— Suhbatimiz Xalqaro demokratiya kuni (15-sentabr)ga to‘g‘ri keldi. Yevropa Ittifoqi vakili, diplomat va Estoniya fuqarosi sifatida siz uchun demokratiya nimani anglatadi?
— Demokratiya — eng avvalo xalq hokimiyatidir. Shaxsan men uchun bu mamlakat fuqarolari o‘zlarini boshqaradigan insonlarni ham milliy, ham mahalliy darajada tanlay olishini anglatadi. Ya’ni eng birinchi navbatda, demokratiya — o‘z yetakchilarini saylash, muayyan vaqt o‘tgach esa boshqa yetakchilarni xohlayotganini anglab, ularni almashtira olish imkoniyatidir.
— Yevropa dunyodagi demokratiya tayanchlaridan biri hisoblansa-da, so‘nggi yillarda liberal demokratiya inqirozi hamda qattiqqo‘l, markazlashgan boshqaruv modellarining jozibadorligi ortib borayotgani haqida tobora ko‘proq gapirilmoqda. Bu tendensiya qanchalik real? Jamiyatlardagi muayyan qism uchun demokratiyaning ishonarliligi chindan kam kamaydimi?
— Menimcha, bu — juda ko‘plab omillarning natijasi. Shaxsiy qarashim shuki, pirovardida demokratiya — bu bizning tabiiy holatimiz, asl mohiyatan biz istaydigan narsa. Chunki hatto: “Bizga kuchliroq yetakchilar kerak, bunchalik ko‘p partiyalar shart emas — ular juda ko‘payib ketgan”, — deydigan insonlar ham, aslida, ana shu kuchli yetakchilarni o‘zlari tanlash imkoniyatiga ega bo‘lishni xohlaydi. Oradan ma’lum vaqt o‘tib esa ular boshqa bir kuchli yetakchilarni saylashni istab qoladi. Shunday ekan, ular ham baribir demokratiyani istayadi.
Demokratiya haddan tashqari tartibsiz va murakkab bo‘lib tuyilishi mumkin. Men buni tushunaman. Yevropa va AQShda zamonaviy demokratiya endi shakllana boshlagan kezlarda har bir partiya aynan nima uchun kurashayotgani juda aniq edi. Sotsialistlar va sotsial-demokratlar ishchilar manfaatini ifodalab, ularning huquqlari uchun kurashgan. Konservatorlar jamiyatning badavlatroq qatlamlari ovozi bo‘lgan, ehtimol, cherkovning ko‘proq ta’sirga ega bo‘lishini istagan va an’anaviy qadriyatlarni himoya qilgan. Liberallar esa erkin tadbirkorlik tarafdori bo‘lgan va ko‘proq kichik biznes manfaatlarini himoya qilgan.
Bugungi Yevropada esa vaziyat unchalik oydin emas. Biz juda ko‘p masalalarda kelishib olishga muvaffaq bo‘ldik: konservatorlar xodimlar huquqlarini himoya qilish zarurligini tan oldi, sotsialistlar esa biznes uchun qulay sharoitlar yaratish kerakligi bo‘yicha hamfikr. Oqibatda partiyalar bir-biriga shu qadar yaqinlashib ketdiki, odamlar: “Xo‘sh, ularning o‘rtasida qanday farq qoldi o‘zi?” — deb so‘ray boshladi. Shunda ular haqiqatan ham ajralib turadigan, chinakamiga keskin va qat’iy gapiradigan kuchlarni qidira boshlaydi. Bu esa tub mohiyati bir-biriga juda yaqin bo‘lgan qarashlarga qaraganda ancha jozibaliroq eshitiladi.
Ammo, yuqorida aytganimdek, kuchli yetakchini yoki radikal partiyani saylashni istayotganlar ham bu tanlovni shaxsan amalga oshirish, ma’lum vaqtdan keyin esa boshqa insonlarni saylay olish huquqini qo‘ldan boy berishni xohlamaydi. Shu bois, Uinston Cherchill ta’kidlaganidek, demokratiya — boshqaruvning eng yomon shakli, agar undan oldin sinab ko‘rilgan boshqa barcha shakllarni hisobga olmasak.
— Bugungi kunda nimalarni Yevropa demokratiyalari uchun eng jiddiy muammo deb hisoblaysiz?
— Bu qisman men yuqorida tilga olgan holat bilan bog‘liq. Ayrim mamlakatlarda odamlar an’anaviy partiyalar o‘rtasida katta tafovut ko‘rmayapti va shu sababli radikal muqobillarga ovoz bermoqda. Bu esa katta muammo, chunki radikal takliflar quloqqa chiroyli eshitilgani bilan, ushbu kuchlar o‘z siyosatini amalda qanday yuritmoqchi ekaniga chuqurroq nazar tashlansa, ular ko‘pincha u qadar maqbul bo‘lib chiqmaydi.
Biroq boshqa bir jihat ham haqiqat: zamonaviy dunyo juda tez o‘zgarmoqda va ayrim insonlar o‘zlarini jarayonlardan chetda qolib ketgandek his qilmoqda. Ular an’anaviy partiyalar o‘zlarini ifodalayotganini sezmaydi va “Men siz uchun hamma narsani tubdan o‘zgartirib beraman” deyayotgan radikallarni tinglaydi.
Bir tomondan, o‘ng yoki so‘l bo‘lishidan qat’i nazar, radikal partiyalar vaziyatni tubdan ijobiy tomonga o‘zgartira olishiga ishonmayman. Ikkinchi tomondan esa, an’anaviy konservativ, sotsialistik va liberal partiyalar radikal kuchlarga ovoz berayotgan insonlar bilan til topishish yo‘llarini izlashi o‘ta muhim deb hisoblayman.
Aholining ancha salmoqli qismi o‘ta o‘ng yoki o‘ta so‘l partiyaga ovoz berdi degani — bu barcha saylovchilar so‘zsiz radikal degan xulosani bermaydi. Aslo unday emas. Ular shunchaki an’anaviy partiyalar o‘z dardu tashvishlarini ifodalayotganini ko‘rmayapti. Shu sababli an’anaviy siyosiy kuchlar “Bizda ovoz berishga boshqa hech kim qolmadi” deb o‘ylayotgan insonlar bilan muloqot o‘rnatish uchun hali juda ko‘p ish qilishlari kerak bo‘ladi.
Bugungi kunda ko‘plab Yevropa davlatlarida eng katta muammolardan biri shu: fuqarolar va siyosiy partiyalar o‘rtasidagi aloqa bir necha o‘n yil oldingidek mustahkam emas. Biz ana shu umumiy maqsad hissini qayta tiklash yo‘llarini topishimiz shart.
— Yevropa Ittifoqini tez-tez “demokratiya tanqisligi”, byurokratiya, qaror qabul qilishning murakkabligi va Bryusselning fuqarolardan uzoqlashib ketganida ayblashadi. Shuningdek, migratsiya bo‘yicha ham jiddiy kelishmovchiliklar mavjud. Ushbu e’tirozlarning qaysi birini asosli deb bilasiz va YeI ularga qanday javob qaytarmoqda?
— Eng avvalo, bunday mulohazalarning ko‘pi Yevropa Ittifoqining asl ishlash tartibini tushunmaydigan yoki tushunishni istamaydigan insonlar tomonidan ilgari suriladi deb o‘ylayman.
Tub mohiyatiga ko‘ra, YeI — 27 ta a’zo davlatning birlashmasi. Ularning davlat va hukumat rahbarlari muntazam uchrashib turadi. Va, oxir-oqibat, Yevropa Ittifoqi amal qiladigan qoidalarni aynan shu a’zo davlatlarning o‘zlari belgilab bergan. Bu qoidalarni o‘zgartirishga ham faqat ularning o‘zlari vakolatlidir.
Albatta, siz ta’kidlagandek, “demokratiya tanqisligi” haqida turli gaplar bor: go‘yoki Yevropa komissiyasi o‘z bilganicha ish yuritayotgandek taassurot uyg‘otiladi. Biroq Yevropa komissiyasiga vakolatlarni aynan o‘sha a’zo davlatlar va ularning fuqarolari tomonidan saylangan hukumatlar taqdim etgan. Boshqacha aytganda, Yevropa komissiyasining vakolatlari YeIning barcha 27 mamlakatidagi demokratik yo‘l bilan saylangan hukumatlar tomonidan berilgan. Bu yerda hech qanday demokratiya tanqisligi yo‘q.
Agar migratsiya haqida gapiradigan bo‘lsak — bu, shubhasiz, jiddiy bahslar mavzusi — aslida bu masala to‘g‘ridan to‘g‘ri Yevropa komissiyasi ixtiyorida emas. Mazkur masala a’zo davlatlarning o‘z qo‘lida: yagona siyosat bo‘yicha aynan ular o‘zaro kelishib oladi.
Biroq bu yerda boshqa bir muammo ko‘zga tashlanadi. A’zo davlatlar siyosatchilari ko‘pincha o‘z yurtlariga qaytib: “Bryussel shunday qaror qildi” yoki “Bryussel shuni talab qildi” deyishadi. Vaholanki, qandaydir mavhum “Bryussel"ning o‘zi mavjud emas. Bu — a’zo davlatlar bergan vakolatga tayanib harakat qilayotgan Yevropa komissiyasi yoki a’zo davlatlar vakillarining — masalan, Bryusselda u yoki bu formatda uchrashgan vazirlarning birgalikdagi qaroridir.
Yana takrorlayman: bu qandaydir noma’lum Bryussel emas. Bu — a’zo davlatlarning o‘zlari qabul qilgan qaror. Ammo ayrim qarorlar jamiyatda unchalik ommabop bo‘lmasligi mumkin. Shu sababli “Men o‘z mamlakatimning vaziri sifatida ushbu qarorni qabul qilishda ishtirok etdim va mas’uliyatni o‘z zimmamga olaman” deyishdan ko‘ra, “Xullas, buni Bryussel qildi” deb qutulish ancha osonroq.
Ta’kidlab o‘tamanki, bu yerda haqiqiy demokratiya tanqisligi mavjud emas. A’zo davlatlar siyosatchilari uchun esa go‘yoki shunday muammo bordek taassurot uyg‘otmaslik juda muhim, chunki bu ommalashgan, lekin mutlaqo noto‘g‘ri bo‘lgan qarashlarni oziqlantiradi.
— Endi O‘zbekiston haqida gaplashsak. 2017-yilda islohotlar boshlanganidan so‘ng O‘zbekiston xalqaro hamjamiyat tomonidan yuqori baholangan qadamlarni tashladi: huquq himoyachilari siyosiy mahbus deb bilgan shaxslar ozod qilindi, chiqish vizalari bekor qilindi, paxta terimidagi tizimli majburiy mehnatga barham berildi. Bugungi kunda demokratik o‘zgarishlarning o‘sha dastlabki sur’ati saqlanib qolmoqdami? YeI O‘zbekistonning demokratlashuv yo‘lidagi natijalarini qanday baholaydi?
— Menimcha, 70 yillik sovet diktaturasi va undan keyin mustaqil O‘zbekiston uchun murakkab kechgan 25 yildan so‘ng, islohotlarning bir kechada to‘liq amalga oshishi mumkin emas. Eng muhimi — haqiqatan ham juda ko‘p ishlar qilindi. Va asosiy masala — islohotlar jarayoni to‘xtab qolmasdan, taraqqiyot yo‘nalishida davom etishidir.
Yuqorida eslatib o‘tganingizdek, men estoniyalikman. Va shuni aytishim mumkinki, 1980-yillar oxiri — 1990-yillar boshida Estoniyada sodir bo‘lgan voqealardan juda mamnunman. O‘sha paytda bizda barqarorlikni ta’minlagan davlat tizimini yaratgan yetakchilar bor edi. Bu tizim aniq bir shaxsga emas, balki mamlakatga har qanday alohida insondan ko‘ra uzoqroq yashay oladigan va uzoq muddatli barqarorlikni kafolatlaydigan davlat tuzilmasi kerakligini anglashga asoslangandi.
O‘ylaymanki, bu eston rahbarlarining juda muhim va oqilona qadami bo‘lgan — o‘shanda poydevori qo‘yilgan institutlar bugungi kungacha faoliyat yuritmoqda.
O‘zbekistonda ham mustahkam tizimlarni shakllantirish zarurligi haqida ochiq aytilmoqda. Pirovardida har qanday davlat uchun uzoq istiqbolda eng muhim narsa — bu bir kishiga qarab qolmagan, aksincha, mamlakat va uning xalqi uchun barqarorlik, xavfsizlik va farovonlikni kafolatlaydigan barqaror davlat tizimiga ega bo‘lishdir.
— Shunday bo‘lsa-da, sizningcha, 2017-yilda boshlangan islohotlar to‘lqini o‘z chegarasiga yetib keldimi? Yoki keyingi rivojlanish shunchaki hozirgi natijalarni mustahkamlash bilan cheklanib qoladimi?
— Menimcha, bu savolni birinchi navbatda O‘zbekiston fuqarolariga bergan ma’qul. Axir, agar “demokratiya — xalq tomonidan xalq uchun yaratilgan tizim” degan dastlabki qoidaga qaytadigan bo‘lsak, O‘zbekiston fuqarolarining fikrini eshitish eng muhimidir: ularning nazarida vaziyat qanday rivojlanmoqda va u qanday yo‘nalishda davom etishi kerak?
Albatta, kuzatuvchi sifatida shaxsiy qarashlarim va fikrlarim bo‘lishi tabiiy. Va men chindan ham oldinga intilish, 2017-yilda boshlangan islohotlarni davom ettirish o‘ta muhim deb hisoblayman.
Biroq, oxir-oqibat, ishlar qanchalik sifatli va to‘laqonli bajarilganini, yana nimalar qilinishi kerakligini asosan O‘zbekiston fuqarolarining o‘zlari baholashlari lozim. Shuningdek, ularda mamlakat rahbariyati bilan doimiy muloqot olib borish, fuqarolar va siyosiy rahbariyat bir to‘lqinda bo‘lishini ta’minlash imkoniyati bo‘lishi kerak.
— 2023-yildan buyon O‘zbekiston Jahon matbuot erkinligi indeksida o‘z mavqeyini yo‘qotib bormoqda. YeI buni vaqtinchalik chekinish deb biladimi yoki media erkinligidagi tizimli pasayish sifatida baholaydimi? Yevropa Ittifoqi O‘zbekiston hukumatining qaysi qadamlarini vaziyatning real yaxshilanishi ishorasi deb hisoblagan bo‘lardi?
— Bor-yo‘g‘i bir necha kun avval men bir guruh ayol jurnalistlar bilan uchrashdim. Ular bilan suhbatda ham bir muhim masalani ko‘tardim: jurnalistlar o‘z ishini hech qanday qo‘rqitishlarsiz, oqibatlardan xavfsiramasdan erkin bajarish imkoniga ega bo‘lishlari shart.
Albatta, har bir inson — u xoh nufuzli bo‘lsin, xoh oddiy — o‘z sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish huquqiga ega. Bu — mutlaqo to‘g‘ri va har qanday mamlakat uchun tabiiy hol. Masala buning aynan qay yo‘sinda amalga oshirilishida.
Jurnalistlar, shubhasiz, o‘z faoliyatiga mas’uliyat bilan yondashishlari va faqat aniq faktlarni yetkazishlarini nazorat qilishlari kerak. Ammo jurnalistlarning bu faktlarni, kim bo‘lishidan — nufuzli shaxsmi yoki yo‘qmi — qat’i nazar, hech kim ularni qo‘rqitib bosim o‘tkazmasligiga ishonib, erkin yetkaza olishi ham xuddi shunday muhimdir.
Va bu borada, nazarimda, O‘zbekiston hali juda ko‘p ishlarni amalga oshirishi kerak. Mamlakatdagi OAV holati bo‘yicha menga ma’lum bo‘lgan narsa shuki, afsuski, ba’zida jurnalistlar u yoki bu mavzu salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan cho‘chib, uni yoritmaslikni ma’qul ko‘radi. Yoxud material e’lon qilinganidan so‘ng ularga nisbatan nohaq bosimlar o‘tkaziladi.
Menimcha, bir narsani to‘g‘ri anglash lozim: erkin va faol matbuot yanada kuchli jamiyat qurish uchun juda foydali vositadir. Erkin va ochiq OAV qaror qabul qiluvchilar uchun ilg‘ash qiyin bo‘lgan muammolarni yuzaga chiqaradi. Ular kimdir yashirishni xohlayotgan kamchiliklarni oshkor etishi mumkin. Ular ilgari yetarlicha e’tibor berilmagan masalalarga jamoatchilik diqqatini qarata oladi.
Erkin OAV — kuchli, farovon va ozod mamlakatni barpo etishda o‘ta muhim hamkor. Bu — qadrlanishi va qo‘llab-quvvatlanishi kerak bo‘lgan qadriyat. Shu ma’noda, O‘zbekistonda hali ishlash kerak bo‘lgan jihatlar bor deb hisoblayman.
— Yaqinda Prezident administratsiyasi to‘g‘risida konstitutsiyaviy qonun qabul qilindi. Uning davlat boshqaruvi hamda tiyib turish va muvozanat tizimiga ta’sirini qanday baholaysiz?
— O‘ylaymanki, bu savolni birinchi navbatda ushbu qonunga ovoz berib, uni qabul qilgan O‘zbekiston parlamenti a’zolariga berish to‘g‘riroq bo‘ladi.
Davlat tizimini turlicha shakllantirish va tashkil etish mumkin. Kuchli parlamentga ega davlatlar bor, kuchli prezidentlik boshqaruvidagi mamlakatlar bor, gibrid tizimga ega davlatlar mavjud. Shu sababli aynan shu yerda, Toshkentda qaror qabul qiluvchilar davlat tuzilishining qaysi tizimini afzal ko‘rishlari va qanday mexanizmlarni ma’qullashlarini o‘zlari belgilashlari lozim.
— Yevropa Ittifoqi O‘zbekistondagi demokratik o‘zgarishlarni ekspertlik va moliyaviy yordam orqali qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Asosiy ko‘mak qaysi yo‘nalishlarga qaratilgan va YeI erishilgan natijalarni qanday baholaydi?
— Biz O‘zbekistonni turli sohalarda qo‘llab-quvvatlab kelyapmiz. Hamkorligimizning salmoqli qismini qishloq xo‘jaligi tashkil etdi. Biz ijtimoiy xizmatlar, atrof-muhitni muhofaza qilish va, albatta, keng ma’nodagi to‘g‘ri boshqaruv sohasida ko‘mak ko‘rsatdik — xoh u korrupsiyaga qarshi kurash bo‘lsin, xoh biz hozir tilga olayotgan hududiy rejalashtirish bo‘lsin.
Hududiy rejalashtirish yo‘nalishida biz O‘zbekistondagi rahbarlarga yanada sifatliroq qarorlar qabul qilishda ko‘maklashishga harakat qilmoqdamiz: ya’ni nima qayerda joylashishi kerakligini — to‘g‘rirog‘i, qanday infratuzilma allaqachon qayerda mavjudligini tushunish, shaharlarni qanday qilib yanada samarali qurish va loyihalashtirish mumkinligini ko‘rsatishga intilyapmiz.
Qisqacha aytganda, biz O‘zbekistonning yanada barqaror va qudratli davlatga aylanishiga yordam berish yo‘lida ishladik. Bunda biz ham davlat tuzilmalariga, ham fuqarolik jamiyatiga ko‘mak beramiz. Shuningdek, tabiiy resurslarni boshqarish — ham agrar sohada, ham undan tashqarida — yanada samarali bo‘lishi va bu resurslardan oqilona foydalanilishi uchun atrof-muhit va qishloq xo‘jaligiga ham alohida e’tibor qaratmoqdamiz.
Hozirgi kunda, tabiiyki, bizni O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish va mustahkamlash masalasi ham juda qiziqtiradi. Bu Global Gateway dasturi doirasidagi o‘zaro bog‘liqlikni kuchaytirish demakdir — xoh u Transkaspiy transport koridori bo‘lsin, xoh yanada sifatli sun’iy yo‘ldosh infratuzilmasi va aloqasini rivojlantirish bo‘lsin.
— 2025-yilda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Unda demokratiya, inson huquqlari va qonun ustuvorligi qanday o‘rin egallaydi? Ushbu sohalardagi yutuqlar yoki chekinishlarni hamkorlikning amaliy tomoni — YeI yordami hajmi va qo‘shma loyihalar soni bilan bog‘laydigan mexanizm mavjudmi?
— Avvalo, Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolash orqali biz sheriklar sifatida har ikki tomon ham demokratiya, inson huquqlari va qonun ustuvorligini yuksak qadrlashini hamda bular har ikkala taraf uchun ham muhim tamoyillar ekanini rasman e’lon qildik.
Mavjud hamkorlik doirasida biz inson huquqlari va qonun ustuvorligi bo‘yicha muntazam muloqot olib boramiz. Bundan tashqari, bizda GSP+ dasturi mavjud bo‘lib, uning doirasida Yevropa Ittifoqi o‘zbek mahsulotlari uchun Yevropa bozoriga imtiyozli kirish imkoniyatini taqdim etadi. Buning evaziga esa biz O‘zbekistonning inson huquqlari, mehnat huquqlari, ekologik standartlar va boshqa masalalarga oid BMT konvensiyalariga rioya etishini kutamiz.
GSP+ doirasida muntazam ravishda monitoring o‘tkazib boriladi. Uning natijalari e’lon qilinadi va ochiq manbalarda saqlanadi. Ya’ni O‘zbekistondagi istalgan fuqaro ularni o‘qib, tahlil qilib, YeI o‘tgan davr mobaynida mamlakatdagi vaziyat rivojiga qanday baho berganini ko‘rishi mumkin. Va, albatta, mazkur tahlil natijalari O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi keyingi muloqotlarimiz uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.
— Inson huquqlari va demokratiya sohasidagi ko‘plab islohotlar sudlarning ushbu qadriyatlarni himoya qilish qobiliyatiga hamda sud tizimining mustaqilligiga chambarchas bog‘liq. Bundan tashqari, sudlarning adolatli va mustaqilligi investorlar uchun ham hal qiluvchi ahamiyatga ega. YeI O‘zbekistonning bu boradagi yutuqlarini qanday baholaydi?
— Ha, o‘ylaymanki, siz juda dolzarb masalani ko‘tardingiz. Yevropalik investorlar, shuningdek, “Katta yettilik” (G7) mamlakatlari va Avstraliya yoki Yangi Zelandiya kabi boshqa g‘arb demokratiyalaridan bo‘lgan sarmoyadorlar muayyan mamlakatga mablag‘ kiritish yoki kiritmaslikni hal qilishda aynan qonun ustuvorligi holatiga qaraydi.
Bunda gap nafaqat kompaniya rahbariyatining ma’lum bir davlatga sarmoya kiritish istagida, balki kompaniya aksiyadorlari bu mamlakatni o‘z pullarini yo‘naltirish uchun haqiqatan ham ishonchli hudud deb bilishida hamdir. Shu sababli qonun ustuvorligi — va odamlarning uning holatini qanday qabul qilishi — g‘arb investorlari tomonidan qaror qabul qilinishida nihoyatda muhim omil sanaladi.
O‘zbekistonda yevropalik kompaniyalar unchalik ko‘p emas — har holda, shaxsan men xohlagan darajadan ancha kam. Va, menimcha, bu ko‘plab kompaniyalar O‘zbekistonga kirish uchun hali ham o‘zlarini yetarlicha ishonchda his qilmayotganidan dalolat beradi. Ularni bunga ishontirish uchun hali talaygina ishlarni amalga oshirish kerak.
Qonun ustuvorligi sohasida nafaqat barcha ishlarni to‘g‘ri bajarish, balki odamlar hamma narsa adolatli qilinayotganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rishlari ham shart. Bu esa shaffoflik demakdir. Bu sud majlislari va jarayonlarining ochiqligini anglatadi. Bu apellyatsiya jarayonlari ham mutlaqo shaffof bo‘lishi kerakligini bildiradi.
Ko‘p jihatdan bu — insonlarning qabul qilishi, ishonchi masalasi. Biz istagancha eng mukammal qonunlarni qabul qilishimiz mumkin. Ammo odamlarda nimadir noto‘g‘ri ketayotgandek taassurot saqlanib qolsa, bu — muammo. Va u bilan jiddiy shug‘ullanish zarur.
Xalqda “mijoz hamisha haq” degan naql bor. Xuddi shu tamoyil fuqaroga nisbatan ham amal qiladi. Oxir-oqibat, aynan fuqaro o‘zini ishonchda his qilayotganini, hukumat yoki sud qarorlarini adolatli va qonuniy deb bilish-bilmasligini o‘zi hal qilishi kerak. Yakuniy bahoni aynan fuqaro berishi shart. Agar inson ishlar risoladagidek ketmayotganini sezayotgan bo‘lsa, demak, hal qilinishi kerak bo‘lgan muammo mavjud.
— Yevropa Ittifoqi va Yevropa davlatlari tez-tez murakkab tanlovga duch keladi: siyosiy va iqtisodiy jihatdan muhim bo‘lgani uchun davlat bilan hamkorlik qilish kerakmi yoki hamkorlik darajasini inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi yutuqlar bilan qat’iyroq bog‘lash lozimmi? Bu chegara qayerdan o‘tadi va YeI O‘zbekiston hamda Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlari bilan munosabatlarda bu muvozanatni qanday ushlab turibdi?
— Men biroz boshqacharoq rakursdan misol keltiraman — O‘zbekistonga qo‘shni bo‘lgan, biroq mutlaqo boshqacha vaziyatdagi Afg‘onistonni olaylik.
Afg‘oniston holatida Yevropa Ittifoqi va unga a’zo davlatlar ma’lum bir paytda shunday qarorga keldi: “Tolibon” muayyan shartlarni bajarmaguncha biz ular bilan hech qanday aloqa o‘rnatmaymiz. Va, tabiiyki, ular ayollar va qizlarni kamsitishda davom etar ekan, biz toliblar bilan hamkorlik qilishni istamaymiz.
Bu — birinchi yondashuv. Ikkinchi yondashuv esa quyidagicha: “Biz ularni o‘zgarishlarga undash uchun muloqot qilishimiz kerak. Shunda ularda yo‘qotadigan narsa paydo bo‘ladi va ularga ta’sir o‘tkazish imkoni tug‘iladi”. Bu Afg‘oniston bilan bog‘liq juda o‘ziga xos misol, biroq ayni shu mantiq boshqa ko‘plab xalqaro munosabatlar vaziyatlarida ham qo‘llanadi.
Menimcha, mutlaq ko‘pchilik 1970-yillarning boshida AQSh va G‘arbning Xelsinki kelishuvlari imzolanishiga erishish maqsadida Sovet Ittifoqi bilan muloqotga kirishish to‘g‘risidagi qarorini to‘g‘ri bo‘lgan deb hisoblaydi.
Ushbu hujjat insonlarga muayyan huquqlarni kafolatladi va yakunda Xelsinki qo‘mitalarining, jumladan, Sovet Ittifoqida ham paydo bo‘lishiga olib keldi. Bu qo‘mitalar hujjatda mustahkamlangan huquqlarga rioya qilinishini talab qilib chiqdi. Va bu — Sovet Ittifoqi bilan muloqotdan butunlay voz kechishdan ko‘ra ancha to‘g‘ri qaror bo‘lgan edi.
Demokratik davlatlarning to‘laqonli demokratiyaga qarab muayyan yo‘lni bosib o‘tishi kerak bo‘lgan mamlakatlar bilan hamkorlik qilishi, turli sharoitlarda bu davlatlarning yanada ochilishiga va umuminsoniy qadriyatlarning keng yoyilishiga xizmat qilgan deb o‘ylayman.
Shaxsiy fikrim shuki, Yevropa Ittifoqi uchun dunyoning barcha mamlakatlari bilan ishlash nihoyatda muhim. Biroq, shu bilan birga, biz uchun o‘z qadriyatlarimizni ta’kidlash, o‘zimiz muhim deb bilgan sohalarga — xoh u OAV, fuqarolik jamiyati, mehnat huquqlari yoki boshqa masalalar bo‘lsin — e’tibor qaratilishini qat’iy talab qilish ham birdek zarurdir.
Men bu yondashuvlarni bir-birini inkor etuvchi deb hisoblamayman. Aksincha, ular bir-birini to‘ldiradi. Ta’sir o‘tkazish richaglariga ega bo‘lish va nimanidir o‘zgartira olish uchun hamkorlik qilish, muloqot olib borish o‘ta muhim.
Va, pirovardida, so‘zim avvalida aytganimdek, turli jamiyatlar va mamlakatlar duch kelishi mumkin bo‘lgan barcha qiyinchiliklarga qaramay, demokratiya — eng yaxshi tizimdir. Bu esa dunyoning barcha xalqlari bilan yo‘limiz bir ekanini anglatadi. Biz shunchaki demokratiya barchamizga qanday ulkan naf keltirishini birgalikda anglashga erishish uchun umumiy harakatlar qilishda davom etishimiz kerak.
— Demokratiyani qachon to‘liq barpo etilgan deb hisoblash mumkin? Boshqacha aytganda, u qachon rivojlanayotgan bosqichdan rivojlangan bosqichga o‘tadi?
— Menimcha, demokratiyaning qandaydir yakuniy, to‘liq tayyor mahsulot sifatidagi shakli mavjud emas. Agar Yevropaga nazar tashlasangiz, 1970−1980-yillarda G‘arbiy Yevropa demokratiyasi, ehtimol, mumkin bo‘lgan eng mukammal darajada, deb aytish mumkin edi. Bugun esa bizda ham muayyan qiyinchiliklar yuzaga keldi.
Bu shuni anglatadiki, bir marta va umrbodga erishiladigan barqarorlik bo‘lmaydi. Doimiy ravishda izlanish, yuzaga kelayotgan muammolarni muntazam hal qilib borish zarur.
Demokratiyaning asl mohiyati ham aynan shunda: qaror qabul qiladigan va qabul qilishi kerak bo‘lgan insonlar o‘zlarini ushbu tizimning uzviy bir bo‘lagi sifatida his qilishlarini doimo ta’minlab turish lozim. Toki ular bir yoqadan bosh chiqarib, ushbu mukammal bo‘lmagan, ammo baribir eng ezgu tizimni birgalikda qurishda davom etishni istasin.
Gazeta.uz
