Texnologik taraqqiyot bilan birga zamonaviy tahdidlar, xususan, kiberjinoyatchilik shiddat bilan o‘sib bormoqda. Ayniqsa, moliyaviy va axborot tizimlari raqamlashgan sari ularning zaif nuqtalari ham ko‘paymoqda. Bu esa, davlat va jamiyat xavfsizligiga tahdid solayotgan jiddiy muammolardan biridir.
Davlatimiz rahbarining 2025 yil 30 apreldagi “Axborot texnologiyalari yordamida sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatini yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori milliy kiberxavfsizlik tizimini mustahkamlashda muhim strategik qadam bo‘ldi.
Toshkent shahar sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi Qahramon Mirsafoyev ushbu mavzuga oid fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
– Prezident qarorida nazarda tutilgan muhim va ustuvor vazifalardan biri mamlakatda kiberjinoyatlarga qarshi yagona muvofiqlashtiruvchi organ sifatida Ichki ishlar vazirligining belgilanishi bo‘ldi. Bu tashkilotlararo tizimli hamkorlik va mas’uliyatni oshirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, banklar, to‘lov tizimi operatorlari va tashkilotlari faoliyatida fuqarolar manfaatini himoya qilish va moliyaviy xavfsizlikni ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilanishi zamonaviy kiberxavflar sharoitida juda muhimdir.
Bugungi kunda mazkur tashkilotlar va davlat idoralari o‘rtasidagi axborot almashinuvi past darajada bo‘lib, ko‘p hollarda kiberhujumlarga javob berishda kechikishlarga olib kelmoqda. Shu bois, yagona muvofiqlashtiruvchi organ shakllantirilishi nafaqat operativlikni oshiradi, balki milliy kiberxavfsizlik siyosatida yagona standart va yondashuvlarni joriy etish imkonini ham beradi.
Qarorda alohida e’tibor berilgan yana bir jihat – “Axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etiladigan jinoyatlarga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish. Hozirgi kunda mamlakatimizda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish masalalari tarqoq holda, turli normativ-hujjatlar bilan tartibga solinmoqda. Holbuki, kiberjinoyatchilik o‘z mohiyatiga ko‘ra, transhududiy, ko‘p qirrali va yuqori texnologiyali bo‘lgani bois, uning oldini olish va javobgarlik mexanizmlari ham mukammal, aniq va qat’iy bo‘lishi lozim.
Shu bilan birga, o‘z nomidagi bank kartasi, hisob-raqami, SIM kartasi hamda elektron hamyoni (elektron akkaunt)dan foydalanishga yo‘l qo‘ygan shaxslarga nisbatan ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilanishi kiberjinoyatchilik infratuzilmasining uzviy qismiga aylangan noqonuniy sheriklikni cheklashga qaratilgan muhim tashabbusdir. Bu bilan huquqbuzarlik yoki jinoyat sodir etgan shaxs yordamchilarini aniqlash va javobgarlikka tortish orqali profilaktik ta’sirni oshirish mumkin.
Bundan tashqari, banklar, to‘lov tizimi operatorlari hamda to‘lov tashkilotlari, shuningdek, boshqa tashkilotlarning axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etmagani natijasida sodir etilgan kiberjinoyat oqibatida kelib chiqqan moddiy zararni ular hisobidan undirish tartibini joriy etish nazarda tutilgan.
Bunday huquqiy mexanizmni joriy etish, avvalo, axborot xavfsizligiga jiddiy munosabatni rag‘batlantiradi. Agar tashkilot o‘zining ichki tizimlarida xavfsizlik choralarini ko‘rishga mas’ul ekanini va yetarlicha himoya vositalarini joriy etmaslik oqibatida moddiy javobgarlikka tortilishi mumkinligini bilsa, u holda xavfsizlikka yo‘naltirilgan sarmoya va tashkiliy chora-tadbirlarning ahamiyati ortib boradi. Bu holat tashkilotlarni xavf tahlili, kiberaudit va xavfsizlik siyosati kabi dolzarb yo‘nalishlarda faol harakat qilishga majbur qiladi.
Ushbu yondashuv fuqarolar va yuridik shaxslarning manfaatlarini himoya qilish nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etadi. Kiberjinoyat oqibatida shaxsiy ma’lumotlar o‘g‘irlanishi, moliyaviy yo‘qotishlar yoki shaxsiy aktivlarga tahdid yuzaga kelganda, zarar ko‘ruvchi tomon ushbu moddiy yo‘qotishlarni aybdor tashkilot hisobidan undirish huquqiga ega bo‘lishi adolat va qonun ustuvorligini ta’minlaydi. Bu esa, jamiyatda axborot xavfsizligiga oid huquqiy madaniyatni shakllantiradi.
Qonunchilik nuqtai nazaridan, mazkur tartib raqamli faoliyat sohasida institutsional javobgarlikni belgilash, sud amaliyotida yangi huquqiy amaliyotni vujudga keltirish hamda kiberxavfsizlik sohasidagi huquqiy munosabatlarni tartibga solishga xizmat qiladi. Bu turdagi normalar milliy qonunchilikni xalqaro standartlar bilan uyg‘unlashtirishda ham muhim qadam hisoblanadi.
Axborot texnologiyalari sohasida sodir etiladigan jinoyatlar uchun jinoyat qonunchiligida belgilangan jazo choralarini kuchaytirish hamda bunday texnologiyalardan foydalanish holatini javobgarlikni va jazoni og‘irlashtiruvchi holat sifatida e’tirof etilishi qarorda ko‘rsatilgan.
Mazkur masalalar huquqshunoslar, kiberxavfsizlik mutaxassislari va qonun ijodkorlari uchun keng qamrovli tahlilni talab etadigan murakkab huquqiy-ijtimoiy jarayon bo‘lib, ushbu yo‘nalishda huquqiy yondashuvlar, xalqaro tajriba, inson huquqlari kafolatlari, zamonaviy tahdidlar va jamiyatdagi ijtimoiy adolat tamoyillari o‘rtasidagi muvozanat mustahkam ilmiy tahlilga asoslanishi lozim.
Axborot texnologiyalari sohasida sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish masalasi nafaqat jazoni og‘irlashtirish, balki ushbu sohadagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish, jazo choralarining samaradorligini oshirish hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning ushbu toifadagi jinoyatlarga qarshi samarali faoliyat yuritishini ta’minlashga qaratilgan.
Jinoyat kodeksining XX bobida aynan axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar uchun javobgarlik belgilangan. Ayrim jinoyatlarning Internet jahon axborot tarmog‘ida sodir etilishi holatlari nazarda tutilgan bo‘lsa-da, ularda belgilangan ayrim jazo choralari axborot texnologiyalari orqali sodir etilayotgan kiberjinoyatlar natijasida yetkazilayotgan zararlarga mutanosib emas.
Shuningdek, axborot texnologiyalaridan foydalangan holda jinoyat sodir etishni javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holat sifatida belgilashdir. Bu huquqiy normaning nazariy asosi shundan iboratki, jinoyatning sodir etish usuli, unda qo‘llanilgan vosita va uslub uning xavf darajasini belgilaydi. Axborot texnologiyalaridan foydalanish jinoyatning qasddan, rejali, o‘z oqibatlari keng qamrovli bo‘lgan holda sodir etilganligini ko‘rsatadi. Masalan, an’anaviy shaxsiy firibgarlikdan farqli o‘laroq, fishing orqali yuzlab shaxslarning ma’lumotlarini o‘zlashtirish, blokcheynda kriptoaktivlar orqali noqonuniy mablag‘ aylanmasini yuritish yoki bir necha davlat fuqarolarini qamrab olgan moliyaviy piramida tashkil etish – bu jinoyatlarning ijtimoiy xavf darajasini sezilarli darajada oshiradi. Shuning uchun, axborot texnologiyalaridan foydalanish holati huquqiy nuqtai nazardan jinoyatning xatarli shaklda sodir etilishini anglatadi.
Shuni ham alohida ta’kidlash zarurki, jinoyat huquqi tizimida jazoni og‘irlashtirish va maxsus javobgarlik shakllarini joriy qilish inson huquqlari va adolat tamoyillariga zid kelmasligi lozim. Bunda “har qanday jinoyat uchun kurash” shiori ostida mutanosiblik, ayb va jazo o‘rtasidagi huquqiy muvozanat buzilmasligi, jinoyatni amalga oshirish darajasi, shaxsning jamiyat uchun xavflilik darajasi va aybdorlik shakli inobatga olinishi shart. Shu ma’noda, axborot texnologiyalaridan foydalanish holatini og‘irlashtiruvchi omil sifatida belgilash – javobgarlikni individuallashtirish va adolatli jamiyat qurishda muhim huquqiy mexanizm hisoblanadi.
Prezident qarorida nazarda tutilgan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishi, qonunchilikda qat’iy, aniq va samarali jazo turlari hamda javobgarlik mexanizmlarining kuchaytirilishiga zamin yaratadi. Axborot texnologiyalaridan foydalanish holatining og‘irlashtiruvchi omil sifatida huquqiy jihatdan e’tirof etilishi – jamiyat xavfsizligini ta’minlash, iqtisodiy barqarorlikka erishish va mavjud qonunchilikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 17.06.2025
- Ko'rishlar: 211
- Chop etish