Senat qo‘mitalari tomonidan mahalliy Kengashlar uchun muntazam ravishda seminarlar tashkil etib kelinmoqda

Joriy yilning 1-may kuni Oliy Majlis Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tomonidan xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish mavzusida seminar o‘tkazildi.

Unda senatorlar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashining Yoshlar siyosati, xotin-qizlar va gender tenglik masalalari bo‘yicha doimiy komissiyasi raislari hamda kotibiyat mudirlari, Qo‘mita ekspertlari, tegishli tashkilot vakillari va yoshlar ishtirok etishdi.

JSST maʼlumotiga ko‘ra, dunyodagi har uchinchi ayolga hayoti davomida o‘z umr yo‘ldoshi tomonidan jismoniy tazyiq o‘tkaziladi. Turmush qurgan ayollarning 30 foizi hamrohi tomonidan zo‘ravonlik holatlariga duch kelganlari haqida maʼlum qiladi. Tazyiq va zo‘ravonlik oqibatida o‘lim kelib chiqqan hollarning 38 foizida uning turmush o‘rtog‘i yoki u bilan birga ro‘zg‘or qurib yashayotgan shaxsning aybi bo‘ladi.

Oliy sud matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, 2024-yilning 1-choragida Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-1-moddasi (shahvoniy shilqimlik qilish) bilan 318 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilib, ularning 97 nafariga jarima jazosi, 221 nafariga esa maʼmuriy qamoq jazosi qo‘llanildi.

Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59-2-moddasi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bilan 4 343 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortilib, ularning 2 344 nafariga jarima jazosi, 1999 nafariga esa maʼmuriy qamoq jazosi qo‘llanildi.

Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bilan 134 nafar shaxs sudlanib, ularning 51 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 83 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi.

Jinoyat kodeksining 141-3-moddasi (shaxsning shaʼnini va qadr-qimmatini kamsituvchi hamda inson hayotining sir tutiladigan tomonlarini aks ettiruvchi maʼlumotlarni oshkor qilish) bilan 40 nafar shaxs sudlanib, ularning 13 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 27 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlandi.

Xotin-qizlar va bolalarni tazyiq hamda zo‘ravonlikdan himoya qilish, og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan xotin-qizlar huquqlari kafolatini taʼminlash bugun davlat va jamiyatning doimiy diqqat markazida.

Prezident Sh.M.Mirziyoyev tomonidan 2023-yil 11-aprelda imzolangan “Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yana-da takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish, ijtimoiy-siyosiy faolligini mustahkamlash yo‘lidagi dadil qadamdir. Yaqinda mazkur qonun qabul qilinganiga bir yil to‘ldi.

Ushbu qonun asosida amaldagi qonunchilikka “oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik” tushunchasi kiritilib, bunday qilmishlar uchun tegishli ravishda maʼmuriy hamda jinoiy javobgarliklar belgilandi. Shuningdek, bolalarga nisbatan jinsiy jinoyatlar uchun javobgarlik yana-da kuchaytirildi.

Seminar so‘nggida ishtirokchilar tomonidan qizg‘in savol-javoblar bo‘lib o‘tdi.

O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY MAJLISI SENATI

Powered by GSpeech