27 fevral kuni Jeneva shahrida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 52-sessiyasi ochildi. Sessiyaning Yuqori darajadagi segmenti ishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Cpikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov rahbarligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi ishtirok etmoqda.
BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining joriy sessiyasida dunyoning qariyb 150 ta davlatidan yuqori darajali vakillar qatnashmoqda. Ochilish marosimida BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi raisi V.Balek, BMT Bosh Assambleyasi 77-sessiyasining raisi Ch.Kyoryoshi, BMT Bosh kotibi A.Guterrish, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari F.Tyurk ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.
V.Balek ushbu sessiyaga “Inson huquqlari bo‘yicha kengashning asosiy majlisi” deya ta’rif berdi. Shu nuqtai nazardan, u “Kengashning samarali faoliyat olib borishi uchun ishchanlik muhiti va o‘zaro hamkorlik ruhi”ni qo‘llab-quvvatlash juda muhimligini qayd etdi.
Ch.Kyoryoshi bu yil Vena deklaratsiyasi va Harakatlar dasturining 30 yilligi nishonlanishini ta’kidladi. Ammo, shunday qutlug‘ sanani bayram qilish masalasi, uning taassuf bilan aytishicha, “turli tartibsizliklar, misli ko‘rilmagan ko‘lamlarda, ketma-ket va o‘zaro bog‘liqlikda davom etayotgan bo‘hronlar domida qolgan bugungi dunyomiz uchun ikkinchi darajali yumushga aylandi”, ya’ni zarur ahamiyatini yo‘qotdi.
Chunki koronavirus pandemiyasidan so‘ng dunyo hali ham o‘zini o‘nglay olmayapti: 70 dan ziyod mamlakat qashshoqlik holatida qolmoqda. Insoniyat 2030 yilgacha erishishi mo‘ljallangan Barqaror taraqqiyot maqsadlari yo‘lidan chalg‘ib ketdi.
Qurolli nizolar ko‘paygandan-ko‘paymoqda. Iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq fojealar inson huquqlari, oziq-ovqat xavfsizligi, aholi sog‘ligi, turarjoy bilan ta’minlash imkoniyati va ba’zan hatto xalqlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilashiga taalluqli muhim huquqlarga nisbatan tajovuzlar bilan birlashib, bugungi avlod kelajagiga tahdid solmoqda.
A.Guterrish ta’kidlaganidek, iqlim o‘zgarishlari, o‘ta qashshoqlik va ochlik kabi ofatlar sayyoramiz aholisining qariyb teng yarmi – 3,5 milliard nafar inson hayotiga salbiy ta’sirini o‘tkazmoqda. Ayni vaqtda yer yuzida zo‘ravonlik, nizolar va inson huquqlarining buzilishi kabi ofatlardan qochishga majbur bo‘lgan insonlar soni misli ko‘rilmagan darajada oshib, 100 million kishiga yetdi.
BMT ma’lumotlariga qaraganda, 2023 yilda butun dunyoda insonparvarlik yordamiga muhtojlar soni 339 million nafarga yetgan. Bu raqam 2022 yildagi ko‘rsatkichdan 25 foizga ko‘pdir.
F.Tyurk inson huquqlariga – insoniyatning umumiy tili, deya ta’rif berdi. Uning fikricha, keyingi 75 yil davomida inson huquqlarini qo‘llab-quvvatlash va himoya qilish borasida bir qator ahamiyatli natijalarga erishildi. Ammo qashshoqlik, iqlim o‘zgarishi va tengsizlik kabi yirik muammolar asorati tufayli ayni vaqtda ana shu yutuqlar yo‘li to‘silib qolmoqda va ba’zan ortga qaytish holatlari ham kuzatilmoqda.
Shu munosabat bilan BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari bundan 75 yil ilgari Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasini qabul qilishga olib kelgan ijobiy muhitni qayta tiklashga chaqirdi. Binobarin, mazkur Deklaratsiya, bir tomondan, turli xil madaniyatlarning azaliy donishligini o‘zida mujassam etgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, o‘tgan davr mobaynida sayyoramizda tinch hayotni ta’minlab kelmoqda.
Sessiyaning ochilish marosimidan keyin Yuqori darajadagi segment majlisi bo‘ldi. Unda Kongo, Chernogoriya, Kolumbiya, prezidentlari, Chexiya va Yaman bosh vazirlari, Qozog‘iston, Serbiya, Tailand, Vetnam, Niderlandiya bosh vazirlarining o‘rinbosarlari, Xitoy, Irlandiya, Paragvay, Chili, Gruziya, Finlandiya, Malayziya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Indoneziya, Norvegiya tashqi ishlar vazirlari, boshqa bir qator davlatlarning inson huquqlari, barqaror taraqqiyot, atrof-muhit himoyasi masalalariga mas’ul vazirliklari rahbarlari ishtirok etdi.
Majlisda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki videokonferens-aloqa tarzida so‘zga chiqqanlar xalqaro huquqqa va BMT Nizomiga sodiqlik, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi bilan ko‘p tomonlama va faol hamkorlik, inson huquqlarini himoya qilish istiqbollari haqida to‘xtaldilar. Shuningdek, taraqqiyot, ta’lim, sog‘liqni saqlash sohasidagi huquqlarning muhimligi ta’kidlandi.
Yuqori darajadagi segment doirasida inson huquqlarining barcha sohalarini qamragan “Yuqori darajadagi Yillik yalpi munozara” ham bo‘lib o‘tdi. Munozarada 2030 yilgacha mo‘ljallangan BMT Yoshlar strategiyasini amalga oshirish masalasi ko‘rib chiqildi.
Tadbir davomida O‘zbekiston delegatsiyasi, bir tomondan, Turkiy davlatlar tashkilotiga raislik qiluvchi mamlakat, ikkinchi tomondan, BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining yoshlar mavzusini dadil ilgari surayotgan faol a’zolari sifatida Turkiy davlatlar tashkiloti mamlakatlari nomidan bayonot bilan chiqdi.
Xususan, yoshlar siyosatining samaradorligi ta’kidlandi. Ayniqsa, ta’lim, bandlik, sog‘liqni saqlash sohalaridagi islohotlar barchamiz uchun muhim bo‘lgan tinchlik, xavfsizlik, adolat va barqaror taraqqiyotga erishishga xizmat qiladi.
Forum ishtirokchilarining e’tibori BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining 2021 va 2022 yillarda O‘zbekiston taklifiga ko‘ra qabul qilingan yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi rezolyusiyalariga qaratildi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan 2022 yil – “Turkiy dunyoda yoshlar tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yili” deb e’lon qilingani hamda 2023 yili O‘zbekistonda Turkiy dunyo yoshlarining ilm-fan va innoavatsiyalar xalqaro kongressi o‘tkazilishi e’tirof etildi.
Shunday qilib, Turkiy davlatlar tashkilotining yoshlar huquqlarini rag‘batlantirishga asoslangan yondashuvni ilgari surish siyosatiga sodiqligi jahon hamjamiyati e’tiboriga yetkazildi. Bu yo‘lda istiqbolda qo‘yilajak qadamlar turkiy tilli mamlakatlar yoshlarining faol ishtirokida aniqlashtirilayotgani diqqatga molikdir.
Yuqori darajadagi segment doirasida Islom mamlakatlari tashkilotiga a’zo davlatlar delegatsiyalari rahbarlari va mazkur xalqaro tashkilot Bosh kotibi X.Taxa bilan uchrashuvlar ham bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvlar yakunida tomonlar BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi sessiyasi doirasida muhokama qilinayotgan dolzarb mavzular yuzasidan yagona nuqtai nazarga ega bo‘lish muhimligini ta’kidladilar.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 01.03.2023
- Ko'rishlar: 3882
- Chop etish