BMT INSON HUQUQLARI BO‘YICHA KENGASHINING UNIVERSAL DAVRIY SHARHI DOIRASIDA O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASINING TO‘RTINCHI MILLIY HISOBOTINI KO‘RIB CHIQISH YAKUNLARI BO‘YICHA JAMOATCHILIK ESHITUVIGA BAG‘ISHLANGAN BRIFING

Joriy yil 4-aprel kuni Toshkent shahrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Universal davriy sharhi doirasida O‘zbekiston Respublikasining To‘rtinchi milliy hisobotini ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha jamoatchilik eshituviga bag‘ishlangan brifing bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi va “UPR INFO” xalqaro nodavlat tashkiloti bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda 30 ga yaqin vazirlik va idoralar vakillari va salkam 50 ta nodavlat notijorat tashkiloti rahbarlari, qariyb 30  nafar  jurnalist va blogerlar ishtirok etdi.

Brifing ochilishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov va BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Matilda Bogner so‘zga chiqdi.

Akmal Saidov o‘z nutqida bugungi kunda davlatimiz inson huquqlari bo‘yicha xalqaro majburiyatlarini bajarish borasida, xususan, bolalar mehnati va majburiy mehnatga barham berish, bolalar va ayollar huquqlarini himoya qilish, qiynoqlarga qarshi kurashish hamda inson huquqlarini himoya qilishning boshqa barcha yo‘nalishlarida keng qamrovli samarali choralar ko‘rilganini ta’kidladi. Ushbu islohotlar BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashi Universal davriy sharh bo‘yicha Ishchi guruhining 44-sessiyasida O‘zbekistonning 4-milliy ma’ruzasi ko‘rib chiqilishi asnosida xorijiy ekspertlar tomonidan yuqori baholanganligi e’tirof etildi.

Universal davriy sharh majburiyatlari hukumatlar tomonidan ixtiyoriy ravishda qabul qilinishi, hurmat qilinishi va milliy darajada amalga oshirilishi kerakligiga e’tibor qaratildi. Oldingi davrlarda bo‘lgani kabi, O‘zbekiston universal davriy sharh tavsiyalarini ko‘rib chiqishga ijobiy yondashdi.

Universal davriy sharh konstruktiv jarayon bo‘lib, uning yordamida har bir davlat inson huquqlari bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilash, shuningdek, inson huquqlari bo‘yicha o‘z majburiyatlarini bajarish bo‘yicha amalga oshirilgan harakatlarni e’lon qilishi mumkin. Universal davriy sharh orqali inson huquqlari sohasidagi ilg‘or tajriba namunalari butun dunyo bo‘ylab havola etiladi. Hozirgi vaqtda boshqa shunga o‘xshash universal mexanizmlar mavjud emas.

O‘zbekiston Universal davriy sharh doirasida ham milliy hisoboti ko‘rib chiqilayotgan davlat, ham tavsiya etuvchi davlat sifatida 18-yildan ortiq tajribaga ega. Mamlakatimiz universal davriy sharh tavsiyalarini bajarishga katta ahamiyat beradi.

A.Saidov To‘rtinchi milliy hisobotni tayyorlash jarayonida O‘zbekistonni qo‘llab-quvvatlagani uchun BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissar Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasiga chuqur minnatdorchilik bildirdi. Shuningdek, O‘zbekiston Universal davriy sharh tavsiyalarini bajarishga hamisha xayrixoh ekanini ma’lum qildi.

Shu bilan birga, BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy vakolatxonasi rahbari Matilda Bogner ma’ruzasida o‘zi boshqarayotgan Mintaqaviy vakolatxona O‘zbekiston hukumatiga Universal davriy sharh bo‘yicha tavsiyalarni amalga oshirish va milliy harakatlar rejasini ishlab chiqish va amalga oshirishda yordam berishga tayyor ekanligini ta’kidladi.

Shuningdek, M.Bogner O‘zbekistonga Universal davriy sharhning 4-sikli doirasida berilgan tavsiyalarning barchasi muhim ekanligini qayd etdi. Binobarin, mazkur tavsiyalar inson huquqlari bo‘yicha xalqaro hujjatlarni ratifikatsiya qilish va milliy qonunchilikni qabul qilishdan tortib, sud-huquq tizimini isloh qilish, korrupsiyaga qarshi choralar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining huquqlari va ehtiyojlarini qondirish amaliyotini o‘zgartirishgacha bo‘lgan keng ko‘lamli masalalarni qamrab olgan.

Ma’lumot uchun: O‘zbekiston BMT Inson huquqlari bo‘yicha kengashining Universal davriy sharh bo‘yicha ishchi guruhi tomonidan 6-noyabrdan – 17-noyabrga qadar o‘tkaziladigan sessiyada milliy ma’ruzalari ko‘rib chiqiladigan 14 davlatdan biri hisoblanadi. Mamlakatimizning Universal davriy sharh bo‘yicha birinchi, ikkinchi va uchinchi milliy ma’ruzalari 2008-yil dekabr, 2013-yil aprel va 2018-yil may oylarida ko‘rib chiqilgan.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazi

Powered by GSpeech