28-29-sentyabr kunlari Toshkent va Samarqand shaharlarida «Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro paktlarning 60-yilligi va Rivojlanish huquqi to‘g‘risidagi deklaratsiyaning 40-yilligi: inson qadr-qimmati, tenglik va barqaror taraqqiyot yo‘lida global sheriklik» mavzusida bo‘lib o‘tgan V Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro forumda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazining yaqin xalqaro hamkorlari bilan bir qatorda milliy hamkorlari ham faol ishtirok etdi.
Toshkent davlat yuridik universiteti – shunday milliy hamkorlar sirasiga kiradi. Beshinchi Samarqand forumida Universitetning yetakchi professor-o‘qituvchilari qatnashdilar.
Xususan, yuridik fanlar doktorlari, professorlar G.Yuldasheva va H.Yunusov, Xalqaro huquq va inson huquqlari sho‘basi mudiri, professor Sh.Rahmonov, dotsent Sh.Tillaboyevdan iborat delegatsiya Forumning yalpi majlislari va sho‘ba yig‘ilishlari doirasida o‘tkazilgan muhokamalarda o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
Ma’lumot uchun: Toshkent davlat yuridik universiteti tashkil topganiga yaqinda 35-yil to‘ldi. Mazkur Universitet O‘zbekistonda yuridik fanlar sohasida ta’lim va tadqiqotchilikning asosiy tayanch oliygohi hisoblanadi.
Ayni vaqtda Universitet inson huquqlari sohasidagi ta’lim rivojiga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda. Bu yerda, jumladan, inson huquqlariga oid umumiy va maxsus fanlar o‘qitiladi, sohadagi dolzarb masalalar bo‘yicha yirik tadqiqotlar olib boriladi.
Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
