Sayt xaritasi 00:00:00
Maslahat telefoni+998 71 239 13 58
Bizning manzilIslom Karimov ko'chasi 15 uy
Yangiliklar

INSON VA OILA, JAMIYAT VA DAVLAT OLDIDAGI MAS’ULIYATGA SADOQAT TIMSOLI

 (Murodulla Normurodovning Parlament va Ombudsman institutidagi ibratli faoliyatiga ayrim chizgilar)

 

Yurtimizda azaldan ilm-fan yuksak qadrlanadi va millatning zahmatkash, fidoyi olimlari – Xudoning beminnat ne’mati sifatida ulug‘lab kelinadi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’biri bilan aytganda, «Olimlik Alloh nurini solgan ulug‘ bir martaba. Bu martabadan jamiyatning butun vujudiga nur, ziyo tarqaladi. Olimlarning suhbatidan inson o‘ziga beqiyos ma’naviy boylik oladi, qalb kengliklarini, tafakkur teranligini his qiladi».

 

«Olimning yostig‘i – toshdan»

 

Davlatimiz rahbari ma’ruza va nutqlarida ilm-fan, ta’lim va olimlar mavzusiga Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining eng ustuvor yo‘nalishi sifatida alohida urg‘u berib keladi. Millat Sardori uqtirganidek, «Ilm-fansiz, ma’rifatsiz davlatning ham, jamiyatning ham kelajagi yo‘q». Faqat ilm va ma’rifat, intellektual salohiyat, har tomonlama bilimli kadrlar hisobidangina O‘zbekistonni yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqa olamiz.

Bugungi kunda jamiyatimiz va davlatimiz mamlakat hayotining barcha sohalarini rivojlantirishda, avvalambor, ilm-fanga tayanayotgani juda muhim. Negaki, ilm bo‘lmagan joyda baraka bo‘lmaydi, taraqqiyot bo‘lmaydi. Yanada e’tiborlisi, Yangi O‘zbekistonning yagona va yakdil xalqi o‘z oldiga strategik vazifa qilib qo‘ygan Uchinchi Renessans poydevorini faqat zamonaviy bilim va ilm-fanga ega bo‘lgan yoshlargina qura oladi.

O‘z navbatida, ilm-fan rivoji va barakasi olimlar va ularning mashaqqatli mehnati – tinimsiz izlanishlari, izchil ilmiy-nazariy tadqiqotlarining amaliy natijalari va samarador ilmiy kashfiyotlari bilan chambarchas bog‘liq. Binobarin, ulug‘ alloma ajdodimiz Mahmud Koshg‘ariy «Olimning yostig‘i toshdandir» degan hikmatni bejiz bitmagan. Shunday ekan, bu mashaqqatli sohada fidokorona mehnat qilayotgan olimlarimiz mehnati har qancha tahsin va rag‘batga munosibdir.

Shu ma’noda, o‘zlarining noyob kashfiyotlari, ilmiy ishlanmalari bilan hayotimizning turli soha va tarmoqlariga salmoqli miqyosda naf keltirayotgan fidoyi olimlar, ta’bir joiz bo‘lsa, igna bilan quduq qazib, yuksak marralarni zabt etayotgan zahmatkash ziyoli insonlar haqida o‘ylasam, albatta, Vatanimizning zabardast olimlari qatori professor Murodulla Tog‘ayevich Normurodovning nomi birinchilar qatorida xayolimga keladi.

Inson umrining qadri faqat yashalgan yillar bilan emas, balki jamiyat va davlat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, xalq manfaati yo‘lida amalga oshirgan ishlari, o‘zidan keyin qoldirgan ma’naviy va ilmiy merosi bilan o‘lchanadi. Shu ma’noda, professor Murodulla Normurodovning sakson yillik hayot yo‘li ilm-fan, ta’lim, davlat va jamoat ishlari, inson huquqlarini ta’minlash kabi bir-biri bilan uzviy bog‘liq yo‘nalishlarni qamrab olgan serqirra faoliyat namunasidir.

Murodulla Normurodov, avvalo, fizika-matematika fanlari doktori, professor, yirik olim va oliy ta’lim tashkilotchisi sifatida tanilgan. Biroq uning faoliyatini faqat aniq fanlar yoki oliy ta’lim sohasi bilan chegaralash to‘g‘ri bo‘lmaydi. Olimning hayot yo‘lida davlat boshqaruvi, parlamentarizm, fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirish, inson huquqlarini himoya qilish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish masalalari ham alohida o‘rin egallaydi.

 

Parlament faoliyati — xalqqa xizmat va demokratiya maktabi

 

Murodulla Normurodovning davlat-huquqiy faoliyatida parlament va vakillik organlaridagi ko‘p yillik ishtiroki muhim o‘rin tutadi. U 1999–2004-yillarda-O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi deputati, 2005–2014-yillarda-xalq deputatlari Qashqadaryo viloyati Kengashi deputati, 2005–2009-yillarda-O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi sifatida faoliyat ko‘rsatdi.

Ushbu davr mamlakatimizda milliy parlamentarizm va ikki palatali parlament tizimi shakllanib, davlat va jamiyat boshqaruvining huquqiy asoslari takomillashayotgan muhim tarixiy bosqichga to‘g‘ri keldi. Murodulla akaning ham mahalliy vakillik organi, ham Oliy Majlis, keyinchalik esa Senatdagi faoliyati uning davlat boshqaruvi jarayonlarida turli darajalarda izchil ishtirok etganini ko‘rsatadi.

Murodulla Normurodovning milliy parlament a’zosi, xalq vakili maqomidagi faoliyatini ko‘p yillik ilmiy-pedagogik va rahbarlik tajribasidan ajratgan holda tahlil etib bo‘lmaydi. Murodulla akaning Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti hamda Qarshi davlat universitetidagi rahbarlik faoliyati davomida orttirgan tajribasi viloyatda ta’lim, ilm-fan va ijtimoiy sohalarning real muammolarini bevosita bilish imkonini berdi.

Parlament tizimidagi uzoq yillik faoliyatim asnosida Murodulla Normurodovning senator va deputat sifatidagi amaliy faoliyatidan xabardorligim uchun ham, bu haqda to‘xtalishni lozim topdim. Birgina misol:  u kishi milliy parlament vakili sifatida Qashqadaryo viloyatidagi ta’lim muassasalari faoliyatini mustahkamlash, shahar va tumanlardagi obodonlashtirish ishlariga ko‘maklashish kabi jamoatchilik ishlarida ham faol qatnashganliklariga ko‘p bor guvoh bo‘lganman.

Murodulla Normurodovning siyosiy-huquqiy faolligi parlament saylovi va referendum jarayonlarida ham namoyon bo‘lganligi xususida muxtasar to‘xtalishni istardim. Gap shundaki, Murodulla aka-2001-yilda respublika referendumini o‘tkazuvchi Qashqadaryo viloyati okrugiga raislik qildilar.

Bu vazifa, o‘z mohiyatiga ko‘ra, fuqarolarning siyosiy huquqlarini amalga oshirish, qonuniylik, xolislik va tashkiliy mas’uliyatni ta’minlash bilan bevosita bog‘liq. Shu jihatdan Murodulla Normurodovning parlamentdagi va mahalliy vakillik organlaridagi faoliyatini uning keyinchalik inson huquqlarini himoya qilish sohasida olib borgan ishlarining muhim davlatchilik maktabi sifatida ham baholash mumkin, deb hisoblayman.

 

Inson qadri va inson huquqlari — oliy qadriyat

 

Murodulla Normurodovning inson huquqlari borasidagi faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili — Ombudsman instituti bilan bog‘liq faoliyati alohida ahamiyat kasb etadi. Murodulla aka ko‘p yillar davomida Ombudsmanning Qashqadaryo viloyatidagi vakili sifatida fuqarolar huquqlarini himoya qilish borasida faoliyat olib bordi.

Murodulla Normurodov qariyb-20-yil jamoatchilik asosida Qashqadaryo viloyati bo‘yicha mintaqaviy vakil bo‘lib ishlagan. Keyinchalik,-2022-yilda ushbu lavozimga doimiy asosda tayinlangan.

Bu faoliyat oddiy ma’muriy vazifa emas. Ombudsmanning mintaqaviy vakili — davlat organlari bilan fuqaro o‘rtasida inson huquqlarini ta’minlash nuqtayi nazaridan muloqot o‘rnatuvchi, murojaatlarni o‘rganuvchi, huquqlari cheklanishi mumkin bo‘lgan shaxslarning holatini joyiga chiqib tekshiruvchi muhim huquqni himoya qiluvchi institut vakilidir.

Ayniqsa, Murodulla Normurodovning jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalaridagi monitoring faoliyati inson huquqlarini himoya qilishning amaliy ko‘rinishi sifatida diqqatga loyiqdir. Monitoring asnosida domla «Ombudsman qutisi»da qoldirilgan mahkumlarning murojaatlarini o‘rganib, ularning har biri bilan yakkama-yakka suhbatlashgan. Yana bir qator mahkumlar uning shaxsiy qabulida bo‘lgan.

Monitoring davomida mahkumlarning yashash, ovqatlanish, tibbiy yordam olish va mehnat qilish sharoitlari o‘rganilgan. Muassasadagi ishlab chiqarish sexining ta’mirtalabligi va ayrim mahkumlarni yangi ustki kiyimlar bilan ta’minlash zarurati yuzasidan tegishli tavsiyalar berilgan.

Bu misollar mintaqaviy vakil faoliyatining mohiyatini yaqqol ko‘rsatadi: inson huquqlarini himoya qilish faqat qonun normalarini targ‘ib qilishdan iborat emas, balki insonning qadri va kundalik hayotiga bevosita ta’sir qiladigan sharoitlarni joyiga chiqib o‘rganish, uning murojaatini eshitish va aniqlangan muammolar bo‘yicha chora ko‘rilishiga erishishni ham taqozo etadi.

Huquq – insonga xizmat qilgandagina o‘z mazmun-mohiyatiga ega bo‘ladi. Yangi O‘zbekistonda barpo etilayotgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy davlatning mohiyati ham shunda: inson erkinlikdami yoki jazoni ijro etish muassasasidami — uning qonun bilan kafolatlangan huquqlari saqlanib qoladi. Davlat organlari esa ushbu huquqlarning amalda ta’minlanishi uchun mas’ul va javobgardir.

Shu nuqtayi nazardan, Murodulla Normurodovning faoliyatida huquq nazariyasi va hayot amaliyotining o‘zaro uyg‘unligini ko‘rib hamisha qoyil qolganman.  Inson huquqlari sohasidagi mavjud nazariy va amaliy tajribamdan kelib chiqib, Murodulla akaning Ombudsman institutida olib borgan faoliyati natijalari, sodda qilib aytganda, «besh» bahoga loyiq, deb bilaman.

Ya’ni, bunday ibratli hayot va faoliyat sohaning navqiron vakillari, umuman, yurtimiz yoshlari uchun o‘rganishga  va o‘rnak olishga munosib namuna maktabidir.

 

Jamoatchilik nazorati va fuqarolik jamiyati

 

Murodulla Normurodovning huquqiy sohadagi faoliyati faqat parlament yoki Ombudsman instituti doirasi bilan cheklanmaydi. Domla ijtimoiy-huquqiy masalalarni ilmiy va publitsistik jihatdan ham tahlil qilishga intiluvchan tom ma’nodagi ziyoli inson maqomida ham el-yurtimizga ma’lum va mashhur.

Murodulla akaning O‘zbekistonda fuqarolik jamiyatini shakllantirish, jamoatchilik nazorati hamda ijtimoiy boshqaruv tizimini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan kitoblari ijtimoiy fanlar vakillari orasida doimo katta qiziqish bilan kutib olinadi. Bu mavzularning o‘ziyoq muallifning davlat va huquq masalalariga qanchalik dolzarb nuqtayi nazardan yondashganini ko‘rsatadi.

Shaxs, jamiyat va davlat o‘rtasidagi munosabatlar — konstitutsiyaviy huquqning markaziy masalalaridandir. Fuqarolik jamiyati va jamoatchilik nazorati esa davlat organlari faoliyatining ochiqligi, hisobdorligi va inson manfaatlariga xizmat qilishini ta’minlashning muhim vositalari sanaladi.

Professor M.Normurodovning amaliy faoliyati bilan ushbu mavzular o‘rtasida ichki mantiqiy bog‘liqlik mavjudligi alohida e’tiborga molik, nazarimda. Bu o‘rinda, bir tomondan — parlament a’zosi sifatida davlat vakillik institutlaridagi faoliyat; ikkinchi tomondan — Ombudsmanning mintaqaviy vakili sifatida fuqarolar murojaatlari va inson huquqlari bilan ishlash; uchinchi tomondan esa — fuqarolik jamiyati, jamoatchilik nazorati va «shaxs — jamiyat — davlat» munosabatlari xususidagi ilmiy-ijtimoiy mushohadalarni kitob shaklida taqdim etish haqida so‘z bormoqda.

Shu ma’noda professor M.Normurodovning huquqiy merosi – nazariya va amaliyotning o‘zaro tutashgan nuqtasi sifatida noyob voqelikdir. Bu, o‘z navbatida, chuqur va atroflicha o‘rganish mavzusi, degani.

 

Parlamentdan — Ombudsmangacha:  inson qadriga xizmat qilgan yo‘l

 

Professor M. Normurodovning davlat va jamoatchilik sohasidagi faoliyatiga yaxlit nazar tashlansa, uning turli bosqichlari o‘rtasida muayyan izchillik mavjudligi ko‘rinadi. Ya’ni:

  • deputat sifatida — aholi manfaatlarini vakillik organlarida ifoda etish;

  • senator sifatida — davlat va hudud manfaatlarini parlamentning yuqori palatasi darajasida muhokama qilish jarayonlarida ishtirok etish;

  • mahalliy Kengash deputati sifatida — hududdagi ijtimoiy muammolar bilan bevosita ishlash;

  • Ombudsmanning mintaqaviy vakili sifatida — muayyan insonning buzilgan yoki ta’minlanishi lozim bo‘lgan huquqlari bilan ishlash.

  • Bularning barchasini birlashtirib turuvchi asosiy tushunchalar — inson qadri va inson manfaati.

Bu haqda fikr yuritganda, M. Normurodov mamlakatimizda Ombudsmanning mintaqaviy vakillik institutining shakllanishida ishtirok etgan professorlar va jamoat arboblari qatorida tilga olinishini ta’kidlash lozim. Yaxshi eslayman: mintaqaviy vakillar joylarda fuqarolar shikoyatlarini samarali hal qilish maqsadida prokuratura, ichki ishlar, adliya, sog‘liqni saqlash va kasaba uyushmalari organlari bilan hamkorlikda ishchi guruhlar tashkil etgan va bu kabi ishlarda Qashqadaryo namoyandasi Murodulla Normurodov o‘z tashabbuskorligi bilan ko‘pchilikka ibrat va namuna bo‘lgandi.

Aytmoqchimanki, Ombudsman mintaqaviy vakilligi instituti fuqaroning markaziy idoraga yetib borishini kutib turish emas, balki huquqni himoya qilish mexanizmlarini insonga yaqinlashtirish g‘oyasiga asoslangandi. M.Normurodovning Qashqadaryo viloyatidagi ko‘p yillik samarali faoliyati ana shu institutning hududlarda qaror topishi va amaliy mazmun bilan boyishi jarayonining uzviy bir qismi bo‘ldi.

Murodulla Normurodov tabiiy va aniq fanlar sohasidan yetishib chiqqan olim bo‘lishiga qaramay, uning davlat-huquqiy masalalarga qiziqishi tasodifiy emas. Olim uchun haqiqatni izlash qanchalik muhim bo‘lsa, jamiyat uchun adolat va qonuniylikni qaror toptirish ham shunchalik muhimdir.

Olimning parlament, mahalliy Kengash, Senat va Ombudsman institutidagi faoliyati bir-biridan ajralgan lavozimlar yig‘indisi emas, balki jamiyat hayotida faol ishtirok etishning turli shakllari sifatida namoyon bo‘ladi.

 

Sakson yillik umr — ilm, davlat va jamiyat xizmatida

 

Professor Murodulla Normurodovning-80-yillik hayot yo‘liga nazar tashlar ekanmiz, uning faoliyatida uch muhim yo‘nalish:

  • ilm-fan va ta’lim;

  • davlat boshqaruvi va parlamentarizm;

  • inson huquqlari va jamoatchilik xizmati bir-birini to‘ldirib kelganini ko‘ramiz.

Domla fidoyi olim sifatida ilmiy maktab yaratish va yosh avlodni tarbiyalashga, mohir rahbar sifatida oliy ta’lim muassasalarini rivojlantirishga, xalqchil deputat va senator sifatida vakillik organlari faoliyatiga, Ombudsmanning mintaqaviy vakili sifatida esa inson huquqlarini ta’minlash va fuqarolar manfaatlarini himoya qilishga munosib hissa qo‘shdi.

Murodulla Normurodovning hayot yo‘lini faqat taniqli olimning tarjimayi holi sifatida emas, balki ilmdan – davlat xizmatiga, parlamentdan – inson huquqlarini himoya qilishgacha bo‘lgan sermazmun fuqarolik yo‘li sifatida ham o‘rganish mumkin va zarur, deb bilaman.

Darvoqe, olimning teran falsafiy mazmun-mohiyat bilan sug‘orilgan ijod namunalari ham tahsinga loyiqdir. Xususan, «Hayot kuzatuvlaridan qaydlar»-(2009-yil), «Hayot hikmatlari»-(2011-yil), «Umrim sarhadlari» (2014) kabi falsafiy-badiiy kitoblari o‘z o‘quvchilarini allaqachon topganligi bu fikrni yaqqol isbotlaydi.

Muxtasar aytganda, el-yurtimizning jonkuyar farzandi Murodulla Normurodovning ilm-fan, ta’lim, parlamentarizm, inson huquqlari va fuqarolik jamiyati rivojiga bag‘ishlangan ko‘p yillik faoliyati yosh avlod uchun fidoyilik, fuqarolik mas’uliyati va Vatanga xizmat qilishning ibratli namunasi bo‘lib qolaveradi.

Fursatdan foydalanib, ustoz Murodulla akaga qutlug‘ tavallud sanasi munosabati bilan mustahkam sog‘liq, uzoq umr, oilaviy xotirjamlik va ma’naviy barkamollik tilayman.

 

Akmal Saidov,

akademik

«Qashqadaryo» gazetasining 2026-yil 8-oktyabrdagi №042(16076) soni

Nashr sanasi 08.10.2026 Ko'rishlar 114
Ulashish