Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti BMT Bosh Assambleyasi tomonidan pandemiyaning oldini olish, unga tayyorgarlik ko‘rish va unga qarshi kurashish (PPPR) bo‘yicha Siyosiy deklaratsiya qabul qilinganini mamnuniyat bilan olqishlaydi. Mazkur hujjat kelajak avlodlarni global miqyosdagi xavflar va vayronkor ta’sirlardan himoya qilish uchun zarur bo‘lgan xalqaro birdamlik va mas’uliyatni yana bir bor yaqqol namoyon etdi.
JSST Bosh direktori, doktor Tedros Gebreyesusning ta’kidlashicha, dunyo “COVID-19” pandemiyasidan keyin katta sinovlar va tajribani bosib o‘tdi. Shu bois tashkilot barcha mamlakatlarni o‘z zimmalariga olgan majburiyatlarini, xususan, Patogenlardan foydalanish va foydani taqsimlash tizimi (PABS) ilovasi bo‘yicha muzokaralarni yakunlash hamda JSST Pandemiya bitimini imzolash uchun ochish, uni ratifikatsiya qilish jarayonlarini jadallashtirib, xalqaro huquq sifatida kuchga kiritishga chaqirdi.
BMTga a’zo davlatlar mazkur Deklaratsiyani joriy yil 25-sentabr kuni bo‘lib o‘tgan yuqori darajadagi majlisda ko‘rib chiqib, yakuniy qabul qilish uchun Bosh Assambleyaga taqdim etgan edi. Unda pandemiya tahdidlarining oldini olish, ularni o‘z vaqtida aniqlash va tezkor chora ko‘rish bo‘yicha milliy, mintaqaviy hamda global salohiyatni mustahkamlash uchun barqaror investitsiyalar va amaliy sa’y-harakatlar zarurligi qayd etilgan.
Hujjatda sog‘liqni saqlash masalalarini iqtisodiy rivojlanish va xavfsizlik imperativi sifatida baholab, tarmoqlararo muvofiqlashtirilgan yondashuvni qo‘llash muhimligi alohida ko‘rsatilgan. Shuningdek, kuzatuv tizimlarini takomillashtirish, milliy imkoniyatlarni kengaytirish, yangilangan Xalqaro sog‘liqni saqlash qoidalarini hayotga tatbiq etish hamda mahalliy va mintaqaviy ishlab chiqarish hamda ilmiy-tadqiqot salohiyatini oshirish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.
Mohigul Qosimova,
O‘zA
