“Hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslik” tamoyili asosida nogironligi bo‘lgan shaxslar himoyalanadi
O‘zbekiston Respublikasini barqaror rivojlantirish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalarning 2030-yilgacha bo‘lgan davrda amalga oshirilishini nazorat qilish bo‘yicha Parlament komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Parlament komissiyasining hamraisi, Senat Raisi Tanzila Norboyeva boshqargan majlisda Barqaror rivojlanish maqsadlarining “Hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslik” tamoyiliga muvofiq nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamiyatga moslashuvini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar muhokama qilindi.
Keyingi yillarda sohada juda katta o‘zgarishlar va tub islohotlar amalga oshirilgani qayd etildi. Mustahkam huquqiy va institutsional asoslar yaratildi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlash hamda himoya qilish masalalari bugungi kunda 50 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat bilan tartibga solinmoqda.

Tibbiy-ijtimoiy ekspertiza komissiyalari hamda viloyat markazlarida joylashgan 33 ixtisoslashtirilgan va pediatriya komissiyasi tugatilib, nogironlikni belgilashning tamomila yangi mexanizmi joriy etildi, korrupsiyaviy omillarga barham berildi.
Muhtojlarni protez va reabilitatsiya vositalari bilan elektron tijorat orqali vaucher asosida ta’minlash tartibi joriy qilindi. Protez va reabilitatsiya vositalari ro‘yxati 18 tadan 38 tagacha kengaytirildi. Ushbu yo‘nalishda ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi tadbirkorlar soni 5 baravar (27 tadan 134 ta)ga ko‘paydi. Shu tariqa bunday vositalarni yetkazib berish muddati 4 baravarga qisqardi.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar bandligini ta’minlash borasida ham tub islohotlar amalga oshirilmoqda. Bunday toifadagi fuqarolarni ishga olgan tadbirkorlarga qator soliq va ijtimoiy to‘lovlar bo‘yicha imtiyozlar joriy etilib, I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan tadbirkorlik sub’ektlariga 50 million so‘mgacha subsidiya ajratilmoqda.
Majlisda nogironligi bo‘lgan shaxslarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish hamda jamiyatga moslashuvini ta’minlash borasida Sirdaryo viloyatida amalga oshirilgan ishlar holatini o‘rganish yakunlari muhokama qilindi.

Xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarning qulay va to‘siqlarsiz harakatlanishi uchun har bir tuman-shaharda bitta “ijtimoiy ko‘cha” tashkil qilingan. Viloyatda 62 maktabning 81 inklyuziv sinfida inklyuziv ta’lim bilan qamrab olingan bolalar soni 117 nafarga yetgan. So‘nggi uch yilda nogironligi bo‘lgan yoshlarning oliy ta’lim bilan qamrovi darajasi 89 foizga ortgan.
2025-yil davomida viloyatda mehnatga layoqatli 19 ming 110 nafar nogiron shaxsning 5 ming 601 nafari (29 foizi)ning bandligi ta’minlangan. Shuningdek, 1 ming 462 nafar nogiron shaxs yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqda.
Majlisda mavjud tizimli muammolar ham qayd etildi. Jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni himoya qilish borasida huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun to‘siqsiz muhit yaratish hamda oliy ta’lim tizimida inklyuziv ta’limni tatbiq etish ishlarini jadallashtirish zarurligi ta’kidlandi.
Majlis yakunida Parlament komissiyasining tegishli qarori, respublika hamda Sirdaryo viloyatida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi (“yo‘l xaritasi”) qabul qilindi hamda mutasaddi vazirlik va idoralar zimmasiga ularning ijrosini ta’minlash yuzasidan zarur vazifalar yuklatildi.
N.Abduraimova, O‘zA
Ўзбекча
English
Русский