28 iyul kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat va ijtimoiy masalalar qo'mitasining kengaytirilgan yig'ilishi bo'lib o'tdi. Unda qo'mita a'zolari Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining “Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish bo'yicha “yo'l xaritasi”ning ijrosi yuzasidan axborotini eshitdi, deyiladi parliament.gov.uz sayti xabarida.
Ta'kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilishning qonunchilik va tashkiliy-huquqiy bazasini mustahkamlash, inson huquqlari bo'yicha xalqaro standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish, inson huquqlarini himoya qilish masalalari yuzasidan xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni faollashtirishga doir tizimli ishlar olib borilmoqda. Milliy qonunchilikni inson huquqlari sohasidagi xalqaro-huquqiy standartlar bilan uyg'unlashtirish bo'yicha amaliy chora-tadbirlar ko'rilmoqda.
Xususan, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish bo'yicha “yo'l xaritasi” ishlab chiqildi. Mazkur hujjat 78 banddan iborat. Shundan 46 bandning ijro muddati yakunlangan, 31 ta band o'z muddatida to'liq bajarilgan, 5 ta bandning ijro muddati uzaytirilgan, 47 bandni amalga oshirish bo'yicha ishlar davom etmoqda.
Shuningdek, Milliy strategiyada jami 33 ta qonun loyihasini ishlab chiqish nazarda tutilgan: yangi qonun loyihalari – 20 ta, amaldagi qonunlarga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritish bo'yicha qonun loyihalari –4 ta, amaldagi qonunlarning yangi tahrirdagi loyihalari – 9 ta. Ushbu bandlarning 14 tasi bajarildi, 19 tasi ijro qilinmoqda.
Vazir ta'kidlashicha, “Yo'l xaritasi”ning ijrosini ta'minlash doirasida vazirlik tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilgan. Xususan, 2020 yil 20 oktyabrda “Aholi bandligi to'g'risida”gi qonun qabul qilindi. Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarning oldini olish, ishchi va xodimlarning sog'lom va xavfsiz mehnat sharoitlariga bo'lgan huquqlarini ta'minlash borasida qonun hujjatlarini takomillashtirish va xalqaro standartlarga moslashtirish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Jumladan, 2021 yil 4 iyun kuni “Xalqaro mehnat tashkilotining mehnat xavfsizligi va gigienasiga ko'maklashish asoslari to'g'risida 187-sonli konventsiyasini (Jeneva, 2006 yil 15 iyun`) ratifikatsiya qilish haqida”gi O'zbekiston Respublikasining Qonuni qabul qilindi.
Shu bilan birga, Mehnat kodeksining yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqilib, tegishli tartibda Qonunchilik palatasiga kiritildi. Ayni paytda loyiha birinchi o'qishda qabul qilingan va ikkinchi o'qishga tayyorlanmoqda.
“Yo'l xaritasi”ning 41-bandiga ko'ra, vazirlik tomonidan “Mehnat migratsiyasi to'g'risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilib, huquqiy ekspertizadan o'tkazish maqsadida Adliya vazirligiga kiritilgan.
Tadbirda deputatlar Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining axborotini eshitib, “Yo'l xaritasi”ning bajarilishi yuzasidan ayrim kamchiliklarga yo'l qo'yilganligi, ba'zi bandlarning ijrosi kechikayotganligi va mavjud muammolarni hal etishda Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo'mitasi bilan birgalikda ish olib borish zarurlgini ta'kidlashdi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 29.07.2021
- Ko'rishlar: 3908
- Chop etish