Yangi O‘zbekiston – xorijliklar nigohida

Singapur Prezidenti Halima Yaqub: xalqaro hamkorlik koʻpgina umumbashariy muammolarning hal qilinishida muhim hayotiy ahamiyat kasb etadi

 Tashrifim munosabati bilan Singapur biznes delegatsiyasi Toshkentda boʻlib turganidan mamnunman. Men ular bilan Oʻzbekiston — Singapur biznes forumida uchrashishni intiqlik bilan kutmoqdaman.
Shu kunlarda Singapur Respublikasi Prezidenti Halima Yaqub davlat tashrifi bilan mamlakatimizda boʻlib turibdi. Singapur rahbari tashrif arafasida “Dunyo” axborot agentligining savollariga bajonidil javob berar ekan, zamonaviy dunyo jarayonlari, shuningdek, Oʻzbekiston va Singapur oʻrtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning istiqbollariga doir fikrlari bilan oʻrtoqlashdi.

— Prezident Xonim Oliyalari, Singapur Osiyo va Tinch okeani mintaqasining iqtisodiy markazi hisoblanadi. Bir necha yillar davomida mamlakat dunyodagi eng yirik va eng rivojlangan iqtisodiyotlardan biri boʻlib kelmoqda. Boʻlajak davlat tashrifi munosabati bilan mamlakatingizning jadal ravnaq topishi fenomeni, xususan, bunga boshqa davlatlar bilan xalqaro hamkorlik qanday hissa qoʻshayotgani haqidagi fikrlaringizni bilishni istar edik...

— Singapur rivojlanishi tarixi tasodifiy emas, balki u qator omillar natijasida, shu jumladan, mustaqilligimizning dastlabki yillarida kashshof avlodning mashaqqatli mehnati va janob Li Kuan Yuning mohirona rahbarligi ostida asoschi otalarimizning uzoqni koʻzlab yuritgan siyosati natijasida ravnaq topdi.

Toshkent shahridan ikki baravargina kattalikdagi va tabiiy resurslarga ega boʻlmagan moʻjaz shahar-davlatda xalqimiz uchun ish oʻrinlarini yaratish uchun inson kapitali va hayotbaxsh iqtisodiyotni rivojlantirishga katta mablagʻ sarflashga majbur boʻlgan edik.

Biz ochiq iqtisodiyotga koʻmaklashish va xorijiy kompaniyalarni Singapurga sarmoya kiritishga taklif qilish asnosida oʻzimizning Janubi-Sharqiy Osiyodagi strategik oʻrnimizdan foydalandik. Biz ezgu boshqaruvni, qonun ustuvorligi, meritokratiya va halollik tamoyillarini oʻzimizga dasturul amal qilib oldik.

Uzoq muddatli rejalashtirish va siyosiy barqarorlik bizning ayrim muvaffaqiyatimizning eng asosiy sabablari sirasiga kiradi. Mustaqillikka erishganimizdan boshlaboq biz dunyoda raqobatbardosh boʻlishimiz uchun ingliz tilini ishchi tilimizga aylantirishga qaror qildik, chunki ingliz tili global biznes va savdo tili edi. Bu, shuningdek, irqi va madaniy kelib chiqishidan qatʼi nazar, barcha singapurliklar uchun umumiy muloqot tilini taqdim etdi. Shu bilan birga, bizning ikki tilli siyosatimiz xalqimizning madaniy oʻziga xosligini saqlab qolishda davom etishini taʼminlamoqda.

Yalpi ichki mahsulotidan (YAIM) uch barobar koʻp boʻlgan savdo hajmiga ega kichik shahar-davlat sifatida Singapurning ochiq va tashqi dunyoga yoʻnaltirilgan mamlakat holida qolishi hamda imkon qadar koʻproq davlatlar va sheriklar bilan yaxshi munosabat oʻrnatishi muhimdir. Singapur kabi kichik davlatlarga aloqador boʻlgan iqlim oʻzgarishi va pandemiyaga tayyorlik taʼminlanishi singari koʻpgina global muammolarning hal qilinishi nuqtayi nazaridan xalqaro hamkorlik muhim hayotiy ahamiyat kasb etadi. 1992-yilda Singapur boshqa rivojlanayotgan mamlakatlar bilan taraqqiyot tajribalarini almashish

va ularga bir-biridan oʻrganish imkoniyatini berish uchun Singapur hamkorlik dasturini (SʼHD) taʼsis etdi.

Bu dastur inson resurslarini rivojlantirish davlat qurilishining kaliti ekaniga boʻlgan ishonch ustiga qurilgan edi. Oʻshandan beri 150 ming nafar xorijiy hukumatlar amaldorlari SʼHD doirasida amalga oshirilgan turli-tuman salohiyatni oshirish dasturlaridan foydalanishdi. Oʻtgan yili Singapur hamkorlik dasturi oʻzining 30 yilligini nishonladi va men Oʻzbekiston rasmiylarining ushbu dasturda yanada koʻproq ishtirok etishlarini olqishlayman.

— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari oʻzining Singapurga davlat tashrifi chogʻida Oʻzbekiston — Singapur hamkorligining oltita ustuvor yoʻnalishini belgilab berdi. Shu nuqtayi nazardan, Singapur Oʻzbekiston bilan hamkorlik istiqbollariga qanday qaraydi va bu yoʻnalishda Sizning ustuvorliklaringiz nimalardan iborat?

— 2023-yil yanvar oyida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni qabul qilish sharafiga muyassar boʻldim. Bu uning Singapurga birinchi tashrifi edi. U qisqa muddatli tashrif boʻlishiga qaramasdan, samarali kechganidan mamnunman. Singapur Oʻzbekiston bilan samimiy va uzoq yillik munosabatlarni qadrlaydi.

Shu bois, Singapur Prezidenti sifatida Oʻzbekistonga ilk davlat tashrifim men uchun katta sharafdir.

Oʻzbekiston Prezidentining Singapurga tashrifi chogʻida rivojlanish sohasidagi tajribamizni oʻrtoqlashganimizdan xursand boʻldik. Tashrifim davomida Toshkentdagi Davlat boshqaruvi akademiyasiga boraman, hozir mazkur akademiyada Li Kuan Yu nomidagi Singapur davlat siyosati maktabi va Fuqarolik xizmati kolleji bilan rahbarlik va boshqaruv boʻyicha dasturlarni amalga oshirish masalalari muhokama qilinmoqda. Umid qilamanki, masʼul amaldorlarga ushbu trening foydali boʻladi va ularga hozirgi hamda kelajakdagi muammolarni hal qilish uchun zarur boʻlgan bilim va koʻnikmalarni egallashlariga koʻmaklashadi.

Biz Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan mamlakatlarimiz oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash yoʻllarini ham muhokama qildik.

Tashrifim munosabati bilan Singapur biznes delegatsiyasi Toshkentda boʻlib turganidan mamnunman. Men ular bilan Oʻzbekiston — Singapur biznes forumida uchrashishni intiqlik bilan kutmoqdaman. Bu ularga Oʻzbekiston hukumati siyosatini yaxshi tushunish hamda mamlakatingiz va, umuman, butun Markaziy Osiyo imkoniyatlarini oʻrganish uchun qulay imkoniyat yaratadi.

Umumiy rejalashtirish, logistika, raqamli aloqa, taʼlim va salohiyatni oshirish kabi turli sohalarda Singapurning bir qator kompaniyalari Oʻzbekistonda faoliyat yuritib kelmoqda.

Men ham, shuningdek, oʻzbek kompaniyalarini Singapur va Janubi-Sharqiy Osiyodagi imkoniyatlarni koʻproq oʻrganishga chaqiraman. Singapur oʻzbek kompaniyalariga ASEAN mintaqasini jalb etish uchun yaxshi bazaga aylanishi mumkin, chunki biz biznes va transport markazi hisoblanamiz.

— Oʻzbekiston zamini qadim va boy tarixga ega. Asrlar davomida turli din va millat vakillari yonma-yon yashab, oʻz madaniyati va merosini asrab-avaylab kelishmoqda. Singapur va Oʻzbekiston geografik jihatdan bir-biridan uzoqda joylashgan boʻlishiga qaramasdan, shubhasiz, mamlakatlarimiz xalqlari oʻrtasidagi madaniyatlararo muloqot izchil rivojlanib bormoqda. Marhamat qilib, hamkorligimizni muvaffaqiyatli rivojlantirishda madaniy-gumanitar hamkorlikning ahamiyati haqidagi fikrlaringizni oʻrtoqlashsangiz...

— Madaniy hamkorligimiz, albatta, mamlakatlarimiz bundan keyin ham oʻrganishi kerak boʻlgan soha hisoblanadi. Oʻzbekiston boy tarix va boy madaniyatga ega. Oʻzbekistonni Singapurda oʻzining tarixiy osori atiqalarini namoyish etishga va Ipak yoʻli tarixini oʻrtoqlashishga taklif etaman. Bu singapurliklarni ham, Singapurga keladigan sayyohlarni ham qiziqtiradi.

Mamlakatlarimiz turli millatli va koʻp konfessiyali jamiyatlarga ega.

Bizlarning barchamiz dinlararo muloqot va bir-birini oʻzaro tushunish rivojlanishidan manfaatdormiz.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bu sohada nihoyatda sobitqadam ekanini bilaman. Men dinlararo va koʻp madaniyatli muloqotni rivojlantirish maqsadida ilgari surgan tashabbusim bilan oʻtkaziladigan Hamjihat jamiyat boʻyicha xalqaro konferensiyada qatnashish uchun Oʻzbekiston vakillarini taklif qilishni istar edim. Mazkur konferensiya Singapurda 2019 va 2022-yillarda boʻlib oʻtdi. Hamjihat jamiyat boʻyicha xalqaro konferensiya bundan keyin ham bizlarni birlashtiradigan jihatlar ajratib turadigan jihatlardan koʻproq ekanligini tushunish uchun eʼtiqodi va kelib chiqishi turlicha boʻlgan odamlarni birlashtirish nuqtayi nazaridan foydali platforma b oʻlib qolishiga umid qilaman.

Men musulmon sifatida shaxsan Samarqanddagi Imom al-Buxoriy maqbarasini ziyorat qilishni va uni taʼmirlash loyihasi bilan tanishishni intiqlik bilan kutayotirman. Imom al-Buxoriy mashhur alloma va muqaddas Qurʼoni karimdan keyin turadigan Islom ilohiyoti va amaliyotining muhim manbai — Paygʻambarimiz hadislarini jamlagan buyuk muhaddisdir. Hadislar dinlar oʻrtasidagi muloqotni ragʻbatlantirishning muhim vositasi boʻlib xizmat qilishi mumkin, chunki hadislarda boshqa dinlarga nisbatan bagʻrikenglikning muhimligi taʼkidlangan. Ularda, shuningdek, boshqa dinlarga mansub xalqlarga oqkoʻngillik va hurmat bilan munosabatda boʻlishga katta eʼtibor berilgan, diniy turfa xillikka ahamiyat qaratilgan.

“Dunyo” AA

 
Powered by GSpeech