Barqaror rivojlantirish maqsadlariga erishish dunyo mamlakatlari qatori biz uchun ham hayotiy ahamiyatga ega

– Barqaror rivojlantirish maqsadlariga erishish dunyo mamlakatlari qatori biz uchun ham hayotiy ahamiyatga ega bo'lib, keyingi besh yilda ushbu masala Yangi O'zbekistonni barpo etishning ustuvor yo'nalishlaridan biriga aylandi. Xususan, global miqyosda belgilangan 17 maqsadning 16 tasi O'zbekiston uchun dolzarb ahamiyatga ega. 2017–2021 yillarda mamlakatni rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha qabul qilingan Harakatlar strategiyasi, hech shubhasiz, ushbu maqsadlariga bosqichma-bosqich erishishga xizmat qilmoqda.

Qolaversa, mazkur maqsadlarga hamohang ravishda 2018 yilda O'zbekiston Hukumati tomonidan 2030 yilgacha bo'lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalar, ularga oid indiktorlarning tasdiqlangani, milliy maqsad va vazifalarni amalga oshirish bo'yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tuzilgani hamda tegishli.

“Yo'l xaritasi” tasdiqlangani bu boradagi ishlarimizni tizimli tarzda olib borish imkonini bermoqda. Jumladan, o'tgan davr mobaynida deyarli barcha muhim ijtimoiy-iqtisodiy sohalarni keyingi besh, o'n yilda rivojlantirish istiqbollarini belgilovchi strategiya va kontseptsiyalar qabul qilinib, izchillik bilan amalga oshirilmoqda.

Birgina ta'lim sohasidagi islohotlarimiz samarasi o'laroq, maktabgacha ta'lim qamrovi ikki baravardan ziyodga kengaydi. Oliy ta'lim muassasalari soni ikki baravarga, qabul o'rinlari esa qariyb uch baravarga oshdi. Sog'liqni saqlash tizimidagi keng ko'lamli islohotlar esa pandemiya davrida o'zini to'la oqladi.

Iqtisodiyotni rivojlantirish, sanoat, ishlab chiqarish tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish, sohada davlat ishtirokini qisqartirish, kichik hamda o'rta biznesni qo'llab-quvvatlash borasidagi islohotlar bois aholi farovonligi, jumladan daromadlari ortib bormoqda.

Yana bir jihat. O'tgan yilda BMTning Iqtisodiy va Ijtimoiy Kengashi (EKOSOS) boshchiligida o'tkazilgan oliy darajadagi siyosiy forumda O'zbekistonning BRMni amalga oshirishga doir birinchi Ixtiyoriy milliy hisoboti taqdim etildi. Mamlakatimiz ilk marotaba barqaror rivojlanish bo'yicha oliy darajadagi siyosiy forumga ushbu sharhni taqdim etgan 49 ta davlat safidan joy oldi. Amalga oshirayotgan sa'y-harakatlarimiz xalqaro reyting agentliklari tomonidan ham munosib baholanmoqda.

Bertel`sman fondining 2020 yilgi hisobotida O'zbekiston BRM ko'rsatkichlariga erishish bo'yicha 193 ta mamlakat orasida 66-o'rinni egalladi. Qolaversa, yetakchi xalqaro moliya tuzilmalari e'tirofiga ko'ra mamlakatimiz iqtisodiyoti barqaror o'smoqda.

Jahon bankining “Biznes yuritish – 2020” hisobotida mamlakatimiz biznes muhitini yaxshilash bo'yicha eng yuqori natijalarni ko'rsatgan 20 ta mamlakat qatoriga kiritildi.

Tanzila NARBAEVA, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi

Manba: senat.uz

Powered by GSpeech