21 mart – Irqiy kamsitishga qarshi kurashish xalqaro kuni

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1966  yil    26 oktyabr kuni qabul qilgan Rezolyusiyasiga (2142 (XXI)) muvofiq, 21 mart – Irqiy kamsitishga qarshi kurashish  xalqaro kuni deb e’lon qilingan.

Chunki 1960 yili xuddi shu kuni Janubiy Afrikaning Sharpevile  shahrida afrikaliklarni  majburiy pasportlashtirish va aparteid rejimi qonunlariga  qarshi tinch namoyishga chiqqanlar politsiya xodimlari tomonidan o‘qqa tutilgan. Oqibatda 69 nafar kishi o‘ldirilgan.

Shuning uchun BMT Bosh Assambleyasi  xalqaro hamjamiyatni butun dunyo bo‘ylab irqiy kamsitishlarga barham berish bo‘yicha sa’y-harakatlarni ikki baravar oshirish uchun da’vat etish maqsadida bu kunni Irqiy kamsitishga qarshi kurashish  xalqaro kuni deb e’lon qilgan. Ushbu xalqaro sana,  o‘z navbatida, sayyoramizdagi barcha insonlarni irqiy kamsitish qancha muammo va baxtsizliklarga olib kelgani haqida  yana bir bora mulohaza yuritishga undaydi. 

Irqiy kamsitishni taqiqlash inson huquqlari bo‘yicha barcha asosiy xalqaro hujjatlarda,  jumladan Inson huquqlari umujahon deklaratsiyasi va Irqiy kamsitishning barcha shakllariga barham berish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyada mustahkamlangan. Ushbu taqiq davlatlar zimmasiga bir qator majburiyatlarni hamda davlat va xususiy sohalarda kamsitishlarni bartaraf etish vazifasini yuklaydi.

Shuningdek, 2001 yildagi Irqchilikka qarshi bButunjahon konferensiyasida  irqchilik, irqiy kamsitish, ksenofobiya va unga bog‘liq murosasizlikka qarshi kurashish bo‘yicha keng qamrovli dastur – Durban deklaratsiyasi va Harakatlar dasturi qabul qilingan. Irqiy kamsitishga barham berish yo‘nalishida qabul qilingan shu kabi muhim hujjatlar va amalga oshirilgan ta’sirchan chora-tadbirlar dunyoda irqiy tenglikka erishishda ma’lum ijobiy o‘zgarishlarga asos bo‘ldi.

Bugungi kunda Skandinaviya davlatlari va Gollandiya irqiy tenglikka rioya qilish bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinlarni egallab kelmoqda. Xususan, “U.S. News & World Report”  tomonidan 2022 yilda  o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, irqiy tenglikka rioya qilish holati bo‘yicha ijobiy baholangan davlatlar quyidagicha o‘rin egallagan:

  1. Gollandiya;
  2. Shvesiya;
  3. Norvegiya;
  4. Kanada;
  5. Finlyandiya;
  6. Daniya;
  7. Yangi Zelandiya;
  8. Shveysariya;
  9. Belgiya;
  10. Avstraliya

Shu bilan birga,  irqiy kamsitishga barham berish to‘g‘risidagi  BMT Rezolyusiyasining qabul qilinganiga 63 yil bo‘lsa-da,  afsuski, bugungi kunda irqiy diskriminatsiya juda dolzarb masalalardan biri bo‘lib, ko‘plab davlatlarda turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘lmoqda.

O‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, Hindiston, Pokiston, Isroil, Germaniya, Yaponiya, Ruanda, Janubiy Afrika, AQSh va Buyuk Britaniya  kabi davlatlarda boshqa davlatlarga qaraganda irqiy kamsitish holatlari ko‘proq sodir bo‘lishi aniqlangan. Ushbu davlatlarning ayrimlariga to‘xtalib o‘tamiz:

  1. Dunyodagi eng irqchi mamlakatlar ro‘yxatidagi birinchi o‘rinni Hindiston egallaydi. Hozirgi kunda ham hind oilasida tug‘ilgan bolaga oq tanli har qanday odamni hurmat qilish va qora tanli odamdan nafratlanish o‘rgatiladi. Shu tariqa afrikaliklar va boshqa qora tanlilarga qarshi irqchilik paydo bo‘ldi. Lekin hindlar orasida ham qarama-qarshiliklar va ziddiyatlar mavjud.
  2. Pokistonda aholining ko‘pchilik qismi islom dinida bo‘lishiga qaramasdan, uzoq yillar davomida sunniylar va shialar mazhablari o‘rtasida ko‘plab nizolar va to‘qnashuvlar sodir bo‘lib turadi. Ammo bu adovatni to‘xtatish uchun hech qanday choralar ko‘rilmagan. Bundan tashqari, Pokiston bilan qo‘shni Hindiston o‘rtasida uzoq davom etgan urushlar,  hindlar va pokistonliklar o‘rtasida irqchilik holatlari ma’lum. Shu bilan birga, Hindistonda afrikaliklar va lotinamerikaliklar kabi boshqa irqlarni ham kamsitish holatlari kuzatiladi.
  3. Isroil davlati ko‘p yillar davomida qarama-qarshiliklar markazi bo‘lib kelgan. Buning sababi bu davlatda falastinliklar va isroil arablariga qarshi sodir etilgan jinoyatlardir. Bugungi kunda ham ushbu ziddiyatlar davom etayotir.
  4. Gitler hukmronligi tugatilganidan buyon ko‘p yillar o‘tgan bo‘lsa-da, Germaniya dunyodagi eng irqchi davlatlardan biri bo‘lib qolmoqda. Aksariyat nemislar hozir ham boshqa millat vakillariga nafrat tuyg‘ularini his qiladi va nemis millati ustunligiga ishonadi. Antisemistik g‘oyalarni ilgari surayotgan neonatsistlar chiqishlari barchaga ma’lum.
  5. 1994 yilda Ruandadagi genotsid insoniyat tarixidagi dahshatli sahifalardan biri bo‘lgan. Ushbu davlatda ikki etnik irq o‘rtasida sodir bo‘lgan to‘qnashuv 800 mingdan ortiq insonning dahshatli o‘limiga olib kelgan. Ikki qabila, ya’ni Tutsi va Xutu qabilalari genotsidning ishtirokchilari bo‘lib, unda Tutsi qabilasi jabrlanuvchiga, Xutu esa jinoyatchiga aylangan. Qabilalar o‘rtasidagi ziddiyatlar bugungi kunda ham saqlanib qolmoqda va hatto uning kichik uchquni ham mamlakatda nafrat alangasini qayta yoqishi mumkin.

Aytish kerakki, 2022  yilda irqiy kamsitish masalalari bo‘yicha baholangan 85 mamlakatdan Amerika Qo‘shma Shtatlari Vengriyadan ancha  pastroq,  65 o‘rinni egallagan. Vaholanki, Vengriya Bosh vaziri Viktor  Orban immigratsiyaga nisbatan qattiq pozitsiyasi bilan tanilgan va 2022 yilning iyul oyida u “ba’zi yevropaliklar “aralash xalqlar irqiga” aylanishni istamasligi to‘g‘risida bildirgan keskin fikrlari uchun tanqid qilingan.

“Le Parisien” gazetasi yozishicha, 2023 yilda o‘tkazilgan so‘rovnoma Fransiyada oxirgi besh yilda irqiy kamsitish holatlari yomonlashganini ko‘rsatgan.

Albatta, irqiy qamsitishga qarshi kurash xalqaro hamjamiyatning  ustuvor vazifasi bo‘lib, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissarining asosiy faoliyati yo‘nalishlaridan biridir. BMT tashkil topganidan beri bu muammoni hal qilishga harakat qilmoqda.

Lekin yuqoridagi misollar, mavjud qonunlar va qoidalarga qaramasdan, ko‘plab davlatlarda irqiy kamsitish holatlari hali ham davom etayotganidan dalolat beradi. Shubhasiz, inson huquqlarining har qanday qo‘pol va ommaviy buzilishi, shu jumladan  irqchilik va irqiy kamsitish qaerda bo‘lmasin, inson qadr-qimmatiga, butun jamiyatga bevosita yoki bilvosita zarar yetkazadi, xalqaro tinchlik va xavfsizlikka tahdid soladi.

Xulosa qilib aytganda, irqchilik va irqiy kamsitishga qarshi qurashish  nafaqat bir davlatda, balki butun jahonda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Shu muhim omilni inobatga olgan holda, irqiy kamsitish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik masalalarini tartibga soluvchi xalqaro va milliy qonunchilikni yanada takomillashtirish zarur.

 

Komila OLIMOVA,

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i

Powered by GSpeech