Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Istiqlol yillarida O‘zbekistonda huquqshunoslik fanlarining rivoji va istiqbollari: ilmiy-nazariy tahlil

21-avgust kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35-yilligi: davlatchilik va huquqiy tizim evolyutsiyasi. Huquqshunoslik fanlarining rivoji va istiqbollari” mavzusida respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Nufuzli anjuman O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35-yilligiga bag‘ishlandi.

Mazkur konferensiya Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Davlat va huquq instituti hamda Fanlar akademiyasining O‘zbekiston Respublikasida yuridik fanlarni rivojlantirish bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengashi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Oflayn va onlayn tarzda o‘tkazilgan anjumanda mamlakatimizning yuridik sohaga ixtisoslashgan oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari professor-o‘qituvchilari, ilmiy xodimlar, doktorantlar, mustaqil tadqiqotchilar, bakalavrlar, talabalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda sud va adliya tizimi xodimlari, akademik hamjamiyat, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Ilmiy-amaliy konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov ochib berdi. Taniqli o‘zbek huquqshunosi “Mustaqillik va huquqshunoslik fani: natijalar va istiqbollar” mavzusidagi ma’ruzasida mamlakatimiz davlatchiligi va huquqiy tizimining shakllanishi, rivojlanishi hamda modernizatsiya qilinishi jarayonlarini ilmiy jihatdan tahlil qilishda huquqshunoslik fanining erishgan yutuqlari va dolzarb muammolarini muhokama etish alohida ahamiyatga ega ekanligiga e’tiborni qaratdi.

Bunda, ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Yangi O‘zbekistonda huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning nazariy-amaliy ahamiyatini baholash juda muhim. Shu o‘rinda soha rivoji yo‘lida bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingani va ijroga qaratilganligini ta’kidlash lozim.

Keyingi yillarda, xususan, O‘zbekiston Prezidentining 2017-yil 16-fevralda qabul qilingan «Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmoni asosida huquqshunoslik sohasida yuqori malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlash tizimi takomillashtirildi. O‘z navbatida, Prezidentimizning 2020-yil 29-aprelda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasida yuridik ta’lim va fanni tubdan takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoni yuridik ta’lim, huquqshunoslik fani va ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirishning yangi bosqichini boshlab berdi.

Ayni shu 2020-yilning o‘zida soha rivojiga oid yana bir nechta muhim hujjatlar qabul qilingani tahsinga sazovor. Xususan, 23-sentyabrdagi «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonuni bilan ta’lim sohasidagi munosabatlarni tartibga solishning yangi huquqiy asoslari belgilandi.

Shuningdek,  Vazirlar Mahkamasi 2020-yil 30-oktyabrda «O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimida Davlat va huquq institutining faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi qarorni qabul qildi. Unga ko‘ra,  Davlat va huquq instituti davlat, huquq va siyosiy-huquqiy yo‘nalishlarda fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlarni amalga oshiruvchi, yurisprudensiya sohasida ilmiy yo‘nalishlarni muvofiqlashtiruvchi bosh ilmiy markaz sifatida o‘z faoliyatini boshladi.

O‘tgan yilda bu sohada yanada muhim islohotlar amalga oshirildi. Jumladan, O‘zbekiston Prezidentining 2025-yil 26-noyabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublika sida yuridik ta’lim va ilm-fanni yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni asosida yuridik ta’limni xalqaro standartlar asosida modernizatsiya qilish, huquqshunoslik fanini rivojlantirish hamda ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirishning ustuvor vazifalari belgilandi.

Shu bilan birga,  Prezidentimizning 2025-yil 27-dekabrda qabul qilingan «O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida fundamental va amaliy tadqiqotlar samaradorligini oshirish, Fanlar akademiyasi tizimini 2035-yilgacha rivojlantirish hamda ilmiy muassasalar faoliyatini takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi.

Akademik A. Saidov ushbu huquqiy hujjatlar asosida sohani chuqur isloh etish jarayonlari va samaralariga atroflicha to‘xtaldi. Ma’ruzachi, shuningdek, mazkur ilmiy-amaliy konferensiya huquqshunoslik fanlarining zamonaviy taraqqiyot tendensiyalari va istiqbolli yo‘nalishlarini belgilash, milliy va xalqaro ilmiy hamkorlikni rivojlantirish orqali davlat va huquq sohasidagi ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirish borasida o‘ziga xos o‘rin tutishiga ishonch bildirdi.

Anjuman ishiga Davlat va huquq instituti direktori, yuridik fanlar doktori, professor Murodjon Turg‘unov moderatorlik qildi.

Konferensiya davomida O‘zFA Davlat va huquq instituti Nazariy tarixiy, davlat-huquqiy va konstitutsiyaviy huquqiy fanlar bo‘limi boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, professor Djuraboy Tashkulov, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi o‘rinbosari, yuridik fanlar doktori Asqar Gafurov, TDYUU Davlat va huquq nazariyasi kafedrasi professori, yuridik fanlar doktori, professor Firuza Muhitdinova, IIV akademiyasi Davlat-huquqiy fanlar va inson huquqlarini ta’minlash kafedrasi professori, yuridik fanlar doktori, professor Karine Djavakova, TDYUU Jinoyat huquqi, kriminologiya va korrupsiyaga qarshi kurashish kafedrasi professori, yuridik fanlar doktori, professor Qumriniso Abdurasulova, O‘zFA Davlat va huquq instituti Fuqarolik huquqiy va xalqaro huquq fanlari hamda xalqaro tashkilotlar bo‘limi boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, professor Mirodiljon Baratov, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, professor O‘tkir Ochilovning ma’ruzalari tinglandi.

Konferensiyada mustaqillik yillarida mamlakatimiz davlatchiligi va huquqiy tizimining shakllanishi, rivojlanishi va modernizatsiya qilinishi jarayonlari, huquqshunoslik fanining erishgan yutuqlari va dolzarb masalalari teran tahlil etildi. Yangi O‘zbekistonda huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etishga qaratilgan islohotlarning nazariy-amaliy ahamiyati, shuningdek, yuridik ilm-fanning zamonaviy rivojlanish tendensiyalari va istiqbolli yo‘nalishlari muhokama qilindi.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Nashr sanasi 21.08.2026 Ko'rishlar 82
Ulashish