Bolalarning qadr-qimmati va daxlsizligini ta’minlash bo‘yicha huquqiy kafolatlar mustahkamlanmoqda
9-iyul kuni Oliy Majlis Senatining 17-yalpi majlisi o‘z ishini boshladi. Unda, jumladan, “Bolalarni ijtimoiy himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi va ma’qullandi.
Senat Axborot xizmati xabarida ta’kidlanganidek, keyingi yillarda mamlakatimizda bolalarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularni har qanday zo‘ravonlik shakllaridan himoya qilish hamda bolalar uchun xavfsiz ta’lim muhitini yaratishga qaratilgan tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Mazkur Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda ta’lim tashkilotlarida tarbiya va ta’lim berish jarayonida voyaga yetmagan bolalarga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik sodir etganlik, shuningdek ularni tahqirlaganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.
Bundan tashqari, pedagogik faoliyatni amalga oshirish jarayonida voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy va (yoki) ruhiy zo‘ravonlikka oid huquqbuzarlik sodir etganligi uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxslarga nisbatan bir yil muddat davomida maktabgacha ta’lim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishi mumkin emasligi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, davlat yoki nodavlat muassasasining to‘liq ta’minotida bo‘lgan bola uchun ota yoki onani aliment to‘lashdan ozod qilishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilanmoqda.
Shu bilan birga, yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar oilaga tarbiyaga faqat ularning qarindoshlariga berilishi qoidasi joriy etilmoqda.
Senatorlarning fikricha, ushbu Qonun bolalarning huquq va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, ta’lim muassasalarida ularning qadr-qimmati va daxlsizligini ta’minlash bo‘yicha huquqiy kafolatlarni mustahkamlashga zamin yaratadi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
Ўзбекча
English
Русский