2027-yildan boshlab O‘zbekistonda 55 yoshdan oshgan ayollar va 60 yoshdan oshgan erkaklar uchun o‘rtacha ish haqini saqlab qolgan holda qisqartirilgan ish vaqtini belgilash taklif etilmoqda. Shu bilan birga, o‘zini o‘zi band qilganlarni majburiy ijtimoiy soliq to‘lashga o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
2027-yil 1-yanvardan boshlab umumiy belgilangan pensiya yoshi bir yilga qisqartirilgan holda pensiya tayinlash tartibi bekor qilinishi mumkin. Bu haqdagi farmon loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirildi.
2027-yil 1-yanvardan fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya tizimi Xalq bankidan Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tasarrufiga o‘tkaziladi. To‘plangan mablag‘larni meros qilib qoldirish huquqi saqlanib qoladi.
Shuningdek, keyingi yil 1-yanvardan boshlab o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga ham kelgusida pensiya ta’minoti hamda davlat ijtimoiy sug‘urtasidan foydalanishini kafolatlash maqsadida ijtimoiy soliqni qat’iy belgilangan tartibda to‘lash tizimi joriy etilishi mumkin. Bunda ularga ijtimoiy soliqni yil davomida bo‘lib to‘lash huquqi beriladi.
Loyihaga ko‘ra, 55 yoshdan oshgan ayollar va 60 yoshdan oshgan erkaklarga o‘rtacha ish haqi saqlangan holda qisqartirilgan ish vaqti joriy etiladi. Kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordam tayinlashda oila a’zolarining maqomini belgilashda 55 yoshdan oshgan ayollar va 60 yoshdan oshgan erkaklardan rasmiy daromad talab etilmaydi.
Korxona va tashkilotlarga ijtimoiy soliq to‘lovi bo‘yicha yangi imtiyozlar berilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Mavjud imtiyozlar esa 2030-yil 1-yanvardan bekor qilinadi.
Qayd etilishicha, pensiya yoshini oshirish davrida pensiyaoldi yoshidagi fuqarolarga quyidagilar kafolatlanadi:
-
pensiyaoldi yoshini vaj qilgan holda ishdan bo‘shatish yoki ishga qabul qilishdan bosh tortishga yo‘l qo‘yilmaydi;
-
ishsiz deb e’tirof etilgan fuqarolarga 2-yil avval muddatdan oldin pensiyaga chiqish huquqi saqlanadi;
-
yerosti ishlarida, mehnat sharoiti zararli va og‘ir ishlarda mehnat to‘liq ish kuni davomida band bo‘lgan erkaklarga 50-55 yosh hamda ayollarga 45-50 yoshdan qonunchilikda belgilangan tartibda imtiyozli pensiyaga chiqish huquqi saqlanadi;
-
pensiya oluvchilarga tatbiq etiladigan soliq, transport va sog‘liqni saqlash imtiyozlari saqlab qolinadi;
-
erkaklarga 60 yoshdan va ayollarga 55 yoshdan jamg‘arib boriladigan pensiya mablag‘larini olish huquqi beriladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
