Jismoniy shaxslar tomonidan saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlar ro‘yxati shakllantiriladi

Mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Yovvoyi hayvonlar, ayniqsa, kamyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan turlarning barqaror yashash sharoitlarini ta’minlash hamda saqlab qolishga harakat qilinmoqda.  

Shu bilan birga, yirtqich va zaharli yovvoyi hayvonlarni yarim erkin sharoitlarda yoki tutqunlikda saqlash, ulardan tijorat maqsadlarida foydalanish, ularni jamoat joylarida sayr qildirish natijasida turli noxush hodisalar uchrayotgani tegishli qonun hujjatlarini takomillashtirishni taqozo qilmoqda. 

“Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 43-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun shu maqsadda ishlab chiqilgan. 

Senatning qirq uchinchi yalpi majlisida muhokama qilingan mazkur qonun bilan yovvoyi hayvonlarni saqlashni tartibga solish maqsadida jismoniy shaxslar tomonidan saqlanishi taqiqlangan yovvoyi hayvonlar ro‘yxatini, shuningdek, mazkur ro‘yxatga kiritilgan yovvoyi hayvonlarni yuridik shaxslar tomonidan saqlash tartibini belgilash Vazirlar Mahkamasi zimmasiga yuklatilmoqda.

Senatorlarning fikricha, qonunning qabul qilinishi yovvoyi hayvonlarni saqlash hamda ulardan turli maqsadlarda foydalanish bilan bog‘liq hollarda aholining hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilishga, shuningdek vakolatli davlat organining ushbu yo‘nalishdagi javobgarligini oshirishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

N.Abduraimova, O‘zA

Powered by GSpeech