Birlashgan Qirollik parlamenti Tashqi ishlar qo‘mitasi a’zolarining aksariyati hukumatni Falastin davlatini zudlik bilan tan olishga chaqirdi. Bu jarayon Prezident Emmanuel Makron sentyabrda BMT sessiyasida Fransiya tomonidan Falastin rasman tan olinishini e’lon qilgandan so‘ng yanada avj oldi.
Mehnat va Liberal-demokratlar partiyalari deputatlari tayyorlagan hisobotda Falastin xalqi o‘z davlatiga egalik qilishi "muhokama qilinmaydigan huquq ekani, bu ish hech qanday shartga bog‘liq bo‘lmasligi kerak"ligi ta’kidlangan.
Ikki konservativ deputat — Afra Brandret va ser Jon Uittingdeyl taklifga qo‘shilmadi. Ular Falastin davlati tan olinishi Yaqin Sharq mojarosining uzoq muddatli siyosiy yechimi doirasida amalga oshirilishi kerakligi, bu amaldagi hukumat pozitsiyasiga ham mos kelishiga e’tibor qaratgan.
Bosh vazir Kir Starmer avvalroq Falastin davlatini tan olish "eng kuchli ta’sir ko‘rsatadigan payt" amalga oshirilishini aytgandi. Hozirgi hujjatda ayni yondashuv tanqid qilinib, "hukumat mukammal fursatni kutishi noo‘rinligi, chunki bunday kun hech qachon kelmasligi ham mumkin"ligiga urg‘u berilgan.
So‘nggi haftalarda 60 dan ortiq deputat va London meri Sodiq Xon ham chaqiriqni qo‘llab-quvvatlagan.
Musulmon Ziyo, O‘zA
- Qo'shildi: 25.07.2025
- Ko'rishlar: 558
- Chop etish