Odam savdosiga qarshi kurashishda global tahdidlar: jamiyatning roli va xalqaro hamkorlik

Joriy yilning 29-iyul kuni Toshkent shahrida Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari bo‘yicha milliy komissiya tomonidan Xalqaro migratsiya tashkiloti va BMTning Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda “Odam savdosiga qarshi kurashda global chaqiriqlar: jamiyatning roli va xalqaro hamkorlik” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazildi.

30-iyul – Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni munosabati bilan tashkil etilgan ushbu anjumanda davlat idoralari, fuqarolik jamiyati institutlari, ilmiy doiralar, diplomatik vakolatxonalar va xalqaro tashkilotlardan 110 dan ortiq mutaxassislar va ekspertlar ishtirok etdi.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher Agzamxodjayev, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Ayubxon Rahmatullayev hamda Xalqaro migratsiya tashkiloti/BMT Migratsiya agentligining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Endryu Grey rasman ochib berdilar.

Bugungi globallashuv sharoitida odam savdosi jinoyati nafaqat ayrim shaxslar, balki butun jamiyat xavfsizligi va barqarorligiga tahdid solayotgani, dunyo bo‘yicha har yili millionlab insonlar odam savdosining qurboniga aylanayotgani va raqamlar oshib borayotgani alohida taʼkidlandi.

O‘zbekistonda ushbu illatga qarshi kurashish borasida ham huquqiy, ham tashkiliy jihatdan tizimli ravishda salmoqli ishlar amalga oshirib kelinayotganligi qayd etildi.

Xususan, “Odam savdosiga qarshi kurash to‘g‘risida”gi Qonun yangi tahrirda qabul qilindi, odam savdosiga oid jinoyatlar, bolalar mehnati va majburiy mehnat uchun javobgarlik choralari kuchaytirildi, milliy darajada odam savdosidan jabrlangan shaxslarni identifikatsiya qilish va qayta yo‘naltirish tizimi joriy etildi, O‘zbekistonda odam savdosiga qarshi kurashish konsepsiyasi va uni amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi hamda ijro etilmoqda.

Mazkur sohada erishilgan yutuqlarda xalqaro tashkilotlarning, xususan, BMT Migratsiya agentligining ham hissasi borligi, kelgusida ham yangi loyiha va tashabbuslarni ilgari surish bo‘yicha o‘zaro manfaatli hamkorlikni izchil davom ettirish zarurligi taʼkidlab o‘tildi.

Konferensiya doirasida “Odam savdosi: zamonaviy tahdidlar va tendensiyalar”, “Odam savdosiga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikning o‘rni”, “Odam savdosiga qarshi kurashish va jabrlanuvchilarni himoya qilishda fuqarolik jamiyati institutlarining ahamiyati” mavzularida sessiyalar ham o‘tkazildi.

Muhokamalar chog‘ida ishtirokchilar tomonidan bugungi kunda raqamli muhitning odam savdosi shakllariga taʼsiri ortib borayotganligiga, ushbu illatga qarshi kurashishda transchegaraviy muvofiqlashtirishning zarurligiga, odam savdosidan jabrlanuvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashda nodavlat tashkilotlarining roli muhim ekanligiga alohida eʼtibor qaratildi.

Anjumanda odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi milliy yutuqlar sarhisob qilinishi bilan bir qatorda, ilg‘or xorijiy tajriba bilan o‘rtoqlashildi hamda ustuvor vazifalar belgilab olindi.

O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati

Powered by GSpeech