O‘zbekistonning huquqiy kafolatlar bo‘yicha tajribasi Venada taqdim etildi
30-iyun kuni Vena shahrida bo‘lib o‘tgan YEXHTning Insoniylik mezonlari bo‘yicha qo‘shimcha yig‘ilishi doirasidagi tadbirda O‘zbekistonning jinoiy odil sudlov tizimini takomillashtirish va huquqiy kafolatlarni mustahkamlash borasidagi tajribasi taqdim etildi.
Ushbu tadbir "Qiynoqlarning oldini olishda oldinga siljish: jinoiy odil sudlov tizimida huquqiy kafolatlar, nazorat va hisobdorlikni kuchaytirish" mavzusiga bag‘ishlandi. U YEXHTning "Qiynoqlar va shafqatsiz munosabatning oldini olish: hamkorlik va huquqni qo‘llashni mustahkamlash" deb nomlangan insoniylik mezonlari bo‘yicha qo‘shimcha yig‘ilishi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Qo‘shimcha tadbirda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining nutqini O‘zbekiston Respublikasining Venadagi YEXHT va boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi doimiy vakili Baxtiyor Ibragimov o‘qib eshittirdi.
O‘zbekiston nomidan so‘zlangan nutqda qiynoqlarni taqiqlash mutlaq azmu qaror ekanligi va unga amal qilishda har qanday vaziyatdan qat’i nazar, hech qanday istisnolarga yo‘l qo‘yilmasligi alohida ta’kidlandi. Qayd etilganidek, BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasiga 1995-yilda qo‘shilgan O‘zbekiston ushbu xalqaro hujjatga qat’iy rioya etishni inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi davlat siyosatining eng muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri deb biladi.
Ishtirokchilar O‘zbekistonda qiynoqlarning oldini olish milliy tizimini mustahkamlash, qonunchilik va huquqni qo‘llash amaliyotini takomillashtirish hamda inson qadr-qimmatini samarali himoya qilishni ta’minlashga qaratilgan islohotlarni ijobiy baholadi.
Qo‘shimcha tadbir YEXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi (DIIHB), Xalqaro taraqqiyot va adliya markazi hamda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari Boshqarmasi tashkilotchiligida o‘tkazildi.
Tadbirda YEXHTga a’zo davlatlar delegatsiyalari, xalqaro tashkilotlar, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar va fuqarolik jamiyatining 50 dan ortiq vakili ishtirok etdi. Qatnashchilar so‘roqlarni samarali o‘tkazish, ozodlikdan mahrum etish joylarining mustaqil monitoringini olib borish, aholining zaif qatlamlarini himoya qilish va odil sudlovdan foydalanishni ta’minlash masalalarini muhokama qildi.
Muhokamalar jinoyat ishlarini yuritishning barcha bosqichlarida huquqiy kafolatlarni takomillashtirish, qamoqda saqlash joylari ustidan mustaqil nazoratni kuchaytirish, aholining himoyaga muhtoj toifalarini himoya qilish, shuningdek, inson huquqlariga rioya etishga asoslangan so‘roq o‘tkazishning zamonaviy xalqaro standartlarini joriy etishga bag‘ishlandi.
YEXHT DIIHB direktori Mariya Telalyan so‘zga chiqib, qiynoqlarning oldini olish YEXHT faoliyatining insonparvarlik yo‘nalishidagi asosiy jihatlaridan biri ekanini uqtirdi. Bu, o‘z navbatida, davlat organlari, mustaqil monitoring mexanizmlari, fuqarolik jamiyati hamda xalqaro hamkorlarning yaqin hamjihatligini talab qilishini ta’kidladi.
Xalqaro taraqqiyot va odil sudlov markazining faxriy prezidenti Renate Vinter genderga oid yondashuv hamda ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan ayollar, bolalar va boshqa zaif guruhlarga mansub shaxslarni alohida himoya qilish muhimligini qayd etdi. U sudyalar mustaqilligi masalasiga alohida to‘xtalib, ayrim mamlakatlarda sud hokimiyati haqiqatan ham mustaqil ekani, boshqalarida esa sudyalar tashqi ta’sirga qaram bo‘lib qolayotganini ta’kidladi.
Tadbir davomida milliy preventiv mexanizmlarni mustahkamlash, ozodlikdan mahrum etish joylari ustidan mustaqil nazoratni ta’minlash, genderga oid himoya mexanizmlarini rivojlantirish masalalari yuzasidan atroflicha fikr yuritildi. Shuningdek, Mendes tamoyillari, Istanbul protokoli va Nelson Mandela qoidalarini amalda qo‘llash bo‘yicha xalqaro yondashuvlar taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский