BMT oliy komissari: hurfikrlilik muhitini yaratish muhim

Islohotlar jarayonida fuqarolik jamiyatining to‘laqonli ishtirokini ta’minlash uchun davlat muassasalari kerakli shart-sharoit yaratishi kerak. BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Folker Turk 15 mart kuni Toshkentda o‘tkazilgan matbuot anjumanida ushbu fikrni bir necha bor ta’kidladi, deb xabar berdi «Xabar.uz» muxbiri.

13-15 mart kunlari yurtimizda mehmon bo‘lgan  BMT komissari O‘zbekiston rasmiy idoralari vakillari bilan uchrashuvlarda bir qator tavsiyalar berganini ma’lum qildi.

«(Obrazli aytganda), kuchli fuqarolik jamiyati muhim murvat sifatida inson huquqlari g‘ildiragining harakatini ta’minlaydi. Nodavlat tashkilotlar tashqi aralashuvsiz faoliyat yurita olishi suv bilan havodek zarur», – deb uqtirdi Folker Turk.

Oliy komissar gender zo‘ravonligi uchun jinoiy javobgarlik joriy etish zaruratiga alohida to‘xtaldi.

«Men (muzokaralar chog‘i) siyosiy sohadan ijtimoiy yo‘nalishga qadar – jamiyatning barcha jabhasida gender notengligini bartaraf etish masalasini ko‘tardim. Prezident va Senat raisining ushbu notenglikni bartaraf etish borasidagi qat’iy irodasini olqishlayman. Gender zo‘ravonligi uchun jinoiy jazo joriy etish bo‘yicha yakuniy rejani ham ijobiy baholayman», – dedi BMT mulozimi.

Ozodlikdan mahrum etish muassasalarida qiynoqning har qanday ko‘rinishlariga chek qo‘yish xalqaro huquqning tamal qoidalari sirasiga kiradi. O‘zbekiston 1995 yilda BMT tomonidan 1984 yilda qabul qilingan “Qiynoq hamda muomala va jazolashning o‘ta shafqatsiz, insoniylikka zid yoki qadr-qimmatni kamsituvchi turlariga qarshi konvensiya”ni ratifikatsiya qilgan. O‘zbekiston hozircha ushbu konvensiyaning fakultativ protokoliga qo‘shilmagan. F.Turkning OAV vakillariga ma’lum qilishicha, O‘zbekiston tomoni uchrashuvlarda ushbu muhim hujjatga qo‘shilish masalasiga ham oydinlik kiritgan.

«O‘zbekiston qiynoqlarning oldini olish va monitoring qilish bo‘yicha muhim mexanizm hisoblangan konvensiyaning fakultativ protokolini ratifikatsiya qilish ustida ishlayotgani haqida va’da oldik. Men umid qilaman va ishonamanki, bu va’da tez fursatda amalga oshadi. Negaki, so‘zdan ko‘ra amal hamisha muhim bo‘lib kelgan», –  dedi BMT komissari.

Inson huquqlari bo‘yicha oliy martabali mulozim matbuot erkinligi masalasini ham chetlab o‘tmadi.

«Turli qarashlarni rag‘batlantirish va fuqarolik jamiyati makonini kengaytirishda hurfikrlilik muhitini yaratish muhim ahamiyat kasb etadi. Erkin OAV va ochiq raqamli makon jamiyat barcha vakillarining mamlakat ravnaqida to‘laqonli ishtirokini ta’minlovchi maqbul shart-sharoitni yaratadi. Bu esa OAV va jurnalistlar, shuningdek, so‘z erkinligi himoyasi yo‘lida istiqboldagi sa’y-harakatlarni taqozo etadi», – dedi notiq.  

BMT vakili Qoraqalpog‘istonda o‘tgan yil iyul oyida ro‘y bergan hodisalarga ham to‘xtalib, bu borada odil sudlovning muhimligini ta’kidladi.  

Umuman, Folker Turk so‘nggi olti yilda O‘zbekistonda inson huquqlari borasida amalga oshirilgan fundamental o‘zgarishlarni ijobiy baholadi.

«Inson huquqlari har bir insonning kundalik hayotida markaziy o‘rin tutmog‘i lozim... Men oliy komissar sifatida yangi islohotlar sharoitida O‘zbekiston barcha aholi vakillariga munosib va to‘laqonli yashash imkonini taqdim etishiga umid qilaman», – deya xulosa qildi u.

Avval xabar berganimizdek, BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari 15 mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashib, inson huquqlarini himoya qilishga doir dolzarb masalalarni muhokama qildi.

BMT multimedia markazi F.Turkning yurtimizga tashrifi xususida batafsil videolavha tayyorlagan.

Eslatib o‘tamiz, asli avstriyalik huquqshunos F.Turk 2022 yil 17 oktyabrdan buyon BMT Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.

Powered by GSpeech