Butunjahon ijtimoiy adolat kuni (World day of Social Justice) Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi tomonidan 2009-yil 20-fevralda e’lon qilingan va har yilning aynan shu sanasida ko‘p davlatlarda nishonlanadi. Ushbu xalqaro sanada insoniyat qashshoqlikni tugatish, odamlarni to‘liq bandlik va munosib mehnat bilan ta’minlash, jamiyatdagi turli ijtimoiy guruhlar, xususan, erkaklar va ayollar o‘rtasidagi tenglikni ta’minlash, shuningdek, barcha uchun ijtimoiy farovonlik va ijtimoiy adolatni qaror toptirishga e’tibor qaratishi kerak. Chunki ijtimoiy adolat mamlakatlar ichida ham, xalqaro miqyosda ham tinch va farovon yashashning asosiy tamoyilidir.
1995-yilda Daniyaning Kopengagen shahrida Ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha Butunjahon sammiti bo‘lib o‘tdi. Sammit yakunida Kopengagen deklaratsiyasi va Harakat dasturi qabul qilindi. Sammitda qashshoqlikni yumshatish, to‘liq bandlik yo‘lida harakat qilish hamda barqaror, xavfsiz va adolatli jamiyatlar yaratishni hamkorlik dasturlarining markaziga qo‘yishga kelishib olindi. Butunjahon ijtimoiy adolat kunining paydo bo‘lishi aynan ushbu sammitga borib taqaladi.
Nyu-Yorkda BMTga a’zo davlatlar Ijtimoiy rivojlanish komissiyasining 2005-yilgi sessiyasida Kopengagen deklaratsiyasi va Harakat dasturini ko‘rib chiqdilar. Ikki yil o‘tib, 2007-yil 26-noyabrda BMT Bosh Assambleyasi 62-sessiyada 20-fevral – Butunjahon ijtimoiy adolat kuni sifatida nishonlanishini e’lon qildi. 2009-yil 20-fevraldan boshlab bu bayram har yili va keng miqyosda nishonlanadigan kun sifatida belgilandi.
Mamlakatimizda ushbu sananing ahamiyati davlat va yoshlar, ijtimoiy sheriklar, fuqarolik jamiyati, BMTning ixtisoslashgan tashkilotlari va boshqa manfaatdor tomonlar bilan qashshoqlik, gender tengsizlik, ishsizlik inson huquqlariga hurmatsizlik va ijtimoiy befarqlik kabi dolzarb muammolarni hal qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni birlashtirishda namoyon bo‘lmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, ijtimoiy davlat bu, eng avvalo, inson salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun teng imkoniyatlar, odamlar munosib hayot kechirishiga zarur sharoitlar yaratish, kambag‘allikni qisqartirishdir. Ijtimoiy davlat deganda, ijtimoiy sohaga ustuvorlik qaratiladigan, fuqarolarning tengligi, ularning turli tabaqalarga ajralishiga yo‘l qo‘ymaydigan, umumfarovonlik ta’minlangan jamiyat tushuniladi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada «Ijtimoiy» so‘zi 42 marta, «Adolat» so‘zi 7 marta, «Ijtimoiy adolat» so‘zi 3 marta qo‘llangan. Konstitutsiyamizning Muqaddimasida O‘zbekiston ijtimoiy adolat tamoyillariga sodiqligi, suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekanligi belgilab qo‘yildi.
Bundan tashqari, Bosh qomusimizning 14-moddasida «Davlat o‘z faoliyatini inson farovonligini va jamiyatning barqaror rivojlanishini ta’minlash maqsadida qonuniylik, ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari asosida amalga oshiradi» deyilgan. Ushbu normalarda e’tibor qaratilgan ijtimoiy davlat va ijtimoiy adolat tushunchalari bugungi kunda jamiyatimizning hayotida bevosita o‘z aksini topmoqda. Xususan, yurtimizda ijtimoiy adolatni ilgari surish, ijtimoiy himoyaga muhtoj turli guruhlar, xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni hayotga moslashtirish, ularning bandligini ta’minlash, ijtimoiy reabilitatsiya qilish, mehnatkashlar huquqini ta’minlash va ijtimoiy-mehnat masalalari bo‘yicha islohotlar xalqaro standartlar bilan hamohang tarzda amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, «Xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunning kuchga kirishi «Ijtimoiy davlat» qurish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sifatida e’tirof etildi.
Kuchli ijtimoiy davlatlarda ijtimoiy adolat tamoyilining negizida ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlarini, xususan, nogironligi bo‘lgan shaxslarni kamsitmaslik va ularga jamiyatning boshqa qatlamlari bilan teng imkoniyatlar yaratish g‘oyasi yotadi. O‘zbekiston 2021-yilda BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasini ratifikatsiya qildi. Shu tariqa mamlakatimizda nogironlarning huquq va erkinliklarini ta’minlashning huquqiy asosi yanada mustahkamlandi. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan 2023-yil iyul oyida ushbu Konvensiya qoidalarini bajarish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining dastlabki milliy hisoboti BMTning tegishli qo‘mitasiga yuborildi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada e’lon qilingan ijtimoiy davlat tamoyillarini inobatga olgan holda, shuningdek, fuqarolarning ijtimoiy himoyaga oid huquqlarini va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash, aholiga ijtimoiy xizmatlarni ko‘rsatish sifatini tubdan oshirish maqsadida 2023-yil 1-iyunda qabul qilingan «Aholiga sifatli ijtimoiy xizmat va yordam ko‘rsatish hamda uning samarali nazorat tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Prezident Farmoni bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etildi. Ijtimoiy himoya milliy agentligi hozirda 6 ta vazirlikda (Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik, Sog‘liqni saqlash, Maktabgacha va maktab ta’limi, Iqtisodiyot va moliya, Ichki ishlar, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar) tarqoq bo‘lgan ijtimoiy xizmatlarni bosqichma-bosqich birlashtiradi.
Agentlik aholini ijtimoiy himoya qilish va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiqib, uni izchil amalga oshirmoqda. Bugungi kunda Ijtimoiy himoya milliy agentligida mehnat faoliyatini olib borayotgan nogironligi bo‘lgan shaxslarning ulushi butun mehnat jamoasining salmoqli qismini tashkil qilmoqda.
Agentlik saytida e’lon qilingan ma’lumotga qaraganda, 2024-yil 1-yanvar holatiga ko‘ra, Agentlikning respublika tashkilotlari, hududiy bo‘linmalari va tibbiy-ijtimoiy muassasalarida faoliyat yuritayotgan nogironligi bo‘lgan xodimlar soni – 294 nafarni tashkil etadi. Shulardan 108 nafari ayollardir. Hududlardagi «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlarida 219 nafar nogironligi bo‘lgan xodim faoliyat olib bormoqda. Shulardan 66 nafari ayol.
«Ijtimoiy davlat» qurishning eng asosiy sharti jamiyatdagi turli guruhlar o‘rtasida ijtimoiy adolatni ta’minlash, insonning qaysi ijtimoiy guruhga mansubligidan qat’i nazar, adolatli mehnat sharoiti va farovon turmush tarzini kafolatlash ekanligini hisobga olsak, hali oldimizda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan ishlar ko‘p. Binobarin, yaqinda jamoatchilik muhokamasiga chiqarilgan «O‘zbekiston-2030» strategiyasini «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi loyihasida 30 dan ortiq banddagi vazifalar aynan ijtimoiy sohaga yo‘naltirilganligi ham fikrimizning yaqqol dalilidir.
Nodirbek SULTONOV,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining Xalqaro shartnomalarni implementatsiya
qilish bo‘limi yetakchi mutaxassisi
«JAMIYaT» gazetasining 2024 yil 22 fevral kungi 8 (879)-soni
- Qo'shildi: 20.02.2024
- Ko'rishlar: 3172
- Chop etish