2020 yilning 13 oktyabr kuni 2021-2023 yillar davriga O'zbekiston ilk bor BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zosi etib saylandi. Ushbu Kengash inson huquqlarini himoya qilish, inson huquqlarining buzilishi bilan bog'liq holatlarni ko'rib chiqish va tavsiyalar berish uchun mas'ul organ hisoblanadi. Kengash 47 a'zo davlatdan iborat bo'lib, ularning har biri uch yillik muddatga saylanadi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo'yicha kengashi 46-sessiyasi 2021 yil 22 fevral` kuni Shveytsariya poytaxti Jeneva shahrida videoanjuman shaklida o'z ishini boshladi. Mazkur sessiyaning Yuqori darajadagi segmenti ishida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ushbu Kengashga a'zo davlat rahbari sifatida birinchi marta ishtirok etdi va nutq so'zladi.
Prezidentimiz nutqida quyidagi ustuvor yo'nalishlarga e'tibor qaratildi:
insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta'minlash O'zbekistondagi islohotlarda eng muhim o'rinda turishi;
gender siyosati masalalari borasida mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotida va ishbilarmonlik sohasida ayollarning rolini tubdan oshirishga qaratilgan ishlarni qat'iy davom ettirish;
alohida ehtiyojga ega bo'lgan shaxslarning huquqlarini ta'minlashga jiddiy e'tibor qaratish;
aholining yarmidan ko'pini tashkil etadigan yoshlar huquqlarini himoya qilish doimo e'tiborimiz markazida bo'lishi;
Xalqaro mehnat tashkiloti va Jahon banki bilan hamkorlikda majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish bo'yicha katta ishlar amalga oshirilgani;
Inson huquqlari sohasida ta'lim deklaratsiyasining 10 yilligiga bag'ishlab BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari Boshqarmasi bilan birgalikda global forum o'tkazish;
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishning fuqaroligi bo'lmagan shaxslar sonini kamaytirish bo'yicha qat'iy choralar ko'rish to'g'risidagi taklifini qo'llab-quvvatlash.
Darhaqiqat, so'nggi yillarda O'zbekistonda barcha sohalarda amalga oshirilgan islohotlar inson huquqlari rivojlanishiga sezilarli ta'sir ko'rsatdi. Ushbu sohada bir qancha normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi.
Xususan, 2018 yil 12 aprelda qabul qilingan “Jamoatchilik nazorati to'g'risidagi”, 2019 yil 2 sentyabrdagi “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida”gi hamda “Xotin-qizlarni tazyiq va zo'ravonlikdan himoya qilish to'g'risida”gi, 2020 yil 15 oktyabrdagi “Nogironligi bo'lgan shaxslarning huquqlari to'g'risida”gi qonunlar shular jumlasidandir.
Bugungi kunda mamlakatimiz boshqaruv tizimida ayollarning soni ortib bormoqda. Parlament palatalarida ayol deputat va senatorlar soni oshgani hamda tobora ko'proq ayollar hokim va elchi sifatida tayinlanayotgani gender siyosati masalalari bo'yicha ijobiy ishlarga yaqqol misol bo'la oladi.
Shu kunga qadar O'zbekistonda fuqaroligi bo'lmagan shaxslar mavjudligidan ko'z yumib bo'lmaydi. Bu esa ushbu toifaga mansub shasxlar ma'lum huquqlardan foydalanishida muammolarni yuzaga keltirgan.
2020 yil 13 martda yangi tahrirda qabul qilingan “O'zbekiston Respublikasining fuqaroligi to'g'risida”gi qonunning 6-moddasi asosida 50 ming nafardan ortiq shaxsga O'zbekiston Respublikasi fuqaroligini olish imkoniyati yaratildi. O'z navbatida, bu muhim qadam fuqaroligi bo'lmagan shaxslar sonini kamaytirishga samarali turtki berdi.
Shuningdek, 2020 yil 29 dekabrda O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Oliy Majlisga taqdim etilgan Murojaatnomasida 2005 yilgacha mamlakatimizga kelib doimiy yashayotgan, fuqaroligi bo'lmagan shaxslarga ham to'g'ridan-to'g'ri O'zbekiston fuqaroligini olish imkoniyati berilishi, bu bilan yana 20 ming kishi O'zbekiston fuqarosi bo'lish imkoniyatiga ega bo'lishi hamda 15 yil davomida muqim yashagan fuqaroligi bo'lmagan shaxslarga to'g'ridan-to'g'ri O'zbekiston fuqaroligini berishning doimiy tartibi joriy qilinishi ta'kidlandi. Bu muhim mavzu davlatimiz rahbarining Jenevadagi chiqishida ham tilga olindi.
Shunday qilib, O'zbekistonda inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta'minlash davlatimiz rahbari e'tiborida turgan asosiy yo'nalishlardan biridir. Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, “O'zbekiston Inson huquqlari bo'yicha kengash a'zosi sifatida xalqaro huquqning inson huquqlariga oid umum e'tirof etilgan printsip va normalarini qat'iy himoya qiladi va faol ilgari suradi”.
Husniddin Xolmamatov,
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi
Inson huquqlari sohasidagi
Tahlil va tadqiqotlar
bo'limi yetakchi mutaxassisi
- Qo'shildi: 25.02.2021
- Ko'rishlar: 5103
- Chop etish