JSST COVID-19 yana ko‘payganini ma’lum qildi

JSST e’lon qilgan axborotga ko‘ra, dunyo bo‘yicha so‘nggi to‘rt haftada koronavirus yuqishi bilan bog‘liq 1 422 538 holat qayd etilgan, 2 366 kishi kasallik qurboniga aylangan, xastalik 104 mamlakatda kuzatilgan.

Qayd etilishicha, favqulodda vaziyat bekor qilinganiga qaramay, COVID-19 hamon insoniyatga jiddiy tahdid solyapti. Shu bois tashkilot mamlakatlarni oldindan ogohlantirish, epidemiya nazorati va hisobdorlikni qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi.

Murojaatda koronavirus variantlarini kuzatib borish, erta klinik yordam ko‘rsatish, yuqori xavf guruhida kuchaytiruvchi emlash, ventilyatsiyani yaxshilash zarurligi ham aytib o‘tilgan. Ayniqsa, omikron-shtammining EG.5 shakli tez tarqayotganidan xavotir bildirilgan. 17 avgust holatida ushbu variant dunyoning 50 mamlakatida qayd etilgan. Kasallanish holatining 97 foizi G‘arbiy Tinch okeani mintaqasiga to‘g‘ri kelmoqda.

COVID-19 bilan bog‘liq favqulodda vaziyat tartibi 2020 yil yanvar oyida boshlanib, 2023 yil 5 maygacha davom etgan. Dunyo bo‘yicha koronavirus bilan bog‘liq jami 769 774 646 kasallanish holati ro‘yxatga olingan, 6 955 141 kishi ofat qurboniga aylandi. Joriy yil may oyida Jenevada bo‘lib o‘tgan brifingda JSST bosh direktori Tedros Adanom Gebreyesus koronavirus tufayli vafot etganlar soni, aslida, 20 milliondan kam emasligini ta’kidlagan edi.

O‘zA

Powered by GSpeech