Har bir millatning faxru iftixoriga aylangan buyuk va afsonaviy shaxslari bo‘ladi. Ulug‘ jahongir bobomiz Amir Temur ana shunday millatimizning faxriga aylangan betimsol siymodir.
Shu kunlarda mamlakatimiz bo‘ylab Sohibqiron Amir Temur tavalludining 689 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar, anjumanlar, olimlar ishtirokida muloqotlar, uchrashuvlar bo‘lib o‘tmoqda. An’anaga ko‘ra, poytaxtimizning Amir Temur nomi bilan ataluvchi so‘lim va fayzli xiyobonida ham jahongir bobomizning qutlug‘ tavallud sanasiga bag‘ishlangan tantanali tadbir o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi mas’ullari, turli vazirlik va idoralar, ijodiy va jamoat tashkilotlarining xodimlari, yozuvchi va shoirlar, harbiylar, madaniyat va san’at namoyandalari, olim va tadqiqotchilar, talaba-yoshlar, mamlakatimizda akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlarning vakillari, chet ellik mehmonlar ishtirok etdi.
Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi raisi, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali mamlakatimizda tariximizni chuqur va mukammal o‘rganish, ayniqsa, ulug‘ Sohibqiron Amir Temur va temuriylar davri bilan bog‘liq o‘tmish sahifalariga e’tiborni yanada kuchaytirish, bu borada respublikamiz va xorijdagi ilmiy manbalarga murojaat etishga oid ezgu ishlar qamrovi yanada kengayganini ta’kidladi.
Darhaqiqat, Amir Temur hayoti, faoliyatidagi eng ibratli jihatlar uning tabarruk nomini jahon tarixining eng yorqin sahifalariga olib chiqdi. Shu sababli uning nomi dunyoda chuqur hurmat, ulkan ehtirom bilan e’tirof etiladi.
Hozirda AQSH fuqarosi bo‘lgan afg‘onistonlik olim, Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti professori, tilshunos, adabiyotshunos va publitsist Azizullo Orol jahongir Amir Temur va temuriylar merosi xususida so‘z yuritdi.
– Ulug‘ zot Amir Temurni bir paytlar o‘z millatidan uzoqlashtirishga, uning hayoti, o‘tmishini soxtalashtirishga intilishdan tortinmadilar, – dedi Azizullo Orol. – Mustaqillik yillarida Amir Temurning pok nomini qayta tiklashga erishildi. Yangi O‘zbekistonda buyuk allomalar, jahongir bobolarimiz tarixini, ibratli faoliyati va hayotini, ezgu shiorlari va amallarini o‘rganishga katta e’tibor qaratilmoqda. Amir Temur o‘z hayoti davomida rioya etgan bunyodkorlik, ijtimoiy adolat, rostgo‘ylik kabi tamoyillar, uning “Kuch – adolatda” degan ezgu shiori bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilayotgan ezgu islohotlarda o‘z ifodasini topmoqda.
Tantanali tadbirda xalqaro harbiy sport musobaqalari g‘oliblari, Mudofaa vazirligi harbiy xizmatchilari Alishoh Abdullayev, Shohruh Jovqochev AQSHda harbiy xizmat bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro musobaqada erishgan yutuqlari, ushbu muvaffaqiyatlar zamirida mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan yoshlar uchun yaratilgan sharoitlar mujassam ekanini alohida qayd etdi.
Atoqli shoira, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Sharifa Salimova Sohibqiron Amir Temurga bag‘ishlab yozgan yangi she’rini o‘qib berdi.
Shaxmat bo‘yicha o‘zbek ayollari o‘rtasida birinchi grossmeyster Nafisa Mo‘minova Sohibqiron Amir Temur va shaxmat mavzusida, shuningdek, bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlar uchun shaxmatni ommalashtirishga qaratilayotgan e’tibor, bu boradagi keng qamrovli ishlarning amaliy natijalari xususida batafsil so‘zladi.
Ma’lumki, Sohibqironning diplomatik salohiyati alohida tarixiy mavzuga asosdir. Amir Temur huzuriga tashrif buyurgan ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixo bu haqda o‘z qaydnomalarida chuqur ehtirom bilan fikr bildirgan. Sohibqiron huzuriga kelgan ispan elchisi Rui Gonsales de Klavixo monologini yosh iste’dod sohiblari tantanali tadbirda o‘qidi.
Mudofaa vazirligi tizimidagi “Faxriy qorovul” bo‘linmasi hamda jangovar guruhning ko‘rgazmali chiqishlari namoyish qilindi.
Ustoz ijodkor, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyidning “Armiya va tarbiya” she’ri asosidagi harbiy vatanparvarlik qo‘shig‘i Mudofaa vazirligi Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalari tomonidan ijro etildi.
Jahongir Amir Temur haykali poyiga gullar qo‘yildi.
Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Xayriddin Sultonov ishtirok etdi.
Ulug‘ Sohibqiron tavalludiga bag‘ishlangan tantanalar poytaxtimizdagi Temuriylar tarixi davlat muzeyidagi yirik xalqaro anjumanda, shuningdek, o‘quvchilar uchun ekskursiyalar, ijodiy tanlov va viktorinalar bilan davom etdi.
Nazokat Usmonova,
Nosirjon Haydarov(suratlar), O‘zA
- Qo'shildi: 09.04.2025
- Ko'rishlar: 424
- Chop etish