Dunyo aholisi tarkibida insoniyat tarixida misli ko‘rilmagan demografik o‘zgarish yuz berdi. AQSH Aholini ro‘yxatga olish byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, 65 yoshdan oshganlar soni 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar sonidan o‘zib ketdi.
Hozirgi kunda dunyo aholisining 71 foizdan ortig‘i tug‘ilish darajasi past bo‘lgan mamlakatlarda yashamoqda. Bu tendensiya endi faqat Yevropaga emas, balki Xitoy, Hindiston, Bangladesh, Meksika va Viyetnam kabi aholisi eng ko‘p davlatlarga ham xosdir.
Shuningdek, tibbiyotning rivojlanishi va turmush sharoitlarining yaxshilangani bois odamlar avvalgidan uzoqroq umr ko‘rmoqda. Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2060-yilga borib dunyodagi keksalar soni qariyb 2 milliardga (aholining 20 foiziga) yetishi mumkin. Hozirda har o‘n kishidan bittasi keksa yoshda bo‘lsa, kelajakda har besh kishidan biri 65 yoshdan oshgan bo‘ladi.
Muhayyo Turdaliyeva, Iskandar Ismatov, O‘zA
