BUTUNJAHON KONFERENTSIYASI YAKUNI: Toshkent Yoshlar deklaratsiyasi qabul qilindi

13 avgust kuni Toshkentda “Global harakatlarga yoshlarni jalb qilish” mavzuidagi Yoshlar huquqlari bo'yicha butunjahon konferentsiyasi o'z ishini davom ettirdi. Xalqaro anjuman yakunida Toshkent Yoshlar deklaratsiyasi qabul qilindi.

Toshkent Yoshlar deklaratsiyasi muxtasar muqaddima, xotima va 5 ta asosiy qismdan iborat.

Deklaratsiyaning “Pandemiya va yoshlar”, “Yoshlar – Barqaror rivojlanish maqsadlarining “drayver”i”, “Yoshlarning ta'lim va sog'liqni saqlash xizmatlaridan foydalanish imkoniyati”, “Yoshlar va bandlik”, “Yoshlarning huquqlarini himoya qilish mexanizmlari” nomli qismlarining har birida yoshlar huquqlari va manfaatlarini ta'minlashga qaratilgan tegishli tashabbus, taklif hamda tavsiyalar qayd etilgan.

Butunjahon konferentsiyasining asosiy tashkilotchilari – O'zbekiston Respublikasi Hukumati, jumladan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi va O'zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi hisoblanadi.

Ushbu nufuzli xalqaro anjuman BMT Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi, BMTning O'zbekistondagi jamoasi, YEXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi va F.Ebert nomidagi jamg'arma bilan hamkorlikda o'tkazildi.

Konferentsiyaning ikki kunlik ishi davomida 67 nafar ma'ruzachi so'zga chiqdi. Shundan 49 nafari xorijiy ekspertlar, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar vakillari hisoblanadi. Milliy ma'ruzachilar 18 nafar bo'lib, 10 nafari yoshlardir.

Xalqaro anjumanning 3 ta yalpi hamda 3 ta parallel sessiyalarida 30 dan ortiq ishtirokchi munozaralarda ishtirok etdi. Ushbu qizg'in munozara va mushohadalar, o'z navbatida, yoshlarning huquqlari hamda imkoniyatlarini kengaytirish, qonuniy manfaatlarini himoya qilishga xizmat qiladi.

Konferentsiya tafsilotlari 50 dan ortiq milliy va 30 dan ortiq xorijiy ommaviy axborot vositalarida yoritildi. Ayni mavzuda milliy OAVda – 88 ming 813 ta, xorijiy OAVda – 28 ming 963 ta axborot joylashtirildi.

Xalqaro anjuman ishi haqida, Internet va ijtimoiy tarmoqlarda, xususan, Telegram, Instagram, Facebook, Linkedin, Twitter, Vkontakte va boshqa tarmoqlarda ham matnli, foto va video axborotlar izchil e'lon qilib borildi.

Xalqaro anjumanning ish jarayonlari Internetning YU-tub (youtube) kanali orqali bevosita jonli efirga uzatildi.

Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech