Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

Raqamlashtirish sharoitida konstitutsiyaviy odil sudlov va inson huquqlari

1 – 2-oktyabr kunlari Samarqand shahrida Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasining VII Kongressi bo‘lib o‘tdi. Nufuzli anjuman «Raqamlashtirish va sun’iy intellekt sharoitida konstitutsiyaviy odil sudlov» mavzusiga bag‘ishlandi va uning ishida 18 davlatdan kelgan Konstitutsiyaviy va Oliy sudlar rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari hamda yetakchi huquqshunos olimlar – 100 nafardan ortiq mehmon ishtirok etdi.

Anjumanning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Kongress ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini Prezident Administratsiyasi rahbarining sud tizimini isloh qilish bo‘yicha o‘rinbosari Nodira Hakimova o‘qib eshittirdi.

Tabrikda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan surishtiruv va sud-huquq islohotlarida inson huquqlari va sud hokimiyati mustaqilligini ta’minlash eng oliy ustuvor yo‘nalish ekani, raqamli texnologiyalar davrida konstitutsiyaviy odil sudlovni rivojlantirish zamon talabiga aylangani alohida ta’kidlangan. Bugungi murakkab davrda jamiyatda konstitutsiyaning ustuvorligini ta’minlashda milliy qonunchilik bilan birga xalqaro tajriba ham muhim ahamiyatga ega ekanligi va shu jihatdan Osiyo konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasining faoliyati davlatlar uchun har tomonlama foydali bo‘layotgani qayd etilgan.

Kongressning ochilish marosimida Assotsiatsiyaning ayni vaqtdagi prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi Mirza-Ulug‘bek Abdusalomov mamlakatimiz raisligida amalga oshirilayotgan ishlar hamda tashkilot oldida turgan vazifalar haqida so‘z yuritdi.

Ochilish marosimida ishtirokchi davlatlar delegatsiyalari rahbarlari, xalqaro tashkilotlar vakillari so‘zga chiqib, O‘zbekiston mezbonligida o‘tkazilayotgan kongress global texnologik transformatsiya sharoitida qonun ustuvorligi va inson qadr-qimmatini ta’minlashning yangi mexanizmlarini belgilab olish, raqamli texnologiyalardan samarali foydalanish yuzasidan o‘zaro tajriba almashish uchun qulay fursat ekanligini ta’kidladilar.

Shundan so‘ng nufuzli anjumanning birinchi – «Raqamli transformatsiya sharoitida sudyalar mustaqilligi, inson huquqlari va qonun ustuvorligi» mavzusidagi yalpi majlisi o‘tkazildi. Unda Hindiston, Koreya Respublikasi, Turkiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Tailand, Indoneziya, Myanma, Filippin, Rossiya va Ispaniya yurisdiksiyalari vakillari raqamli muhitda konstitutsiyaviy nazoratni samarali tashkil etish tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.

Kongress ishida Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatillo Tillaboyev ham ishtirok etdi.

Anjumaning ikkinchi kuni muhokamalarida raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt bugun hayotimizning ajralmas bir bo‘lagiga aylangani haqidagi fikr-mulohazalar rivojlantirildi. Ayni chog‘da, sun’iy intellekt insonlar uchun juda katta qulayliklar yaratishi bilan birga, turli xavf va tahdidlarni ham yuzaga keltirayotganiga e’tibor qaratildi.

Bunday sharoitda konstitutsiyaviy yurisdiksiya institutlarining vazifasi muvozanatni ta’minlash, insonning shaxsiy ma’lumotlari bilan bog‘liq va boshqa konstitutsiyaviy huquqlari himoya qilinishini kafolatlashdir. Ushbu masalada bugun barcha davlatlar o‘z qonunchiligini takomillashtirib, davr talabidan kelib chiqqan holda, yangi normalar kiritayotgani, mavjud normalarni yanada mustahkamlayotgakni juda muhim.

Kongress doirasida Assotsiatsiya Bosh kotiblari va A’zolar kengashining majlislari, Yevrosiyo konstitutsiyaviy nazorat organlari assotsiatsiyasi vakillari bilan ishchi uchrashuvi, delegatsiyalar rahbarlarining ikki tomonlama va ko‘p tomonlama muloqotlari o‘tkazildi.

Ma’lumot uchun: Osiyo Konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasi (AACC – Association of Asian Constitutional Courts and Equivalent Institutions) – Osiyo mintaqasida konstitutsiyaviy yurisdiksiyani amalga oshiruvchi sudlar va shunga teng vakolatga ega institutlarni birlashtiruvchi mintaqaviy professional hamkorlik maydonidir. Assotsiatsiya 2010-yil iyul oyida Indoneziyaning Jakarta shahrida tashkil etilgan va bu haqdagi Jakarta deklaratsiya Indoneziya, Koreya Respublikasi, Malayziya, Mongoliya, Filippin, Tailand va O‘zbekiston konstitutsiyaviy yurisdiksiya institutlari tomonidan imzolangan.

Assotsiatsiya Osiyoda demokratiyani rivojlantirish, qonun ustuvorligini mustahkamlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, konstitutsiyaviy sudlar mustaqilligini qo‘llab-quvvatlash, a’zo institutlar o‘rtasida konstitutsiyaviy odil sudlov sohasida tajriba va axborot almashish kabi vazifalarni o‘z oldiga qo‘ygan. Tashkilot safi yildan yilga kengayib bormoqda.

O‘zbekiston Osiyo Konstitutsiyaviy sudlari va ekvivalent institutlari assotsiatsiyasining asoschi a’zolaridan biri hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi 2025-yil noyabridan – 2027-yilgacha Assotsiatsiyaga raislik qilmoqda.

 

Inson huquqlari bo‘yicha

O‘zbekiston Respublikasi

Milliy markazining

matbuot xizmati

Nashr sanasi 02.10.2026 Ko'rishlar 223
Ulashish