Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Milliy markazda Istiqlolimizning 35-yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘ldi

Mustaqilligimizning 35-yilligi munosabati bilan mamlakatimizdagi barcha davlat va jamoat tashkilotlari, korxona hamda muassasalarda o‘tkazilayotgani kabi, 27-avgust kuni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazida ham tantanali  bayram tadbiri tashkil etildi.

Inson huquqlari uyida bo‘lib o‘tgan tadbirni Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori akademik Akmal Saidov boshqardi. Unda Milliy markaz hamda “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali tahririyati xodimlari ishtirok etdi.

Milliy markaz direktori jamoani Mustaqillik bayrami bilan samimiy tabrikladi. A. Saidov o‘z qutlov so‘zida O‘zbekiston davlat mustaqilligining tarixi va ahamiyati, mamlakatimiz taraqqiyoti va farovonligini ta’minlash, Vatanimiz obro‘-e’tiborini jahon maydonida izchil yuksaltirish yo‘lida amalga oshirilgan qamrovdor islohotlar samaralari, ayniqsa, keyingi o‘n yilda Yangi O‘zbekistonni barpo etish hamda Uchinchi Renessans poydevorini tiklash jarayonlariga astoydil hissa qo‘shayotgan fidoyi xalqimizning bunyodkorona mehnatlari haqida muxtasar to‘xtaldi.

Ushbu tizimli va keng qamrovli yangilanishlarda jamoamiz xodimlarining ham munosib hissasi borligi ta’kidlandi. Shuningdek, inson huquqlari sohasida fidokorona mehnat qilayotgan xodimlarga minnatdorlik bildirildi.

Marosim davomida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali tahririyati xodimlaridan bir guruhiga «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 35-yilligi» esdalik nishonlari tantanali ravishda topshirildi. Nishondorlar safida, xususan, Iqbolbek Abdumajidov, Robiya Arslonova, Suhrob Bozorov, Muqaddas Qosimova, Hamidullo Mo‘minov, Madina Nurulloyeva, Nigora Rustamova, Lazizbek Xoliqulov, Husniddin Xolmatov va Nazira Yunusovalar bor.

Taqdirlanganlar ushbu yuksak e’tirofni kelgusidagi faoliyatlari uchun yanada katta mas’uliyat va ishonch sifatida qabul qilishlari qayd etildi. Binobarin, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda,  «Qaysi soha yoki vazifada ishlamasin, o‘z mehnatining munosib e’tirofini ko‘rish – har bir inson uchun katta baxt».

Tadbir yakunida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi hamda “Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali tahririyati xodimlariga Vatanimiz mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi munosabati bilan tabriknoma taqdim etildi. Tabriknomada, jumladan, shunday samimiy tilaklar bitilgan:

“Istiqlol bayrami tantanalari “Yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” bosh g‘oyasi bilan hamohanglikda o‘tkazilayotganida ulkan tarixiy va hayotiy haqiqat mujassam. Muhtaram Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek: “Bugungi kunda barchamiz o‘zimiz, oilamiz, farzandlarimizning baxti, jonajon O‘zbekistonimizning taqdiri va kelajagi uchun yagona xalq, yagona jamiyat bo‘lib harakat qilayotgan ekanmiz, yuksak maqsadlarimizga, albatta, yetamiz”.

Eng ulug‘ va eng aziz ayyom – Mustaqillik bayrami munosabati bilan Sizga hamda oila a’zolaringizga uzoq umr, mustahkam sihat-salomatlik va oilaviy baxt tilaymiz.

Xonadoningizni qut-baraka va quvonch ziyosi hamisha munavvar etsin!

Har doim yurtimiz tinch va obod, xalqimiz mamnun va baxtiyor, mustaqilligimiz mangu va abadiy bo‘lsin!”

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

 matbuot xizmati

Nashr sanasi 27.08.2026 Ko'rishlar 28
Ulashish