlanishi inklyuziv muhitni yanada rivojlantirish, ko‘rish imkoniyati cheklangan insonlarning hayot sifati va ijtimoiy faolligini oshirishga munosib hissa qo‘shadi.


G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri

Nashr sanasi 31.07.2026 Ko'rishlar 97
Ulashish